«Assalomu alaykum, bobojonlar!
Siz koʻpchiliksiz, kimga yozishni bilmadim. Shuning uchun hammangizga yozgim keldi.
Biz oilamiz bilan har yakshanba kuni dam olish joylariga borib turamiz. Bugun ham ertalabdan yoʻlga tushdik. Lekin kelgan joyimiz parkka oʻxshamasdi. Juda chiroyli, odamlar koʻp, lekin nimagadir jim-jitlik... Hamma bir-biri bilan sekin gaplashishadi. Qandaydir katta kanal boʻyiga keldik. Bu yerda nima qilamiz desam, bu yerda oʻtganlarni eslaymiz, bu – Boʻzsuv kanali deyishdi. Ota-bobolarimiz, jadidlarimizni eslaymiz, keyin parkka boramiz, dedilar oyim.
Avloniy bobo, Sogʻuniy bobo, Fitrat bobo, Abdulla bobo, sizlar koʻp ekansiz, eslab qololmadim. Oyijonim koʻp kishilarni aytdilar. Sizlar bizning baxtimiz, kelajagimiz uchun ilm bilan kurashgan bobolarimiz ekansiz. Shu Boʻzsuv kanali boʻyiga kelsak siz xursand boʻlarkansiz, bizni eshitarkansiz. Oyijonim shu yerda turib, bizning bugungi baxtli hayotimiz uchun qaygʻurganlarga rahmat aytishimiz kerak dedilar. Rahmat sizlarga!
Men hozir chet tillarni oʻrganishga harakat qilyapman. Koʻp tilni bilsak, shuncha yaxshi ekan. Chunki sizlar ham koʻp tillarni bilgan ekansiz. Sizlarning ilmingiz dushmanlarni xavotirga solgani uchun koʻp qiyinchiliklarga duchor boʻlibsiz. Shu gaplarni tushunmadim. Lekin bizning zamonda koʻp tilni bilish Vatanimiz obroʻsiga obroʻ qoʻsharkan. Man shunga harakat qilyapman. Sizdek aziz inson boʻlish uchun, Yangi Oʻzbekistonimiz uchun faqat ilm olyapman. Ustozlarimga, ajdodlarimga rahmat aytaman.
Bobojonlar, sizlarga rahmat!
Siz orzu qilgan kunlarga biz yetdik! Siz tufayli...
Xatim sizgacha yetib borsin-da...
Zarina Abdullaeva,
245-maktab 5-A sinf oʻquvchisi».
