Fil bolasi tugʻilganda oyogʻiga kichikgina arqon bogʻlab qoʻyishadi. U necha marta urinmasin, bu arqonni uzib chiqolmaydi. Bir necha martalik urinishlardan samara topmagandan soʻng unda «arqonni uzish imkonsiz» degan fikr shakllanadi. Oradan yillar oʻtib, u fil ulgʻayganda ham oyogʻiga xuddi oʻsha kichik arqon bogʻlanadi. Endi u bir harakat bilan uni uzib tashlay oladi, lekin bunga hatto urinmaydi ham. Chunki bolaligida shakllangan «haqiqat» uning ongida chirmashib qolgan: bu arqonni uzish imkonsiz.

Hayotimiz ham xuddi shunday. Bolaligimizdan maktab, atrofdagilar va baʼzan ota-onalarimiz ham baʼzi narsalarni «imkonsiz» deb oʻrgatishadi. Buyuk maqsad qoʻyganimizda esa koʻpchilik ustimizdan kulishadi. Shuning uchun ulgʻayganimizda ham katta orzular haqida oʻylashdan qoʻrqamiz. Koʻp narsani imkonsizdek qabul qilamiz.

Ammo bir narsani unutmaslik kerak: agar maqsadingni aytganingda odamlarning katta qismi qoʻllab-quvvatlayaptimi — demak, sening maqsading juda kichik. Agar koʻpchilik seni tushunmasa, kulsa yoki ishonmasa — demak, sening maqsading buyuk. Chunki buyuk rejalarni oddiy insonlar tasavvur ham qila olmaydi.

Shuning uchun uzib tashlash mumkin boʻlgan «arqonlar»ni hayotingdan chiqar. Chunki chegaralar bor-yoʻgʻi ongingda. Sendan albatta buyuk inson chiqadi. Odamlar esa buni uddalaganingdan soʻng tan olishadi.

Goʻzal JAFAROVA

 tayyorladi.