Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Oʻzbekiston xalqi butun taraqqiyparvar insoniyat qatori Ikkinchi jahon urushida faol ishtirok etib, fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaga munosib hissa qoʻshdi. Ajdodlarimizning urush yillarida koʻrsatgan mardlik va qahramonligi biz uchun chinakam ibrat maktabi, gʻurur-iftixor manbayi boʻlib, yillar oʻtgani sari bu oʻlmas qadriyatlarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan ajdodlarimiz xotirasiga chuqur hurmat bajo keltirish, fashizmga qarshi janglarda, mehnat frontida jonbozlik koʻrsatgan faxriylarimizga eʼtibor va ehtirom koʻrsatish yurtimizda olijanob anʼanaga aylangan.

Urushning ilk kunlaridanoq, Oʻzbekiston ichki ishlar organlarining koʻplab mard xodimlari oʻz ixtiyori bilan frontga otlanib, uning eng qaynoq nuqtalarida qahramonona jang qildilar. Urushning dastlabki kunlari Sobiq ittifoq Ichki ishlar xalq komissarligining buyrugʻi asosida respublika boʻyicha 57 nafar rahbar xodim tezkor ravishda armiya saflariga yuborildi.

Bu davrda Toshkent oʻrta-maxsus militsiya maktabi front uchun kadrlar tayyorlovchi asosiy bazalardan biriga aylandi. Urushning birinchi yilida maktab tinglovchilarining 60 foizi, komandir-oʻqituvchilarning 30 foizi, Samarqand viloyati ichki ishlar organlaridan 1489 nafar, Toshkent temiryoʻl militsiyasi boʻlimining 204 nafar xodimi oʻzbek milliy diviziyasi, shuningdek, general Panfilov diviziyasi safida jangga kirdi.

Kadrlar yetishmasligi tufayli Toshkent oʻrta-maxsus militsiya maktabida oʻqish muddati 2 yildan 9 oyga qisqartirildi, bundan tashqari, 3 oy-u 20 kunlik kurslar tashkil etilib, tezkor ravishda harbiy tayyorgarlikdan oʻtgan kursantlarning bir qismi frontga yuborilgan boʻlsa, qolgan qismi militsiya organlarida xizmat qilish uchun yoʻllanma oldi.

1941-yil 30-iyunda Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligining «Ichki ishlar organlari xodimlariga taʼtil berishni bekor qilish va taʼtildagi xodimlarni xizmatga chaqirib olish toʻgʻrisida»gi buyrugʻi eʼlon qilindi. Unga asosan, jinoyat qidiruv sohasida tezkor tadbirlar yanada kuchaytirilib, militsiya organlarida rahbarlarning sutkalik navbatchiligini tashkil etish, rahbarlarning jinoyat sodir etilgan joylarga shaxsan chiqishlari yoʻlga qoʻyildi.

Shaxsiy tarkibning asosiy qismi frontga safarbar etilishi natijasida respublika ichki ishlar organlarida kuchli kadrlar yetishmovchiligi yuzaga keldi. Sharoit taqozosiga koʻra, militsiya saflari harbiy komissarliklar orqali yarador boʻlib frontdan qaytib kelgan kishilar, sogʻligʻi va yoshi tufayli armiyada xizmat qilishi cheklangan shaxslar, ayollar, qariyalar va hattoki voyaga yetmagan oʻsmirlar hisobiga toʻldirildi.

Shu oʻrinda ichki ishlar organlarining front ortidagi faoliyati ham oson kechmaganligini taʼkidlash joiz. Zero, xalq xoʻjaligi va front uchun muhim boʻlgan strategik obyektlarni qoʻriqlash, harbiy yuklarni talon-toroj qilishning oldini olish, oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari hamda oziq-ovqat kartochkalari oldi-sotdisini nazorat qilish, okkupatsiya qilingan hududlardan evakuatsiya qilingan bolalarning qarovsizligi va nazoratsizligiga qarshi kurashish, yaqinlari bilan aloqasi uzilgan insonlarga ularni topishda amaliy yordam koʻrsatish va boshqalar xodimlardan fidokorona xizmatni talab qilar edi.

1942-yil 23-yanvarda sobiq ittifoq Xalq komissarlari kengashining «Ota-onasiz qolgan bolalarni tegishli muassasalarga joylashtirish toʻgʻrisida»gi qarori asosida mahalliy ijroiya qoʻmitalarda maxsus komissiyalar, bolalarni qabul qilish va taqsimlash markazlari tuzildi. Ularda ichki ishlar organlari xodimlari va oʻqituvchilarning kecha-yu kunduz navbatchiligi tashkil etildi. Maxsus komissiyalar ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bosib olingan hududlardan evakuatsiya qilingan, ota-onasiz qolgan bolalarni qabul qilish, taqsimlash, tegishli muassasalarga joylashtirish barobarida, haq-huquqlarini himoya qilish va nazoratsiz qolishining oldini olish bilan shugʻullanishi lozim edi. Xuddi shunday, Toshkent, Samarqand, Andijon, Fargʻona va boshqa yirik shaharlardagi temiryoʻl vokzallari hamda aholi koʻp yigʻiladigan joylardagi militsiya organlari huzurida 30 dan ortiq bolalarni qabul qilish hamda taqsimlash punktlari (xonalari) tashkil etildi.

