Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
(1-oktabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni)
Biz xalqimizning eng katta boyligini – millionlab farzandlarimiz, jondan aziz oʻgʻil-qizlarimizning taqdirini, Oʻzbekiston istiqbolini sizlarga ishonib topshirganmiz. Va bu vazifani masʼuliyat bilan ado etib kelayotgan sizlar kabi fidoyi insonlar, kelajak bunyodkorlariga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.
Shavkat MIRZIYOYEV
Har qanday mamlakatning ertangi kuni, kelajagi taʼlimga qaratilayotgan eʼtiborga bogʻliq. Bu haqiqatning isbotini taraqqiy topgan jamiyatlar bosib oʻtgan yoʻllar misolida yaqqol koʻrish mumkin. Ularning barchasi taʼlim va ilm-fanni rivojlantirishni eng ustuvor va muhim vazifa, bilimli, iqtidorli yoshlarni oltin xazina deb bilgan.
Bugun mamlakatimizda boshqa jabhalar qatori, taʼlim sohasiga boʻlgan qarash keskin oʻzgardi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ilk bor oʻqituvchi maqomi alohida belgilanib, taʼlim tizimini rivojlantirish davlatning bosh vazifalari sirasiga kiritildi. «Oʻzbekiston – 2030» taraqqiyot strategiyasidan taʼlim tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha yangi maqsad va rejalar oʻrin oldi. Ushbu ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir yangi avlodning yetishib chiqishiga xizmat qilishi, shubhasiz.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tizimga oid muhim qonun va dasturlar, farmon va qarorlar qabul qilindi. Amalga oshirilgan saʼy-harakatlar natijasi oʻlaroq, koʻplab yangi maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar, kasb-hunar bilim yurtlari barpo etildi. Buyuk allomalarimiz, atoqli shoir va adiblarimiz nomi bilan ataladigan ijod maktablari, tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar, «Temurbeklar maktablari», Prezident maktablari kabi mutlaqo yangi namunadagi zamonaviy taʼlim muassasalari ish boshladi. Yangi darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari yaratildi.
Oliy taʼlim tizimida ham tub oʻzgarishlar amalga oshirilib, yangi oliy oʻquv dargohlari, dunyodagi yetakchi universitetlarning filiallari tashkil qilindi. Taʼlim va ilm-fan muassasalarining moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlandi.
Oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi nufuzini yuksaltirish, soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini qadrlash va munosib ragʻbatlantirish masalasiga ham jiddiy eʼtibor qaratildi. Avvalo, pedagog xodimlarni majburiy mehnatga, turli jamoatchilik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qoʻyildi. Qolaversa, ular tayyorlaydigan hisobotlar, qogʻozbozliklar soni keskin kamaytirildi. Oʻqituvchilarning oylik maoshlari koʻpaytirilib, olis hududlardagi maktablarga dars berish uchun jalb etilgan yuqori toifali pedagoglarni moddiy ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Xuddi shuningdek, oʻquvchilari xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan oʻqituvchilar katta miqdordagi pul mukofotlari bilan ragʻbatlantirib kelinmoqda.
Bilim va salohiyatini yoshlar taʼlim-tarbiyasiga bagʻishlagan fidoyi oʻqituvchi va murabbiylar «Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi», «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi
xodimi», «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi», «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi» kabi faxriy unvonlar, shuningdek, davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda.
Oʻqituvchi, tarbiyachi va murabbiylar, ilm-fan sohasi xodimlari uchun munosib sharoitlar yaratish, ularning mashaqqatli mehnatini ragʻbatlantirish borasidagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilishiga ishonchimiz komil.
Fidoyi ustoz va murabbiylarning zahmatli mehnatlari tufayli yoshlarimiz fan-texnika, madaniyat va sanʼat, sport sohalarida katta yutuqlarni qoʻlga kiritayotgani barchamizga cheksiz quvonch bagʻishlaydi. Bilimli, shijoatli oʻgʻil-qizlarimiz xalqaro fan olimpiadalarida, nufuzli sport musobaqalari va sanʼat tanlovlarida zafar quchayotgani taʼlim sohasidagi islohotlar samarasiga dalildir.
Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashga masʼul tuzilma – ichki ishlar organlari tizimiga qarashli taʼlim muassasalarida hozirgi kunda koʻplab yuqori malakaga ega boʻlgan jonkuyar professor-oʻqituvchilar va murabbiylar faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning muayyan qismi oliy toifali, ilmiy daraja va unvonlarga ega. Oʻqituvchi va murabbiylar samarali ish olib borishi uchun taʼlim maskanlarida barcha sharoitlar yaratilgan. Xizmat faoliyatida yuksak natijalarga erishayotgan pedagog xodimlar munosib ragʻbatlantirilyapti. Bundan tashqari, soha faxriylari hamda ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan tajribali xodimlarning yosh kadrlarni tarbiyalash borasidagi mehnatlarini ham alohida eʼtirof etish joizdir.
Buyuk ajdodimiz Abu Nasr Forobiyning fikricha, «kishi uchun tub gʻoya – saodatdir». Bu saodatning kaliti esa bilim. Bilim, taʼlim-tarbiya insonni oʻzgartirsa, maʼnaviy boy, tafakkuri yuksak shaxs jamiyatni oʻzgartiradi. Demak, oʻqituvchi inson va jamiyatni oʻzgartirish kuchiga qodir boʻlgan shaxsdir.
Xalqimiz hamisha ustoz-murabbiylarni eʼzozlab, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatib kelgan. «Ustoz ota kabi ulugʻ» degan naql ham bejiz aytilmagan. Haqiqatan ham, koʻz nuri, qalb qoʻrini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan oʻqituvchi va murabbiylar – kelajak yaratuvchilarining mehnati, matonati va jasorati har qanday yuksak bahoga munosib. Ularsiz biz, davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda, eng katta qashshoqlik – bilimsizlikka duchor boʻlib, eng katta boylik – aql-zakovat va ilmdan, eng katta meros – yaxshi tarbiyadan mosuvo qolamiz.
Kamol OLLOYOROV,
oʻz muxbirimiz.
