Kompyuter texnologiyasining ajib moʻjizasi boʻlmish internet kurrai zaminni yagona kibermakonga aylantirdi. Uning qator ijobiy jihatlari borligini inkor etmagan holda, ayrim salbiy jihatlaridan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Yaʼni, bugun jamiyat xavfsizligi va barqaror­ligiga tahdid soluv­chi misli koʻrilmagan yangi-yangi xavflar paydo boʻlmoqda. Internet orqali amalga oshiriladigan axborot xurujlarining oldini olish juda mushkul. Shundan foydalangan ayrim kimsalar oʻz gʻarazli maqsadlarini internet orqali amalga oshirishi ommaviy tus olmoqda.

Axborot xurujining asosiy xususiyatlari:

 omma va yakka shaxslar­ning onglari axborot xurujining obyekti hisoblanadi. Qaror qabul qilish vakolatiga ega shaxslarga koʻproq tazyiq oʻtkazishga harakat qilinadi;

 axboriy taʼsir har xil mashmashalar va mavjud axborot boʻshliqlari orqali amalga oshiriladi;

 yot maqsadlar zoʻrlab oʻtkaziladi;

 axboriy taʼsir buzib koʻrsatilgan fakt­larni oʻz ichiga olishi yoki taʼsir oʻtkazuvchiga maqbul emotsional holatni zoʻrlab oʻtkazishi mumkin.

Axborot quroli

Keng maʼnoda – raqibni ke­rakli yoʻnalishda fikrlashga undaydigan, uning nuqtai nazarini oʻzgartirishga qodir boʻlgan va kerakli axborot yordamida amalga oshiriladigan harakatlardir.

Tor maʼnoda – raqibning axborot zaxiralari ustidan nazoratni taʼminlaydigan va uning telekommunikatsiya tizimlariga zarar yet­kazadigan texnikaviy usullar va texnologiyalar.

Axborot qurolining asosiy xususiyatlari

 yashirin xarakterga egaligi (urush eʼlon qilmasdan maqsadga erishish);

 keng koʻlamda zarar yetkazishi;

 koʻplab sohalarda, yaʼni raqibning harbiy va noharbiy tuzilmalari tomonidan qoʻllanishi.

Axborot qurolining 

turlari

 axborotni yoʻq qilish, buzish yoki oʻgʻirlash;

 axborot himoya vositalarini sindirish;

 ruxsat etilgan foydalanuvchilarga kerakli axborot resurslariga kirishni cheklash;

 raqibning texnik va dasturiy vositalari faoliyatini ishdan chiqarish.

Axborot texnologiyalarining tezkorlik bilan rivojlanib borishi natijasida boshqarish va saralash ancha mushkul boʻlgan axborot oqimi vujudga kelmoq­da. Axborot sohasidagi globallashuv oʻziga xos kurash maydoniga aylangan. Hozirgi paytda jahonda 20 ga yaqin davlatda yadro quroli ishlab chiqarish harakatlari davom etayotgan boʻlsa, 120 ga yaqin mamlakatda «axborot xuruji» uyushtirilayotgani tashvishli holdir. Bu axboriy tajovuzlar millat ruhiga, insoniyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatishi turgan gap.

Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalari hamda kommunikatsiya texnologiyalarining rivoji hozirgi davrdagi gʻoyaviy kurashlarga ham qulay imkoniyatlarni yaratmoqda. Jumladan, tarqatilayotgan axborotlar oqimining qaysidir bir kuchning manfaatdorligi nuqtai nazaridan axborot isteʼmolchilariga yetkazi­lishi yoxud ataylab qarama-qarshi xarakterdagi maʼlumotlarni poyma-poy uzatish orqali odamlarning idrokini susaytirishga intilish kabi xatti-harakatlar yaqqol namoyon boʻlmoqda.

Bugun jamoatchilikni xavotir va tashvishga solib kelayotgan muam­molardan biri, shubhasiz, milliy axborot makonimizga maʼnaviy qadriyatlarimizga, barkamol avlodni tarbiyalashdek ezgu gʻoyamizga mutlaqo zid boʻlgan nosogʻlom manfaatlar, qarama-qarshiliklar taʼsiridagi oqim va undagi muttasil oʻzgarishlarning kirib kelayotganidir.

