Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Har yili 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida keng nishonlanadi. Chunki BMT Bosh Assambleyasining 1948-yili aynan shu kundagi rezolyutsiyasiga muvofiq, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur hujjatda har bir insonning irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy va boshqa eʼtiqodlaridan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mol-mulki, tabaqasi yoki boshqa holatidan qatʼi nazar, ajralmas huquqlari eʼlon qilingan.

«Inson qadri» tushunchasi – insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari har tomonlama taʼminlanishini ham oʻzida qamraydi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 1-moddasida qayd etilganidek, «Hamma odamlar oʻz qadr-qimmati hamda huquqlarida erkin va teng boʻlib tugʻiladilar». Konstitutsiyamizning 13-moddasiga koʻra, «Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi».

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan «Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin boʻlmasin, qancha mablagʻ va imkoniyat talab etilmasin, Oʻzbekistonning bironta fuqarosi oʻz holiga tashlab qoʻyilmaydi», degan shior hayotimiz qoidasiga, prinsipiga aylandi. Avvalo, inson qadri tiklandi. Inson huquqlari taʼminlandi. Soʻz erkinligi, matbuot erkinligi borasidagi barcha toʻsiqlar olib tashlandi. Muqaddas dinimizga nisbatan salbiy qarashlarga barham berildi. Diniy eʼtiqod uchun taʼqiblar tugatildi. Tarixda ilk bor nohaqdan ayblanganlar oqlandi. Sud-huquq islohotlari oʻtkazildi. Qiynoqqa solish, jazo muddatini sunʼiy uzaytirishga butunlay chek qoʻyildi. Mamlakat qamoqxonalarida yigirma, yigirma besh, oʻttiz yil davomida yotgan mahbuslar ozodlikka chiqarildi. Xalqimizga mehr-oqibat, insoniylik, ahillik, asosiysi, qadr tuygʻusi qaytdi.

Oʻzbekiston jahon minbarlaridan ilgari surgan xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama taʼminlashga, bir soʻz bilan aytganda, «Inson qadri uchun» degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarishga qaratilgani uchun xalqaro hamjamiyatning eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Bu fikrimizni 2017-yil sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Oʻzbekiston Prezidenti ilgari surgan tashabbuslar asosida soʻnggi yillarda BMT Bosh Assambleyasining 5 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani yaqqol isbotlab turibdi. BMTning 75 yillik butun tarixi davomida muayyan bir shaxsning tashabbusi bilan shuncha rezolyutsiya qabul qilinishi tajribasi kuzatilmagan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oʻzbekiston «huquqiy davlat» degan tamoyil ham qatʼiy qilib belgilanib, inson huquq va erkinliklari borasidagi normalar koʻpaytirildi. Xususan, unda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilandi. Inson va davlat organlari oʻrtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy taʼsir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib boʻlishi kerakligi belgilandi. Shuningdek, Konstitut­siya­da insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirildi. Jumladan, shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turish mumkin emasligi, odamlarning huquq va erkinliklarini cheklash bilan bogʻliq barcha harakatlarga faqat sud qarori asosida yoʻl qoʻyilishi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning «sukut saqlash» huquqi mustahkamlandi. «Inson qadri uchun» tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon boʻlishi shartligi belgilab qoʻyildi.

Albatta, har bir insonning qadrlanishi oʻsha el-yurt baxtini, saodatini belgilaydi. Xalq bilan muloqot tizimining yoʻlga qoʻyilganligi, mantiqsiz «propiska» tizimining tubdan isloh qilinishi, davlat xizmatlarini koʻrsatishda eksterritoriallik prinsipining joriy etilganligi, mansabdorlarning doimiy hisobot berib borishi, ular faoliyatining ochiqligini taʼminlashga qaratilgan talablarning belgilanganligi, majburiy mehnatga barham berilib, aholining qanchadan-qancha mushkuli osonlashgani kabi bir qator misollar fikrimiz dalilidir.

Keyingi davrda yangilangan «Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida»gi qonunga muvofiq, mamlakatimizda kamida 15 yil davomida yashab turgan va doimiy yashash joyida roʻyxatdan oʻtgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga toʻgʻridan toʻgʻri fuqarolik berilishining yangi tartibi oʻrnatildi. 

Bundan tashqari, BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari boshqarmasining 2024-yilgacha fuqarosizlikka barham berish boʻyicha Global harakatlar rejasiga koʻra, Oʻzbekistonda tugʻilish holatlarini yalpi roʻyxatga olishni taʼminlash maqsadida chaqaloqlarni, shu jumladan, hujjatlari mavjud boʻlmagan ota-onalardan tugʻilgan bolalarni rasmiylashtirish amaliyotiga oʻzgarishlar kiritilgan.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy hayotining barcha sohalarida ijobiy islohotlar amalga oshirilayotgani, eng muhimi, ana shu shiddatli oʻzgarishlarning markazida insonning asosiy huquqlari va erkinliklarini taʼminlash masalasi turgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Xususan, mamlakatda gender tenglikka erishish, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar sonini kamaytirish, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, soʻz erkinligini taʼminlash borasida muhim yutuqlar qoʻlga kiritilgani yuqori baholanmoqda. Ayniqsa, Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy islohotning ustuvor tamoyillari va gʻoyalari BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarining «Hech kimni ortda qoldirmaslik» shiori bilan hamohang ekanligi jahon afkor ommasi tomonidan alohida eʼtirof etilmoqda.

Yaqinda Prezidentimizning Ichki ishlar organlari va faxriylariga yoʻllagan bayram tabrigida «Hozirgi kunda «Barcha islohot va oʻzgarishlar – inson qadrini ulugʻlash uchun» degan ezgu tamoyil asosida butun yurtimizda fuqarolarimiz uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish, aholining turmush farovonligini oshirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirilmoqda», deb qayd etishi ham yuqoridagi fikrlarimiz tasdigʻidir.

Albatta, ichki ishlar organlari xizmatining asl maqsadi ham inson qadrini ulugʻlashga, uning tinch hayotini taʼminlashga qaratilgan. Prezidentimiz ichki ishlar organlari xodimlari va faxriylariga bayram tabrigida: «Misol uchun, Buyuk Britaniyaning Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan oʻtgan yili eʼlon qilingan reyting koʻrsatkichlari boʻyicha Oʻzbekiston jahonning 121 ta mamlakati orasida eng xavfsiz davlat deb tan olindi. Bunday yutuq bizga mamnuniyat bagʻishlash bilan birga, katta masʼuliyat ham yuklaydi», – deya taʼkidlagan edilar. Bu – kecha-yu kunduz tinim bilmay xizmat qilayotgan xodimlar mehnatiga berilgan yuksak baho hamdir.

Xullas, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar insonlar hayotini, dunyoqarashini hamda turmush tarzini oʻzgartirmoqda.

 

Shuhrat Roʻziyev,

oʻz muxbirimiz.