Mamlakatimizda aynan shu mavzuda nufuzli tadbir oʻtkazilgani va unda hukumat vakillari, tarixchi olimlar, adabiyotshunoslar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari va vakillari, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Vengriya, AQSH, Germaniya, Niderlandiya, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa mamlakatlardan kelgan taniqli akademik va ekspertlar ishtirok etgani ham oʻtgan asr boshlarida shakllanib, nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun musulmon olami va turkiy dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan jadidchilik harakatining ahamiyati naqadar bemisl boʻlganini koʻrsatadi.

Maʼlumki, XIX asr oxirlaridan maʼrifatparvarlik oqimi sifatida paydo boʻlgan jadidchilik harakati XX asr boshlaridan eʼtiboran oʻzining tadrijiy rivojlanish bosqichida yangi bir davrga kirdi. Bu davrda jadidchilik oʻz oldiga keng islohotchilik maqsadlarini qoʻygan ijtimoiy-siyosiy harakat darajasiga koʻtarildi.

Turkiston taraqqiyparvarlari merosini oʻrganishning muhim jihati shundaki, ular bundan yuz yillar muqaddam yurt mustaqilligi va yosh avlodni maʼrifatli qilish masalasini olgʻa surgan edilar. Jumladan, jadidlar oʻlkaning taraqqiyotga erishuvini bilimli yoshlar qoʻlida, deb bilganlar va ularni rivojlangan mamlakatlarga taʼlim olish uchun yuborish, xorijiy tillarni oʻrganish, zamonaviy ilm-fan va texnika bilimlarini egallash kabi masalalarni koʻtarganlar.

Jadidchilik harakati vakillarining ilmiy va maʼnaviy merosini oʻrganish bugungi kunda shuning uchun ham dolzarbki, bu harakat vakillari istiqlolimiz uchun oʻsha davrdayoq kurash boshlaganlar. Avvalboshda maʼrifat sohasida faoliyat koʻrsatgan jadidlar asta-sekin ijtimoiy taraqqiyot kurashchilari sifatida maydonga chiqdilar.

Jadidchilik dastlab madaniy-maʼrifiy oqim sifatida paydo boʻlganligi tabiiy, albatta. Chunki ilgʻor musulmon ziyolilari ijtimoiy va mustamlakachilik zulmining asosiy sabablarini zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan bexabarlikdan va maorif ishlari­dagi qoloqlikdan izladilar. Shu sababli, ular mavjud ijtimoiy muammolarni hal etishning yagona yoʻli taʼlim islohoti, deb qaradilar va maʼrifatparvarlik gʻoyalari asosida yosh avlodni tarbiyalashga asosiy eʼtibor berdilar. Yangi usul maktablari, kutubxonalar ochdilar, darslik, oʻquv qoʻllanmalari yozdilar va nashr ettirdilar. Ayni paytda ular inson huquqlari, milliy, diniy, iqtisodiy erkinliklar kafolatlangan, huquqiy-demokratik milliy davlatchilikning nazariy asoslarini yaratishga harakat qildilar.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: nega bu oʻlkada oʻsha yillari maʼrifatchilik harakati har qachongidan ham kuchayib ketdi? Negaki, chor Rossiyasi asoratiga tushib qolib, butkul tanazzulga yuz tutgan oʻlkani uygʻotishga, xalqning koʻzini ochishga faqat maʼrifat orqaligina eri­shish mumkin edi. Biroq ana shunday ezgu maqsadni oʻz oldiga qoʻygan jasoratli bobolarimiz hayoti va faoliyati davomida koʻplab taqiq va taʼqiblarga uchradilar. Eng yomoni, bu ularning oʻzlariga ham, yozgan asarlariga ham, hattoki yaqinlariga ham bir xilda qoʻllanildi. Ular olamdan oʻtganiga bir necha oʻn yillar boʻlsa-da, bobomeros asarlarini oʻqib-oʻrganish, ularning milliy oʻzlikni anglash, istiqlol va davlatchilik gʻoyalaridan bahramand boʻlish imkonsiz edi.

