Yuqoridagi fikr milliy uygʻonish va millatparvarlik harakatining oldingi saflarida turgan Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat, Isʼhoqxon Ibrat, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Ashurali Zohiriy, Hoji Muin kabi yuzlab fidoyi insonlarning ulugʻ xizmati va ezgu intilishlarini nazarda tutib aytilgandi.
Darhaqiqat, taraqqiyparvar jadidchilar XIX asr oxiri va XX asr boshida Rossiya imperiyasi tarkibiga qoʻshib olinib, xomashyo bazasiga aylantirilgan, iqtisodiy-madaniy inqiroz yoqasiga kelib qolgan Turkistonning yangilikka tashna islohotchilari edi. Ular mustamlakaga aylangan oʻlkaning taraqqiyotdan ancha ortda qolganini zakiylik bilan koʻra olgan, Turkistondagi ichki nizolar, eskicha idora usullari xalq xoʻjaligi va umumiy rivojlanishga ulkan zarar yetkazayotganini oʻz vaqtida anglab yetgan va bu qoloqliklarni bartaraf etish uchun ilmga, taʼlimga katta eʼtibor qaratish lozimligini ayta olgan vatanparvar ziyolilar edi.
Jadidlar aql-zakovatda favqulodda yuksak maqomga ega edi. Chunki taraqqiyparvar ziyolilarning deyarli barchasi diniy va dunyoviy taʼlim sohibi boʻlgan. Masalan, Behbudiy muftiy, Munavvarqori imom, Ibrat qozi boʻlgan. Ehtimol, shuning uchun ham jadidlarning islohotlari negizida Qurʼoni karim va hadisi sharif birinchi oʻrinda turgan. Ular Mahmud Qoshgʻariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Navoiy, Jomiy, Bobur, Fuzuliy, Munis, Ogahiy sheʼriyati, oʻrta asrlarda yaratilgan falsafiy risolalarni ham oʻqib va uqib olishgan.
Jadidlar oʻz bilimini jahon madaniyatining ilgʻor yutuqlari bilan boyitishga intildi. Jumladan, Abdulhamid Choʻlpon «Ulugʻ hindiy» nomli maqolasida Robindranat Tagor ijodida hind ruhi va gʻarb uslubi uygʻunlashganini qadrladi. Fitrat «Munozara» asarida oʻlkadagi ahvolga xorijlik olim nazari bilan qarab, optimal yechimlar qidirdi. Behbudiyning «Bir til emas, toʻrt til kerak» nomli maqolasida jadidlarning til haqidagi konsepsiyasi oʻz ifodasini topdi. Bularning barchasi, jadidlar dunyo madaniyatini bagʻrikenglik bilan qayta oʻzlashtirish tarafdori boʻlganini koʻrsatadi.
Ziyolilarimiz bogʻchasaroylik Ismoil Gaspiralining «Vaqt» va «Shoʻro» gazetalaridan turkiy birdamlik, maktab, maʼorif sohasidagi yangiliklar, dunyoda kechayotgan jarayonlar haqidagi axborotlarni oʻqib oʻrganishdi. Mahmudxoʻja Behbudiy
I. Gaspirali bilan uchrashdi, Ismoilbek Buxoroga kelib, nainki jadidlar, balki amir bilan ham yangi maktab va maorifning ahamiyati xususida suhbatlashdi. Bunday aloqalar oʻlkamizda milliy matbuot va yangi maktablarning vujudga kelishiga samarali taʼsir etdi. Taʼkidlash oʻrinliki, Said Azimboyev, Mirkomilboy kabi oʻziga toʻq kishilar «Xurshid», «Shuhrat», «Osiyo», «Samarqand», «Sadoi Turkiston», «Sadoi Fargʻona», «El bayrogʻi», «Kengash», «Turon», Hurriyat», «Najot», «Buyuk Turkiston», «Tujjor», Oyina» singari gazeta va jurnallarga homiylik qilishdi.
