Oʻzbekiston Respublikasi IIV Birlashgan tahririyati tomonidan tayyorlanib, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramovning umumiy tahriri ostida chop etilgan “Kadrlar xizmati fidoyilari” kitobining taqdimoti viloyatimizda davom etmoqda.
Ushbu kitobda shaxsiy tarkib bilan ishlash sohasida samarali xizmat qilib, jamoasi va el orasida obroʻ-eʼtibor qozongan faxriylar toʻgʻrisida tayyorlangan turkum maqolalar oʻrin olgan. Ana shunday fidoyi insonlar viloyatimizda ham anchagina. Shulardan marhum Egamberdi Shodmonov hamda isteʼfodagi mayor Abbos Hamidovlar kiritilgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari bilan oʻtkazilgan navbatdagi kitob taqdimotida IIV Birlashgan tahririyati bosh muharrir oʻrinbosari, mayor Azizjon Fayziev ishtirokchilarga Egamberdi Shodmonovning samarali va mazmunli xizmat yoʻllari haqida gapirib berdi.
Shundan soʻng viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining oʻrinbosari, mayor Baxtiyor Xudoyberdiyev bilan birgalikda E. Shodmonovning xonadoniga borildi. Oila aʼzolari bilan suhbatlashib, Egamberdi aka yana bir karra xotirlandi.
– Barchangizga katta rahmat, kam boʻlmangiz. Egamberdi akamni kitobga kiritganlaringiz biz uchun, ayniqsa, nabiralariga xotira boʻldi. Kelgusi avlodlarimiz oʻqib, bobosi shunday katta inson boʻlganlarini bilishadi, – deydi Sanobar aya.
Mirzoqul AHADOV,
“Postda” muxbiri.
Buxoro viloyati.
