Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Huquqqa qarshi qaratilgan jinoyat koʻrinishlaridan biri hisoblangan qiynoq shaxsning jismoniy va ruhiy daxlsizligi, shaxsiy xavfsizligiga tajovuz qiladi. Shuning uchun ham 1948-yil 10-dekabrda xalqaro hamjamiyat «Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi»ni qabul qilish orqali qiynoq yoki shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlarini qoʻllashni taqiqladi.

 

Deklaratsiyaning 5-moddasida «Hech kim azob-uqubatga yoki vahshiylarcha, insonlikka isnod boʻlgan yoki qadr-qimmatni xoʻrlaydigan muomala va jazoga mustahiq boʻlmasligi kerak» – degan qoida mustahkamlandi.

«Qiynoqqa solish» tushunchasiga huquqiy taʼrif ilk bor BMTning Bosh Assambleyasi tomonidan 1975-yil 9-dekabrda qabul qilingan «Hamma shaxslarni qiynoqlardan, boshqa qattiq, shafqatsiz yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlari­dan muhofaza qilish toʻgʻrisida»gi deklaratsiyada berilgan.

 Ushbu deklaratsiyada «Qiynoq­qa solish» tushunchasining mazmuni xususidagi turli xil qarashlar rivojlantirilgan va 1-moddasida u «Rasmiy shaxs tomonidan yoki uning koʻrsatmasiga binoan, insonga undan yoki uchinchi shaxsdan axborot yoki iqrorlik koʻrsatuvlari olish, u sodir etgan yoki sodir etganlikda gumon qilinayotgan harakatlar uchun uni jazolash yoinki uni yoki boshqa shaxslarni qoʻrqitish maqsadida bila turib kuchli ogʻriq yoxud jismoniy yoki aqliy azob-uqubatlar yetkazishga qaratilgan har qanday harakat», deb taʼriflangan.

1984-yil 10-dekabrda BMT tomonidan qabul qilingan «Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi» konvensiyaning 1-moddasida esa, qiynoq quyidagicha taʼriflanadi: «Biron-bir shaxsga qasddan yetkaziladigan kuchli jismoniy yoki ruhiy ogʻriq yoxud azob, undan yoki uchinchi shaxslardan maʼlumot yoki iqrorlikni qoʻlga kiritish uchun, u yoki uchinchi shaxs sodir etgan yoki sodir etishda gumon qilinayotgan qilmish uchun jazolash, shuningdek, uni yoki uchinchi shaxslarni qoʻrqitish yoki majburlash yoinki diskriminatsiyaga asoslangan har qanday sabablarga koʻra sodir etilgan har qanday harakatlar boʻlib, bunda ushbu harakatlar davlat mansabdor shaxslari yoki rasmiy ravishda namoyon boʻluvchi boshqa shaxslar yoki ularning undovi bilan yoxud ularni xabardor etgan holda yoinki ularning roziligi bilan sodir etiladi».

Masalan, xorijiy mamlakatlardagi xususiy qamoqxonalarda qamoqxona xizmatchisi tomonidan qiynoqqa solinish holati yuz bersa, xususiy qamoqxona xizmatchisi Qiynoqqa qarshi konvensiyaning 1-moddasidagi «davlat mansabdor shaxslari yoki rasmiy ravishda namoyon boʻluvchi boshqa shaxslar» jumlasidagi subyektlar doirasiga tushadimi yoki yoʻqmi, degan savol tugʻiladi. Fikrimizcha bunday shaxslar ham qiynoqqa solish jinoyatining subyekti boʻlishi kerak.

Yuqorida qayd etganimizdek, qiynoqning subyekti sifatida xalqaro huquq normasida davlat mansabdor shaxslari yoki rasmiy ravishda namoyon boʻluvchi boshqa shaxslar qayd etilgan.

Xalqaro-huquqiy hujjatlarda mansabdor (rasmiy) shaxs umumiy tushunchasiga taʼrif berilgan boʻlmasa-da, xalqaro huquqda ayrim turdagi mansabdor shaxslar tushunchalariga berilgan sharhlarga duch kelish mumkin. Masalan, Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxslarning xulq-atvor kodeksining 1-moddasiga berilgan sharhga muvofiq «Huquqiy tartibotni saqlash boʻyicha mansabdor shaxs» atamasi huquqni qoʻllash bilan bogʻliq boʻlgan tayinlanadigan yoki saylab qoʻyiladigan, ichki ishlar organlari vakolatlariga, ayniqsa, huquqbuzarlarni ushlash vakolatlariga ega mansabdor shaxslarning barchasini oʻz ichiga oladi.

Taʼkidlash lozimki, qiynoqqa solish tarzidagi harakatlar ishtirokchilikda mansabdor boʻlmagan shaxslar tomonidan ham sodir etilishi mumkin, basharti bu harakatlar:

– mansabdor shaxsning koʻrsatmasiga binoan, yaʼni subyekt mazkur shaxs tomonidan qiynoqqa solishni sodir etishga jalb qilinishi natijasida;

– mansabdor shaxsni xabardor etgan holda, yaʼni mansabdor shaxs qiynoqqa solishning qoʻllanilishi toʻgʻrisida zaruriy axborotga toʻliq hajmda ega boʻlgan sharoitda;

– mansabdor shaxsning roziligi bilan bajarilgan, yaʼni mansabdor shaxs qiynoqqa solishni sodir etishga qarshilik qilmagan yoki bunga monelik qiluvchi omillarni bartaraf etgan boʻlsa.

