1992-yil 8-dekbrda qabul qilingan Konstitutsiyamizning asosiy tamoyili «davlat – jamiyat – inson» hisoblangan. Yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda esa ushbu tamoyil «inson – jamiyat – davlat» prinsipiga oʻzgartirildi. Yaʼni, inson manfaatlari har narsadan ustun ekanligi eʼtirof etildi. Asosiy qonunimizning muqaddimasi «Biz, Oʻzbekistonning yagona xalqi, inson huquq va erkinliklariga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligimizni tantanali ravishda eʼlon qilib...» deb boshlanishi ham yurtimizda bundan buyon jamiyat va davlatning asosiy maqsadi inson huquq va erkinliklari ustuvorligini taʼminlashdan iborat boʻlishini ifodalaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, Konstitutsiyani takomillashtirishda inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi asosiy oʻrinni egalladi. Amaldagi Konstitutsiya xorijiy ilgʻor tajriba hamda xalqaro standartlar va talablarga har tomonlama mos keladi. 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning huquqiy maqomi uning oʻzida belgilandi. Asosiy qonunimizning 15-moddasida «Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi», deya belgilab qoʻyildi.

Amaldagi qonunchilikda bu qoida «Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida»gi qonunda ham qayd etilgan. Qolaversa, bir qator xorijiy davlatlar qonunchiligida Konstitutsiyaning maqomini uning oʻzida belgilash tajribasi mavjud. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida xalqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qiladi. Bosh qomusimizda ushbu normalar ham oʻz aksini topgan.

Taʼkidlash joizki, inson huquqlari toʻgʻrisidagi qoidalar demokratik konstitutsiyalarning asosini tashkil etadi. Konstitutsiyaviy islohotlarning muvaffaqiyati unda turli qatlam vakillarining manfaatlari inobatga olinishini hamda ular tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini taqozo etadi. Bu esa, Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining qay darajada kafolatlanganligiga bogʻliq.

Inson huquq va erkinliklarini kafolatlab beruvchi konstitutsiyaviy qoidalar, yangi Oʻzbekistonning sud-huquq tizimiga ushbu konstitutsiyaviy qoidalar buzilishining oldini olish, bunday qoidalarni buzishga qaratilgan har qanday xatti-harakat uchun jazoning muqarrarligini taʼminlash majburiyatlarini yuklaydi. Zero, Konstitutsiya milliy davlatchiligimiz, suverenitetimiz, shu kunga qadar erishgan barcha yutuq va marralarimiz, demokratik huquqiy davlat barpo etish yoʻlidagi saʼy-harakatlarimizning mustahkam poydevori hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, «Biz inson qadr-qimmati va manfaatlarini taʼminlash boʻyicha boshlagan islohotlarimizni yangi konstitutsiyaviy makonda yanada qatʼiy davom ettiramiz. Xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda oʻz aksini topgan tamoyillarni toʻliq roʻyobga chiqarishimiz va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirishimiz lozim». 

Xulosa shuki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtiruvchi asosiy huquqiy hujjat boʻlib xizmat qiladi.

Olimjon SUBANOV,

IIV Malaka oshirish instituti 

katta oʻqituvchisi, podpolkovnik.