Har safar fasllar almashayotgan kezlarda inson umrining ham naqadar oʻtkinchi ekanligi haqida oʻylaymiz. Shu maʼnoda, sentabr kuzning boshqa oylaridan farqli oʻlaroq, juda koʻp jihatlari bilan har tomonlama farqlanib turishi eʼtiborlidir.

Ayrimlar sentabrni keksalik tomon qoʻyilgan ilk qadamga qiyoslashadi. Yoʻldagi tasodifiy hamrohim sentabrni maktabga borishni istamay, zoʻrgʻa qadam tashlayotgan jajji bolakayning qoʻlidan tutib, sudrab ketayotgan mehribon opaga oʻxshatganda nimalarni his qilgani yolgʻiz oʻziga ayon.

«Sentabrga huzun yarashadi. Huzunimizga esa duo munosib», dedi bir doʻstim Umid bilan...

Sentabr har kimning tasavvurida oʻziga xos iz qoldirgani uchun ham yanada ahamiyatlidir.

Bahorni yomgʻirsiz tasavvur qila olmaymiz. Bahor yomgʻirlarida hatto soyabonsiz ham quvnab, yayrash mumkin. Lekin nimaga sentabr yomgʻirining kishiga taʼsiri undan-da kuchli? Axir sentabrda yomgʻir yogʻayotganda hamma raqsga tushmaydi. Yoki quvonch va qaygʻu haqida uzundan uzoq hikoyalar aytadimi bizga sentabr yomgʻirlari?

Faqatgina qiya ochilgan derazadan tashqariga qarab yomgʻirli kunda koʻrganingiz – onda-sonda ona daraxtni noiloj tark etayotgan yashil barglar, yuzlaringizga iznsiz urilayotgan yomgʻir tomchilari, qoʻshni ayolning pushtirang koʻylakda yoʻlakka chopib chiqqancha qaytib, qalinroq kiyinib chiqqani hamma-hammasi sirli voqealar singari kayfiyatingizga taʼsir qiladi...

Ana shunday lahzalarda toʻsatdan jiringlagan uyali telefoningizni olib eshitganingiz: eng yaqin insoningiz tashqarida yomgʻir yogʻayotgani sabab qalinroq kiyinib, soyabonni olishni unutmasligingizni eslatgani sabab ham sentyabrga mehringiz boʻlakchadir ehtimol.

Sentabr yomgʻirlari haqida fikrini soʻraganimda bundan yigirma yillar oldin uni yolgʻonchi oshiqqa oʻxshatgan eng yaqin insonlarimdan biri «Mehr soʻzlanmaydi», degandi menga qatʼiy... Bu javob menga juda manzur boʻlgan boʻlsa-da, qandaydir, balki faqatgina men uchun hamon mavhum va sirliday tuyulaveradi...

Shundan buyon sentabr kayfiyat fasli ekanligiga har doim ishonib kelaman. Bu ishonch shu darajadaki, hatto sokin xiyobonlardagi (mening tasavvurimda) mahzunlik ham menga quvonchdan unsiz hikoyalar soʻzlayotgandek tuyulaveradi.

Nihoyat xiyobon boʻylab yolgʻiz va piyoda sayr qilarkanman, telefonimdan har doim eshitib yuradiganim, «Nahotki yana kuz?!», deya boshlanadigan sheʼr sehridan yana mutaassir boʻlaman. Butun taassurot va tuygʻularim kuzning diydoriga mahliyo boʻlib, jozibali ovozi bilan bu faslni mukammal tavsiflashga erishgan shoira qizning hayratlariga qoʻshilib ketadi...

Sherzod ABDUSAMADOV.