Bundan tashqari, xalqaro konvensiya talabi hamda quyida keltirilgan xorijiy davlatlar jinoyat kodeksi boʻyicha har qanday shaxs qiynoqqa solish jinoyati subyekti boʻlishi belgilangan. Masalan, sodir etgan qilmishi uchun tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini oʻtayotgan shaxsga nisbatan qiynoqqa solish holatlari shifokor tomonidan qoʻllanilsa, shifokor qiynoqqa solganlik boʻyicha javobgarlikka tortiladi. Bu esa, oʻz navbatida, qiynoq­qa solish jinoyatining jabrlanuvchi doirasini Qiy­noqqa qarshi konvensiya qoidalari asosida takomillashtirilishi zarurligini koʻrsatadi.

2018-yilning 4-aprel kunidagi «Sud-tergov faoliyatida fuqarolar­ning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun bilan Jinoyat kodeksining 235-moddasiga oʻzgartishlar kiritildi hamda qiynoq uchun javobgarlikka oid normalar takomillashtirildi. Jumladan, qiynoqqa solish jinoyatining subyekti doirasi kengaytirildi.

Ilgari jinoyat subyektlari, yaʼni qiynoqqa solganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin boʻlgan shaxslar doirasi chegaralangan edi. Yaʼni, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, huquqni muhofaza qilish organining, jazoni ijro etish muassasasining boshqa xodimi qiynoqqa solish jinoyatining subyekti hisoblanardi. Jinoyat kodeksiga kiritilgan yangi oʻzgartishga koʻra, endilikda huquqni muhofaza qiluvchi organning yoki boshqa davlat organining xodimi tomonidan yoxud uning dalolatchiligida yoki xabardorligida yoxud indamay bergan roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan sodir etilishiga oid norma kiritilishi natijasida qiynoqqa solish jinoyati subyektlari doirasi kengaytirildi.

Xorijiy mamlakatlar Jinoyat kodekslari tahlil qilinganda, qiynoqqa solish jinoyatining subyekti borasida yagona yondashuv yoʻqligini koʻrishimiz mumkin. Fikrimizcha, garchi Qiynoqqa solishga qarshi konvensiyada jinoyat subyektlari koʻrsatilgan boʻlsa-da, Konvensiyada qoʻllanilgan «Rasmiy ravishda namoyon boʻluvchi boshqa shaxslar» jumlasini bir xil qoʻllash boʻyicha tushuntirish yoki normativ taʼrif boʻlmaganligi uchun davlatlarning jinoyat qonunchiligida turlicha yondashuv mavjudligini koʻrishimiz mumkin.

Bundan tashqari, Qiynoqqa solish jinoyatining jabrlanuvchilari doirasi BMTning Qiynoqqa qarshi konvensiyasida chegaralanmagan. Yaʼni, har qanday shaxs jabrlanuvchi boʻlishi mumkin. Shuningdek, jinoyat subyektlari qatorida mansabdor shaxslar boʻlishini inobatga olsak, qiynoqqa solish jinoyati bilan mansabdorlik jinoyatlarini, jumladan, hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyati bilan aniq farqini belgilashda muammolar yuzaga keladi. Shu munosabat bilan tergov va sud amaliyotida ham, baʼzida qiynoqqa solish bilan bogʻliq jinoyatlar dastlab hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish jinoyati boʻyicha ish qoʻzgʻatilganligini koʻrishimiz mumkin.

Xalqaro konvensiyada bu boradagi aniq chegara yoki tushuntirish keltirilmagan. Jinoyat subyekti sifatida Jinoyat kodeksi normalarini huquqni qoʻllash amaliyotida turlicha sharhlashga sabab boʻluvchi hamda tergov va sudning subyektiv fikriga qarab talqin qilinadigan holatlar yuzaga kelmasligi uchun xalqaro konvensiya normalarida aks etgan qoidalarning mezonlarini aniqlash muhim hisoblanadi.

Fikrimizcha, qiynoqqa solish jinoyatining mansabdorlik jinoyatlari oʻrtasidagi aniq farq bu jabrlanuvchining muayyan maʼnoda oʻz erkinligi va huquqlarini amalga oshirishda cheklanganligi bilan, jinoyat subyekti tomonidan koʻproq muayyan huquqbuzarlikni sodir etganligi uchun iqrorlik koʻrsatuvi olish yoki oʻzboshimchalik bilan jazolash kabilarda namoyon boʻladi. 

 

Mahmudxoʻja ASATULLAYEV,

Toshkent shahar IIBB Tashkiliy boshqarma YUTB katta yuriskonsulti,

kapitan.