Joriy yilning 15-fevral kuni IIVda xizmat intizomini mustahkamlash va korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtgan edi. Mazkur yigʻilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalarni soha xodimlariga yetkazish maqsadida Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasida uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda viloyat IIB Axborot xizmati xabar berdi.

IIV Akademiyasi vakillari, sohaviy xizmatlar rahbarlari, yosh xodimlar, shuningdek, bitiruv oldi malakaviy amaliyotga jalb qilingan kursantlar va ularning ota-onalari ishtirok etgan yigʻilishda taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda ichki ishlar organlari tizimi tubdan isloh qilinib, xodimlar faoliyatini zamon talablari darajasida tashkil etish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biroq ayrim xodimlar tomonidan xizmat intizomining qoʻpol ravishda buzilayotgani tizimga nisbatan salbiy fikrlarning uygʻonishiga sabab boʻlmoqda.

Yigʻilishda IIV Akademiyasi boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Husniddin Davronov soʻz olib, soha xodimlarining kasbiy, maʼnaviy-axloqiy va jangovar-jismoniy tayyorgarligini yuksaltirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, xizmat intizomini buzgan yoki korrupsiyaviy holatlarga yoʻl qoʻygan xodimlarga nisbatan keskin intizomiy choralar qoʻllanilayotganini alohida taʼkidladi. Kursantlar va yosh xodimlarga xizmatni yuqori masʼuliyat, vatanparvarlik, halollik bilan olib borish, oʻz nomiga dogʻ tushiruvchi turli nojoʻya xatti-harakatlardan tiyilish, Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish yuzasidan tavsiyalar berdi. 

- Endilikda salbiy xatti-harakatlar sodir etgan xodimni intizomiy jazo tariqasida boshqa xizmatga oʻtkazish amaliyotiga chek qoʻyiladi. Xodim sohaviy xizmat yoʻnalishi boʻyicha eng quyi lavozimga uch oylik sinov muddati bilan tayinlanib, sinov muddati yakuni boʻyicha navbatdan tashqari attestasiyadan oʻtkaziladi. Attestasiyadan qoniqarsiz oʻtganlarga nisbatan ichki ishlar organlaridan boʻshatish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi, - dedi H.Davronov.

Shu kuni Akademiya vakillari vazirlik qoshidagi Fargʻona akademik liseyi oʻquvchilari bilan ham uchrashdilar. 

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.