Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Ona Vatanimiz oʻzining ilm-u tafakkuri, qoldirgan boy adabiy va ilmiy merosi bilan jahon tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ allomalari bilan maʼlum-u mashhurdir. Ular haqida soʻz ketganda, butun hayoti va faoliyatini Islom dini ravnaqi hamda rivojiga bagʻishlagan bobomiz Imom al-Buxoriyni birinchilardan boʻlib hurmat-ehtirom ila yodga olamiz.

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mugʻiyra ibn Bardazbeh al-Jufiy al-Buxoriy milodiy 810-yil 20-iyulda tavallud topgan. Imom Buxoriy bolaligidayoq otasi vafot etib, onasi tarbiyasida oʻsgan. U yoshligidan aql-idrokli, oʻtkir zehnli va maʼrifatga havasi kuchli boʻlib, ayniqsa, hadis ilmini katta qiziqish bilan oʻrganadi. Oʻn yoshidan Buxorodagi turli rivoyatchilardan eshitgan hadislarini, shuningdek, Abdulloh ibn Muborak va Vakiy kabi olimlarning hadis toʻplamlarini mutolaa qilib, yodlagan, ustozi Shayx Dohiliy bilan hadis rivoyatchilari haqidagi qizgʻin bahslarda ishtirok etadi.

825-yili Muhammad onasi va akasi Ahmad bilan Hijozga qarab yoʻl oladi, muqaddas shaharlar hisoblanmish Makka va Madinani ziyorat qilib, olti yil Hijozda yashaydi. Oʻsha davr ilm-fani markazlaridan hisoblangan Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bagʻdod shaharlarida yashab, mashhur olimlardan hadis bilan bir qatorda, fiqh ilmidan ham tahsil oladi, yetuk olimlar davrasida ilmiy bahs-munozaralarda qatnashib, ilm toliblariga saboq ham beradi.

Termizlik mashhur muhaddis Abu Iso at-Termiziy Imom Buxoriyga ham shogird, ham safdosh hisoblanib, ularning oʻzaro munosabatlari juda iliq boʻlgan. Uzoq yillar Sharqning turli mamlakatlariga safar qilganidan keyin umrining oxirida Imom Buxoriy (863–868-yillari) Nishopurda yashab, madrasada tolibi ilmlarga hadis ilmidan dars bergan. Oʻsha paytda Nishopur Sharqning eng yirik ilmiy markazlaridan biriga aylanganligi sababli koʻplab mashhur olimlar shu yerda toʻplangan edilar. Imom Buxoriy Imom Termiziy bilan ham aynan Nishopurda uchrashib qoladi. Ona diyorimizdan yetishib chiqqan mashhur ikki muhaddis oʻrtasida unutilmas, qizgʻin ilmiy bahslar, koʻpgina ijodiy, doʻstona uchrashuvlar boʻlib oʻtgan.

Imom Buxoriy nafaqat yirik olim, balki goʻzal xulq-odob sohibi boʻlgan. U zehni oʻtkirligi va yodlash qobiliyatining kuchliligi bilan xalq orasida gʻoyat katta shuhrat qozongan. Manbalarda Imom Buxoriyning 600 mingga yaqin hadisni yod bilgani qayd qilingani ham bu fikrlarning dalilidir.

Imom Buxoriy xorijdan qaytgach, oʻz vatani Buxoroda koʻplab shogirdlar va ulamolarga hadis ilmidan saboq berish bilan mashgʻul boʻlgan. Koʻpchilik uni hurmat qilgan, ammo tabiiyki, baʼzi hasadgoʻylarning xatti-harakati tufayli Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad az-Zuhaliy bilan Imom Buxoriy oʻrtasidagi aloqa buzilib qoladi. Shu sababli amir fitnachi, boʻhtonkor kishilarning gapiga kirib, Imom Buxoriyga shaharni tark etishini buyuradi. Shundan keyin Buxoriy Samarqandga qarab yoʻl oladi va bir muddat Xartang qishlogʻida oʻz shogirdlari va qarindoshlarinikida yashagandan keyin ogʻir kasallikka chalinib, (milodiy 870-yil 1-sentabrda) 60 yoshida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi.

Imom Buxoriy bizga boy va juda qimmatli ilmiy meros qoldirgan boʻlib, uning yozgan asarlari yigirmadan ortiqdir. Bunga misol tariqasida «Al-Jomeʼ as-Sahih», «Al-Adab al-Mufrad», «At-tarix as-sagʻir», «At-tarix al-avsat», «At-tarix al-kabir», «Kitob al-ilal», «Bir ul-volidayn», «Asomi us-sahoba», «Kitob al-kuna» va boshqalarni aytib oʻtish mumkin.