Turkistonning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotida va falsafiy tafakkurida muhim ahamiyatga molik boʻlgan maʼrifatparvarlik-jadidchilikni xolisona oʻrganish zaruriyati uning «taqiqlangan mavzu» sirasiga kirganligi bilan izohlanadi. Bunday fikr bildirishning sababi shundaki, jadidlar tomonidan Turkistonning ravnaqini koʻzlab olgʻa surilgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, milliy istiqlol gʻoyalari shoʻro tuzumi mafkurasi «qolip»iga sigʻmas edi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng xalqimizning ijtimoiy-falsafiy, adabiy-badiiy tafakkuri tarixida alohida mavqega ega boʻlgan jadidchilikni oʻrganishga katta ahamiyat berildi. Jadidchilikning paydo boʻlish sabablari, tadrijiy rivojlanish jarayoni, undagi ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, milliy istiqlol gʻoyalarini tadqiq qilishga oid ilmiy izlanishlar olib borildi. Shularning samarasi oʻlaroq, ilmiy asarlar, toʻplamlar paydo boʻldi, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, bugungi kunda Oʻzbekistonda inson qadri ulugʻlanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlar jadid bobolarimizning ezgu gʻoya va dasturlariga har jihatdan uygʻun va hamohangdir. Shu bois xalqimiz ozodligi va Vatanimiz ravnaqi yoʻlida aziz jonlarini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini yangicha tafakkur asosida oʻrganish hamda targʻib etishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Xususan, yurtimizda har yili 31-avgust – Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanadi. «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi va jamoat fondi, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlardagi hududiy boʻlimlari qatorida, endilikda Buxoro shahridagi tarixiy maskanda «Jadidchilik tarixi» muzeyi tashkil etilmoqda.

Tarixning bu murakkab davriga oid ilmiy va badiiy asarlar bilan bir qatorda, «Tarixning nomaʼlum sahifalari», «Qatagʻon qurbonlari» nomli koʻp jildli xotira kitoblari nashr etilmoqda. Badiiy va hujjatli filmlar, koʻrsatuvlar tayyorlanib, namoyish qilinmoqda. Xalqaro konferensiyalar, koʻrgazmalar va davra suhbatlari, xotira kechalari, seminarlar muntazam oʻtkazilmoqda.

Jafokash xalqimizga milliy oʻzligini anglatish, istiqlolga erishish va davlatchilik yaratish yoʻlida jon fido qilgan atoqli maʼrifatparvarlarimiz hukumatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Istiqlol istab, yurt qaygʻusida qatagʻon qurboni boʻlgan bobolarimizning aziz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, taʼlim muassasalari, muzeylar, bogʻ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

Shu asnoda keyingi yillarda Oʻzbekiston Oliy sudi tomonidan mingdan ziyod mustabid tuzum qatagʻoniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlangani tarixiy adolatni tiklash yoʻlida yangi qadam boʻlganligini alohida taʼkidlash joiz. Bu ezgu ishlarning davomi sifatida yurtimizda har yili avgust oyini «Qatagʻon qurbonlarini yod etish oyi» sifatida oʻtkazish, fidoyi vatandoshlarimiz va ularning avlodlari yashagan va yashayotgan xonadonlarga yodgorlik lavhalari oʻrnatish, ularning vorislari hamda yaqin kishilariga hurmat-eʼtibor koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanayotgani ham quvonarlidir.

Kelgusida har bir mahalla fuqarolar yigʻini binosida «Qatagʻon qurbonlari xotirasi burchaklari» va «Mahalla xotira kitoblari»ni tashkil etish, har yili kamida 100 nafar qatagʻon qurboni hamda jadid bobolarimiz hayoti va faoliyatini aks ettiradigan toʻplam tayyorlash rejalashtirilgani yuqorida aytib oʻtilgan xayrli ishlarning mantiqiy davomidir .

Xulosa oʻrnida aytmoqchimizki, Turkiston jadidlari tomonidan oʻz davrida koʻtarilgan muam­molar, bugungi kunimiz uchun ham oʻzining dolzarbligini saqlab kelmoqda. Zero, davlatimiz rahbari oʻrinli taʼkidlaganidek, «buyuk maʼrifatparvar bobolarimiz tomonidan olgʻa surilgan gʻoyaviy-siyosiy, ijtimoiy-maʼrifiy va huquqiy-axloqiy qarashlar, turli millat va elatlar oʻrtasida bagʻrikenglik va hamjihatlik tamoyillarini qaror toptirish bilan birga, milliy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan intilishlar hozirgi murakkab va tahlikali zamonda barchamiz, avvalo, yoshlarimiz uchun chinakam ibrat namunasidir. Ularning hayoti va jasorati bugungi tinch va osoyishta kunlarga osonlik bilan erishilmaganini eslatib, milliy istiqlolimizni, jonajon Vatanimizni koʻz qorachigʻiday asrashga doimo daʼvat etib turadi».

Temir QURBONOV tayyorladi.