Jadidlar mamlakatni qoloqlikdan chiqarishni maʼrifat va turkiy xalqlar birligida deb bilishdi. Ular maktab, maorif, kutubxona, qiroatxona, matbuot, teatr, adabiyot va sanʼatdan siyosatga oʻtib, ommaviy taʼsir etish, bilimsizlik va jaholatga qarshi kurashishda xalq ongida fikriy-hissiy inqilob yasashdi. Binobarin, ular oʻz oʻtmishdoshlaridan ancha ilgarilab ketgan yangi avlod edi. Bunday hol Qozogʻistondagi «Alash Oʻrda» harakati (keyinchalik «Alash Oʻrda» hukumati) faoliyatida ham yorqin namoyon boʻldi. Shubhasiz, bu jarayon Choʻqon Valixonov, Oltinsarin, Abay Qoʻnonboyev singari maʼrifatparvar ziyolilar ijodi va faoliyati taʼsirida vujudga keldi. Turkiston mustaqilligi uchun kurashgan Mustafo Choʻqay (Choʻqayev) «Birlik tugʻi» gazetasi muharrirligidan Munavvarqori
Abdurashidxonov yetakchilik qilgan «Shoʻroi islom» harakati faollaridan biri va Turkiston muxtoriyati hukumati Bosh vaziri, tashqi ishlar vaziri darajalarigacha koʻtarildi.
Kadrlar masalasiga katta ahamiyat qaratgan jadidlar «Xayriya jamiyati» koʻmagida koʻplab Turkiston yoshlarini Turkiya, Germaniya, Saratov, Qozon kabi shaharlardagi nufuzli ilm dargohlariga oʻqishga joʻnatishgan.
Maorif sohasida taʼlimning yangi shakllarini yaratishdi va amaliyotga joriy qilishdi. Maktablarni darslik va qoʻllanmalar, oʻquv qurollari bilan taʼminlashdi. Ilgʻor texnologiyalar (grammafon, fotosurat, harakatli kino, tipografiya)ni oʻlkamiz hayotiga joriy qilishdi.
Ayol-qizlarga boʻlgan munosabatni oʻzgartirib, oilada farzandlarni kamol toptirishda ularning iqtidor va salohiyatidan foydalanish zarurligiga ishontirishdi. Barcha ishlarni amalga oshirishda matbuotdan faol targʻibot-tashviqot minbari hamda teatrdan vositali taʼsir quroli sifatida barakali foydalanishdi.
Anglashiladiki, oʻz davrining eng tashabbuskor islohotchi va fidoyi insonlarini birlashtirgan jadidchilik harakati XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlarida Turkiston xalqlari manfaatlarini ifodaladi. Ming afsuski, jadid bobolarimiz oʻz oldiga qoʻygan ezgu maqsadlarini amalga oshirishga mavjud vaziyat, ijtimoiy tuzum yoʻl bermadi. Maʼrifat fidoyilari oʻsha davrning turli johil kimsalari tuhmat-malomatlariga duchor boʻldilar. Avval chor hukumati, keyinchalik sovet hukumati ularni ayovsiz quvgʻin va qatagʻon qildi. Shu tariqa, milliy uygʻonish va taraqqiyot harakati el-yurtimiz uchun armon boʻlib qoldi.
Maʼlumki, millat madaniyati, tili, geografik hududi, iqtisodiy-madaniy hayoti va ruhiy xususiyatlarining umumiyligi asosida tarixan oʻzligini anglagan eldan vujudga keladi. Uning faxr-iftixor hissini tuyish va gʻururlanishga arziydigan shonli tarixi, dunyo tamadduniga qoʻshgan salmoqli ilmiy, madaniy-maʼrifiy ulushi, ardoqlash va ibratlanishga loyiq ulugʻ siymolari boʻladi. Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida «Biz qadimiy va boy tariximizni, ayniqsa, gʻoyat ogʻir sharoitda ilm-maʼrifat, inson erkinligi, xalq ozodligi, Vatanga, milliy qadriyatlarga mehr va sadoqat gʻoyalarini dadil koʻtarib chiqqan jadid bobolarimiz faoliyatini yanada chuqur oʻrganishimiz lozim. Ularning ulugʻ maqsadlar yoʻlidagi mardona kurashi va fidoyiligi Yangi Oʻzbekistonni qurishda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat maktabi boʻlib xizmat qilishi zarur», deya taʼkidlanishi bejiz emas.
Jadid ziyolilarimiz bilan haqli tarzda gʻururlanish va iftixor tuyish hissi millatning koʻksini yuksaltiradi, ulugʻ maqsadlar yoʻlida dadil olgʻa intilishida madadkor kuch vazifasini oʻtaydi. Jadidlar oʻlkamizda yashovchi barcha millatlarning ota-bobolari, onalari-yu momolari edi. Shu bois bu millatlarning dovyurak qahramonlari, fidoyilarining barcha ezgu harakat-intilishlari biz uchun hamisha mardlik va jasorat namunasi boʻlib xizmat qiladi.
Islomjon YOQUBOV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori,
filologiya fanlari doktori.
