Agar oshiqligʻim aytsam, kuyib jon-u jahon oʻrtar,

Bu ishq sirrin bayon etsam, taqi ul xonumon oʻrtar.

 

Kishiga ishq oʻtidin zarrayi yetsa, boʻlur giryon,

Boʻlub besabr-u betoqat, yurak-bagʻri chunon oʻrtar.

 

Nechuk toqat qilay, doʻstlar, bu dard ila boʻlub hayron,

Gʻamim boshqa, alam boshqa, yuragimni figʻon oʻrtar.

 

Meni bexonumon tinmay kuyib har dam firoqingda,

«Nigoro!» deb oting aytsamki, shavqingdin zabon oʻrtar.

 

Qay-u til birla, ey jono, sening vasfing bayon aylay,

Tilim lol-u koʻzum giryon, soʻngaklarni nihon oʻrtar.

 

Na qattigʻ kun ekan, dilbar, visolingdin judo boʻlmoq,

Mening ohim oʻtigʻa bul zamin-u osmon oʻrtar.

 

Yurakda dard-u gʻam qat-qatki, menda qolmadi toqat,

Agar bu zarrasin bul vaqt, desam, ishqi bayon oʻrtar.

 

Bu dard ila xarob oʻldum, kelib holimni soʻrmassan,

Unum chiqsa yurakdin, bu tan-u jon, ustixon oʻrtar.

 

Bu Mashrab dardini, jonoki, hech kim boshigʻa solma,

Agar mahsharda oh ursam, bihishti jovidon oʻrtar.

 

1918-yilda Qoʻqon yaqinidagi Afgʻon qishlogʻida dunyoga kelgan Murodjon Ahmedov Qoʻqondagi «Yosh tomoshabinlar teatri» va Fargʻona teatrlarida ishlagan. Drama, musiqali drama va komediyalarda 70 dan ortiq xilma-xil qahramonlar qiyofasini gavdalantirgan. Shuningdek, maqom ustasi, baland avjlarni ham bemalol ayta oladigan kuchli, shirali ovoz egasi sifatida qadrlangan. Uning repertuaridan «Bu oqshom», «Oʻrtar», «Buxoro irogʻi», «Jonimda darmon qolmadi» kabi maqom yoʻllari, ashula va katta ashulalar oʻrin olgan edi.

Oʻzbekiston xalq artisti Murodjon Ahmedov 1988-yili Qoʻqonda olamdan oʻtgan. Oltin fondda hofiz ijro etgan oʻttizdan ortiq qoʻshiq saqlanadi.

«Agar oshiqligʻim aytsam, kuyib jon-u jahon oʻrtar,

Bu ishq sirrin bayon etsam,

taqi ul xonumon oʻrtar...»

 

Ushbu misralar bilan boshlanguvchi qoʻshiq ohanglariga qoʻshilib, koʻz oldimizdan «Oʻtkan kunlar» kinofilmi oʻtadi. Ushbu kinokartinaning bosh qahramoni Otabek, uning hayotini ostin-ustun qilgan ayriliq, muhabbati fojiali dardga aylangan navqiron yigit, kundek kulgan Kumush-u kundoshlik azobi qalbini xufton etgan, qadrsizlik koʻzlarini nafratga limmo-lim toʻldirgan Zaynabning achchiq qismati gavdalanadi.

Aslida Boborahim Mashrab gʻazali bilan ayti­ladigan, Oʻzbekiston xalq artisti Murodjon Ahmedov ijrosidagi «Oʻrtar» qoʻshigʻi «Oʻtkan kunlar» filmidan ancha oldin yaralgan. Biroq ushbu qoʻshiq mazkur filmda yangraganidan keyin mashhur boʻlib ketgan. Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, mazkur kinokartina 1969-yili suratga olingan. Murodjon Ahmedovning oʻgʻli Farhodjon aka shunday eslaydi: «Oʻshanda otam Qoʻqon teatrida ishlar, aktyor va ashulachi edi. Kino chiqmasidan oldin Boborahim Mashrabning «Oʻrtar» radifli gʻazaliga kuy bastalab, aytib yurgan edi. Bu qoʻshiq kinorejissyor Yoʻldosh Aʼzamov nazariga tushdi. Shu tarzda otamizning «Oʻtkan kunlar»dagi kichik roli va ijro etgan qoʻshigʻi favqulodda mashhur boʻldi».

Shu oʻrinda Kumushning hajrida figʻon chekayotgan Otabek cholgʻuchidan «Haydalish», «Ajralish» kuylarini chalishini iltimos qilishi, hofiz umri bino boʻlib, bunday qoʻshiqni eshitmaganini aytgan sahnani yodga olaylik. Oʻzbek mumtoz qoʻshiqlari tarixini tadqiq etgan hofiz va professor Hojiakbar Hamidovning «Oʻrtar»ni nazarda tutib, «Oʻzbeklarda yana bir gap bor. Yigʻlab koʻrishdi, degan. Xudo rahmat qilsin, Murodjon Ahmedov ijro etgan bu qoʻshiq sasi kinoga juda uygʻun. Dramatik bariton deb tasniflanadigan Murod akaning ovozi Otabek va Kumush fojiasini talqin qilishga qodir boʻldi», deya bildirgan mulohazalari ijro xususidagi ijobiy fikrlardan biridir. 

Bugungi kunda ushbu tarona yosh, umidli xonandalar tomonidan ijro etilmoqda. Biroq «Oltin ovoz sohibi, vodiy bulbuli» nomi bilan mashhur boʻlgan sanʼatkor Murodjon Ahmedov ijrosi xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan. Quyida mazkur qoʻshiq soʻzlarini eʼtiboringizga havola etamiz. 

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA

 tayyorladi.