Buyuk allomaning eng mashhur asari, shubhasiz, «Al-Jomeʼ as-Sahih» hisoblanadi. Bu asar «Sahih al-Buxoriy» nomi bilan ham mashhurdir. Uning ahamiyatli jihati shundaki, Imom Buxoriygacha yashab oʻtgan aksar muhaddislar oʻz toʻplamlariga eshitgan barcha hadislarni tanlab oʻtirmay kiritaverganlar. Imom Buxoriy esa har bir hadisni eshitib yozib olishdan oldin uning roviylarini kimligiga, taqvosiga, shariatga amal qilish-qilmasligiga hamda diniy va dunyoviy adolatiga juda qattiq eʼtibor bergan. Rivoyat qilishlaricha, Imom Buxoriyga notanish boʻlgan bir hadis yetib kelibdi. Uning roviysi esa Imom Buxoriyning turgan joyidan boshqa yerda ekan. Imom Buxoriy shu hadisni sanadini va sahihligini u roviydan soʻrab bilish uchun uzoq masofani bosib, uning uyiga kelgan ekan. Ammo bu roviyni dalaga, oʻziga tegishli boʻlgan yerga chiqib ketganini aytadi. Imom Buxoriy uning dalasiga yoʻqlab borsa, qochib ketgan otini ushlab olish uchun etagini qayirib, xuddi yem solingandek koʻrsatib, otni chaqirayotgan ekan. Imom Buxoriy: «Bu inson tilsiz jonivorni aldab turibdi, undan nimani kutish mumkin», deya undan hadis tinglamasdan ortiga qaytib ketgan ekan.

Keyinchalik boshqa olimlar ham unga taqlid qilib, shu zaylda ha­dislar toʻplamini yaratganlar. Imom Buxoriyning ushbu yirik asari yozilganiga taxminan 1200 yil boʻldi. Oʻsha davrdan boshlab shu vaqtgacha u Islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba hisoblanadi. Imom Buxoriyning ushbu asari dunyoning koʻplab shaharlariga tarqalgan.

Toʻplamning 1325-yilda koʻchirilgan sakkiz jilddan iborat goʻzal bir nusxasi hozir Istanbulda saqlanmoqda. «Al-Jomeʼ as-Sahih»ga koʻpgina sharhlar bitilgan boʻlib, muhim manba sifatida qayta-qayta nashr ham qilingan. Imom Buxoriyning toʻplamlariga kiritilgan hadislar faqat Islom taʼlimotiga tegishli umumiy qoidalarni aks ettirish bilan cheklanib qolmaydi. Ular mehr-muhabbat, saxiylik, ochiqkoʻngillik, ota-onaga, ayollarga va kattalarga hurmat, yetim-yesirlarga muruvvat, faqir-bechoralarga himmat, Vatanga muhabbat, mehnatsevarlik va halollikka daʼvat etish kabi haqiqiy insoniy fazilatlar va namunali tartibotlar majmuasidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqlarida:

«Markaziy Osiyo Uygʻonish davrining koʻplab yorqin namoyandalarining Islom va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman. Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy oʻz ahamiyatiga koʻra islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan «Sahihi Buxoriy»­ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan. Bu ulugʻ zotning gʻoyat boy merosini asrab-avaylash va oʻrganish, maʼrifati Islom toʻgʻrisidagi taʼlimotini keng yoyish maqsadida biz Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qildik» degan Imom Buxoriyni va u kishi bizlarga qoldirgan ulugʻ maʼnaviy merosni asrab-avaylash hamda oʻrganish, shuningdek, yosh avlod vakillariga oʻrgatish borasidagi taʼkidlari bugungi kunda dinimiz mohiyatini toʻgʻri tushunish hamda uning gʻoya va taʼlimotlarini xalqimizga toʻgʻri yetkazishda katta ahamiyat kasb etadi.

Kezi kelganda taʼkidlash lozimki, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yilda faoliyatini boshlagan mazkur Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi musulmon dunyosi buyuk mutafakkirlarining boy merosi, ularning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasi va ilm-fan taraqqiyotida tutgan oʻrnini chuqur tadqiq etish va keng targʻib qilish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo munosabatlarda bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, tinch-totuv hayotga intilish kabi dinimizning asl qadriyatlari va madaniyatini toʻgʻri anglash va ularni sadoqat ruhida tarbiyalash, xalqaro miqyosdagi hamkorlik hamda oʻzaro muloqotni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.

Markaz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlarning ulkan ilmiy va diniy merosini oʻrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish orqali xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib qilish, ushbu mavzularga doir ilmiy tadqiqotlarni tizimli tashkil etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish singari dolzarb vazifalarni amalga oshirib kelayotir. Shuningdek, «Jaholatga qarshi – maʼrifat» gʻoyasi asosida Islom diniga nisbatan sodir etilayotgan asossiz xurujlarning oldini olish, diniy aqidaparastlik, mutaassiblik, ekstremizm, missionerlik, soxta tariqatlar va jamoalarning maqsadlari, gʻoyaviy-aqidaviy negizlari, zamonaviy koʻrinishlari va faoliyat usullarini oʻrganish va ularga qarshi kurashning ilmiy-maʼrifiy asoslarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qoʻllash uchun tavsiya etishda ham markaz jamoasi xayrli ishlarni amalga oshirmoqda.

Xulosa oʻrnida aytish lozimki, Vatanni sevish, ilm-hunar sirlarini egallash, omonatga xiyonat qilmaslik, halollik va rostgoʻylik kabi insoniy fazilatlarni ulugʻlovchi hadislar necha asrlar oʻtsa-da, qimmatini yoʻqotmay, aksincha hayotimizda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

 

Sherzod ABDUSAMADOV tayyorladi.