Yangilanayotgan Konstitutsiya
Maʼlumki, joriy yilning 30 aprelida «Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunini loyihasi boʻyicha referendum oʻtkaziladi.
Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasining 50-moddasi oltinchi qismida taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiyani taʼminlash kafolatlanishi koʻzda tutilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, alohida taʼlim olishga muhtoj boʻlgan shaxslarning inklyuziv taʼlim olishini doimiy kafolatlash majburiyatini davlat oʻz zimmasiga olishini anglatadi.
Bundan koʻzlangan maqsad yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyilini amalga oshirish orqali, aholining yordamga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, nogironligi boʻlganlarni qoʻllab-quvvatlashdir. Shu tariqa ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari taʼminlanadi, himoya qilinadi. Shuningdek, taʼlim muassasalari sharoitlarini imkoniyati cheklangan bolalarning manfaatlarini hisobga oladigan darajada yaxshilash orqali nogironligi boʻlganlar uchun barcha darajadagi taʼlim va kasbiy-texnik tayyorgarlikdan teng foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari boʻlgan 21 230 nafardan ziyod bola uchun respublikamizda 90 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, yengil darajadagi nogironligi boʻlgan 18 000 nafarga yaqin oʻquvchilar maktablarda sogʻlom bolalar bilan birgalikda oʻqishmoqda.
Mamlakatimiz aholisi soni yildan yilga koʻpayayotgan bir paytda, afsuski, nogironligi boʻlgan bolalarimiz soni ham ortib bormoqda. Ular ham sogʻlom bolalar kabi umumiy oʻrta taʼlim olish huquqiga ega. Buning uchun nogironligi boʻlgan bolalarimizga zarur shart-sharoitlar yaratilishi kerak. Jumladan Brayl yozuvidagi darsliklar, surdo tarjimon oʻqituvchilar boʻlishi shart. Agar tegishli sharoitlar yaratilmasa, ushbu toifadagi bolalarning huquqi kamsitilishiga olib keladi.
Yurtimizda bunday bolalar uchun tegishli shart-sharoitlar yaratilishi va yengil darajadagi nogironligi bor bolalar sogʻlom bolalar bilan birgalikda oʻqishi taʼminlanishi zarur. Bu masalaning Asosiy qonunimizda kafolatlab qoʻyilishi ayni muddao boʻladi. Negaki, nogironligi boʻlgan bola ham yurtimiz farzandi. Xulosa qilib aytganda, amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlardan inson qadrini ulugʻlash va yuksaklikka koʻtarishdek ezgu maqsad koʻzlangan.
Ilhom SUVANOV,
falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori(PhD).
