Qisqagina umri davomida nomi oʻzbek teatri tarixi zarvaraqlariga muhrlangan ilk oʻzbek aktrisasi Tursunoy Saidazimova 1911 yilda Toshkent shahrida dunyoga kelgan.
U oʻn toʻrt yoshida havaskorlar truppasiga qoʻshiladi. Oʻsha vaqtda hukumat tomonidan oʻzbek teatrini rivojlantirish maqsadida aktyorlar saboq olish uchun Moskvaga yuborilardi. Tursunoy Saidazimova ham 1924–1927 yillarda Moskva oʻzbek drama studiyasida oʻqiydi. 1927 yildan Oʻzbek drama truppasida aktrisalik faoliyatini boshlaydi. U koʻplab spektakllarda qoʻshiq ham kuylagan. Aktrisaning hamkasblari yoqimli ovozi uchun uni «Oʻzbek bulbuli» deb ham atashgan. Tursunoy Saidazimova dramaturg va shoir Hamza Hakimzoda Niyoziyning talabasi boʻlgan.
U qisqa umri davomida oʻzbek va chet el dramaturgiyasidan yorqin obrazlar yaratdi. Nikolay Gogolning «Revizor»ida Mariya Antonovna, Karlo Gotssining «Malikai Turandot» asarida Turandot, Karlo Goldonining «Ikki boyga bir malay» komediyasidagi Klariche obrazlarini misol tariqasida keltirish mumkin.
Tursunoy Saidazimova Gʻulom Zafariyning «Halima» musiqali dramasida Halima obrazini yaratish bilan oʻzbek musiqali sahna ijrochiligida yangi sahifa ochdi deyish mumkin. Afsuski, uning hayoti fojiali yakun topdi. 1928 yilda 17 yoshli aktrisa Buxorodagi gastrolʼ safari chogʻida oʻz turmush oʻrtogʻi tomonidan oʻldiriladi. Oʻlimidan soʻng Hamza Hakimzoda Niyoziy unga atab «Tursunoy marsiyasi»ni yozgan.
Sherzod ABDUSAMADOV tayyorladi.