Mafkuraviy tahdidlar, «axborot xuruji» avvalo fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlar dunyoqarashiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, jamoatchilik fikrini chalgʻitadi. Bu oʻz navbatida yurt osoyishtaligiga va jamiyat barqaror­ligiga putur yetkazadi. Bilintirmay ongga taʼsir koʻrsatadigan axborot shaxs, oila va jamiyatni oʻz komiga tortaveradi. Davlat taraqqiyotiga, birinchi galda, maʼnaviy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy yuksalishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Demak, axborot qanday maq­sadda tarqatilganini, uning ijobiy yoki salbiy, foydali yoki zararli jihatlarini farqlash uchun odamlar ongi hamda maʼnaviyati yuksak darajada boʻlishi lozim.

Shaxsga nisbatan qilingan xuruj tor doirani qamrab olsa, davlat va jamiyatga tahdid butun bir mamlakat, xalq tinchligini xavf ostiga qoʻyadi. Bu juda katta va jiddiy muam­molarni yuzaga keltirishi mumkin.

Xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali tarqatiladigan baʼzi axborotlar orqali odamlar ongini manipulyatsiya qilishga harakat qiladigan kuchlar talaygina. Ular fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongini zaharlashda turli usullardan foydalanadilar. Aytaylik, siyo­siy latifalar, mish-mishlar, uydirmalar, taniqli shaxslarni obroʻsizlantirish, atay mantiqiy xatolarga yoʻl qoʻyish, soxta reyting va soʻrovlar oʻtkazish, qayta-qayta takrorlab majburiy ishon­tirish, suratlarni montaj qilish, atay yolgʻon gaplarni tarqatish orqali qiziquvchan va ishonuvchan yoshlar ongini zabt etishga harakat qilinadi.

Aynan shu taraqqiyot vositasidan ustomonlik bilan foydalanib, qalblarni zabt etishda diniy omilning roli yuqori. Shuning uchun ham turli ekstremistik va terrorchi uyushmalar oʻz gʻoyalarini targʻib qilishda internetni eng samarali vosita sifatida qoʻllamoqda.

Bunda ekstremistik oqimlar oʻz maqsadlarini amalga oshirish uchun zamonaviy axborot kommunikatsiyalaridan keng foydalanib, internet orqali turli tillarda targʻibot olib borib, puxta ishlangan strategiya asosida virtual jamoatlar tuzishni oʻzlarining asosiy vazifasiga aylantirishgan.

Hech kimga sir emaski, bugungi kunda aksariyat yoshlarning qoʻlida internetga ulangan zamonaviy uyali aloqa vositalari mavjud. Bu ularning yuqorida sanab oʻtilgan turli ijtimoiy tarmoqlarga bevosita ulanish, doʻstlari va tanishlari bilan uzluksiz muloqot qilish imkonini beradi. 

Axborot xurujlariga qarshi kurashning samarali yoʻllaridan biri – mamlakat oʻzini oʻzi axborot bilan taʼminlashidir. Albatta, bunday axborot toʻliq, sifatli va haqqoniy boʻlishi shart, aks holda jamiyat aʼzolari yana xorijiy manbalarga murojaat etishlari aniq.

Buning uchun, eng avvalo, Oʻzbekistonda ijtimoiy tarmoq­larni rivojlantirish boʻyicha yirik milliy loyihani yaratish zarur. Shuningdek, davlat idoralari, fuqarolik institutlari, jamoat tashkilot­larining ijtimoiy tarmoqlarda muntazam muloqotda boʻlishlariga erishish, internet tarmogʻini milliy qadriyat va anʼanalarimizni oʻzida aks ettiruvchi veb sahifalar bilan boyitish, taʼlim muassasalarini internet tarmogʻiga ulashda odob-axloq qoidalariga muvofiq boʻlmagan veb sahifalardan foydalanishga cheklovlarni joriy etish, yoshlarda axborot resurslaridan foydalanish madaniyatini shakllantirish darkor.

Xulosa qilib aytganda, kelajagimiz vorislarini mustaqil fikrlaydigan, axborotni farqlay oladigan insonlar boʻlib yetishishida olib borayotgan tarbiyaviy ishlarimizni yanada kuchaytirish zarur. Shu bilan birga, rivojlangan davlatlar amaliyotidan kelib chiqib, axborot eks­pansiyasiga qarshi harakat tizimining huquqiy mexanizmlarini takomillash­tirish kechiktirib boʻlmaydigan masala. Bu kurashda asosiy omil – fuqarolarimiz va yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalab, har tomonlama barkamol avlodni kamol toptirishdir.

Abdurasul IMINOV,

IIV Akademiyasi Axborot texnologiyalari kafedrasi boshligʻi, podpolkovnik.