Toshkent shahar Qoʻriqlash boshqarmasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Hamid Toshpoʻlatov ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Sanʼatkor mamlakatimizda sanʼatga berilayotgan eʼtibor soha xodimlariga tuganmas ilhom baxsh etayotgani, ayni paytda ular zimmasiga ulkan masʼuliyat yuklayotganini taʼkidladi. U sanʼat sohasiga kirib kelishi va bu borada erishgan yutuqlari haqida soʻzlar ekan, bugungi kunda yurtimizda yosh isteʼdod sohiblariga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini izohlab berdi. Shuningdek, u sanʼatning jamiyatdagi oʻrni, yoshlarni toʻgʻri yoʻlga yetaklashdagi ahamiyati haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.

Davra suhbatida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi, ijodkor bilan erkin muloqotda boʻlishdi. Uchrashuv soʻngida sanʼatkorga esdalik sovgʻalari topshirildi. Boshqarma rahbariyati bunday maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar xodimlar qalbida Vatanga sadoqat, xalqimizning tinchligi va farovonligi yoʻlidagi fidoyilik tuygʻularini yanada mustahkamlashini taʼkidladilar.