Ayni vaqtda, turli hududlardan evakuatsiya qilingan, tayinli mashgʻuloti boʻlmagan shaxslar hisobiga kabi yirik shaharlarda uyushgan jinoyatchilik, qasddan odam oʻldirish, bosqinchilik kabi ogʻir jinoyatlar soni koʻpaydi. Ichki ishlar xalq komissarligi koʻrsatmasiga binoan, ushbu jinoyatlarga qarshi kurash kuchaytirilib, olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida qisqa muddatda Toshkent shahri va uning atrofidagi hududlarda 102 nafar qurolli jinoyatchi qoʻlga olindi. Natijada Toshkent shahrida ogʻir jinoyatlar sodir etilishi holatlari birmuncha kamaydi.

Shu oʻrinda ichki ishlar organlari xodimlarining frontda koʻrsatgan jasoratiga alohida toʻxtalish oʻrinli. Chunki ular oʻz hayotini xavf-xatarga qoʻyib, Ukraina, Belorussiya, Leningrad, Xarkov, Kursk yoyi, Shimoliy va Gʻarbiy frontlarda fashistlarga qarshi janglarda yuksak qahramonlik va jasorat namunalarini koʻrsatdilar. Mard va jasur xodimlardan Sovet Ittifoqi qahramonlari – Moʻydin Hasanov, Aleksey Golubenko, Ivan Kirpichenko, Polsha Respublikasi qahramoni Qahhor Sharipov, uchala darajadagi «Slava» ordeni sohiblari – Tojiboy Rajabov, Gʻani Valiyev, Alimbay Amanbayev, frontdagi jasorati uchun oʻnlab orden va medallar bilan taqdirlangan Sharif Hasanboyev, Tilla Abdullayev, Zunnun Imamov, Toʻxtasin Ibragimov, Islom Sattorov, Moʻmin Oʻrinov, Burxon Sirojiddinov, Ummat Ubaydullayev, Gʻani Usmonov, Andrey Kravchenko, Meyrman Kenjaboyev, Abdujamil Tashmetov, urush yillarida «Smersh» kontrrazvedka boʻlimida xizmat qilgan Nortoji Ahmedovlarning nomlarini alohida keltirish mumkin.

Quvonarlisi, ularning ayrimlari frontdan sogʻ-omon qaytib, ichki ishlar organlarida xizmatni davom ettirdi, janglarda toblangan irodasi, fidokorona mehnatlari evaziga rahbarlik lavozimlariga koʻtarilib, polkovnik, gene­ral unvonlarigacha boʻlgan sharafli yoʻlni bosib oʻtdilar va haqli ravishda Oʻzbekiston ichki ishlar organlarining shonli tarixida oʻchmas iz qoldirdilar.

Urush yillari 13 yoshidan front ortida mehnat qilgan, ke­yinchalik koʻp yillar ichki ishlar organlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan general Gʻofur Rahimov taʼbiri bilan aytganda: «Urush ishtirokchilari, urush qahramonlari boʻlgan bu kishilar Oʻzbekiston militsiyasining ham qahramonlari edilar. Ular urushdan keyingi yillarda ham huddi frontdagi kabi oʻz jonlari­ni ayamasdan jinoyatchilikka qarshi kurash olib borishdi. Ular ichki ishlar organlaridagi keyingi faoliyatida doimiy ravishda oʻz xizmatiga sodiqliq, qatʼiyatlilik, matonatlilik va fidoyilik xislatlarini namoyon etdilar».

Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, bugungi geosiyosiy jarayonlar keskin tus olgan, turli qarama-qarshilik va tahdidlar yuz koʻrsatayotgan globallashuv zamonida har bir vatandoshimiz kabi, eng avvalo, ichki ishlar organlari xodimlarida vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirishda, ularda oʻz ona Vatani taqdiriga, uning kelajagiga daxldorlik hissini qaror toptirishda Ikkinchi jahon urushida ajdodla­rimizning koʻrsatgan jasorati va qahramonliklariga tayanamiz.

Tarix koʻrsatadiki, har qanday urush aslida insoniyat uchun ulkan fojiadir. Zero, Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimiz chekkan kulfatlar, janglarda qurbon boʻlgan minglab yigitlarning beva qolgan ayollari, yetim boʻlib qolgan farzandlarining, farzand dogʻida qaygʻu-alam bilan bu dunyodan koʻz yumgan ota-onalarning, urush tufayli orzulari armonga aylangan, bir umr nogiron boʻlib qolgan insonlarning chekkan hasratlari, koʻrgan azob-uqubatlari xalqimiz xotirasida oʻchmas iz qoldirdi.

Bu xotira sizu bizni, har on hushyor va ogoh boʻlishga, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikning, millatlararo totuvlikning qadriga yetib, uni koʻz qorachigʻiday asrashga, bor kuch-gʻayratimizni Vatanimizning porloq kelajagi yoʻlida safarbar qilishga daʼvat etadi. Zotan, bu bizning bugungi ozod va obod Vatanimiz, tinch-osoyishta kunlarimiz uchun qurbon boʻlgan ajdodlarimiz oldidagi farzandlik burchimiz, qolaversa, kelajak nasllar oldidagi masʼuliyatimizdir.

Elbek NORMUMINOV,

Toshkent shahar IIBB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati bosh inspektori, mayor.