Ishoqxon Junaydullaxoʻja oʻgʻli Ibrat maʼrifatparvar shoir, zabardast tilshunos, tarixshunos olim, ilk oʻzbek matbaatchilaridan boʻlib, 1862-yilda Namangan yaqinidagi Toʻraqoʻrgʻon qishlogʻida tugʻilgan. Oʻz faoliyatini pedagog sifatida qishloqda maʼrifat tarqatish bilan boshladi.
Toʻraqoʻrgʻonda yangi usul maktabini ochgan, oʻz qishlogʻida «Matbaai Ishoqiya» nomli litografiya tashkil qilgan. Ishoqxon Ibrat yangi maktablar ochish, oʻqituvchilar tayyorlash, ayollarni ilm-maʼrifatli qilish ishlarida faol qatnashgan.
Ibrat chin qalbdan oʻz xalqining ilmli, maʼrifatli boʻlishini istadi. Keyingi 20-yil ichida 14 ta ilmiy-tarixiy, lingvistik asar yozdi. 30 yillik poetik ijodining majmui boʻlmish «Devoni Ibrat» sheʼrlar toʻplamini tuzdi. Tarixshunoslikka oid «Tarixi Fargʻona», «Tarixi madaniyat» va «Mezon uz-zamon» ilmiy asarlarini yaratdi.
Ming uch yuzu yigirma oltida chopmaxona,
Ochmoqgʻa boʻldi ruxsat va soʻz berib zamona.
Maqsad bu ishdin erdi olamgʻa ilm qasri, –
Ham qoʻymoqgʻa asarlar yod ovozi jahona.
Kasbu kamol islom boʻlmay taraqqiyatda,
Holigʻa tushmasun deb etduk buni bahona.
Bizdin keyingilar koʻp ilmu hunar toparlar,
Hayfoki anda biz yoʻq, eʼtimodxona.
Olamdin ushbu ona sonsiz kishilar oʻtdi,
Mingdin biri qoʻyubdur olamgʻa bir nishona.
Men katta boy emasdim kim aylasam binoyi,
Dahlim yetishmas erdi roʻzgʻori, choyu nona.
Sad xayfkim gʻanilar sarfini bilmadilar,
Yeb-ichtilar semurub sigʻmay turub chofona.
Oʻz asrimizda oʻtti bir necha agʻniyolar,
Qoldurmayin nishona yer ostin etti xona.
Bu sanga katta Ibrat hushyor boʻlki, ketti,
Emdi sanga kelurmu ketgan u ota-ona.
