Xorazm viloyati ichki ishlar boshqarmasida ham Istiqlolning 32 yilligiga bagʻishlangan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Tantanali kechani viloyat IIB boshligʻi, polkovnik R. Sultanxodjayev ochib, yigʻilganlarni mustaqillik ayyomi bilan samimiy qutladi va istiqlol yillarida ichki ishlar organlarida amalga oshirilgan islohotlar, qoʻlga kiritilgan yutuqlarga atroflicha toʻxtalib oʻtdi. Shundan soʻng, Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonovning ichki ishlar organlari xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.
Tadbirda yurt tinchligi, jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi fidoyi xizmati uchun Qoʻshkoʻpir tumani IIB JXX HPB profilaktika katta inspektori, podpolkovnik Shuhrat Bekchonov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlanganligi alohida eʼtirof etib oʻtildi.
Tantanali kechada jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan soha faxriylari hamda xizmat vazifasini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolariga minnatdorlik maktublari hamda bayram sovgʻalari berildi.
Xudoybergan JABBOROV,
oʻz muxbirimiz.
Xorazm viloyati.
