Mutolaa ruhiy ozuqa olish jarayonidir. Kitob oʻqish kishining dunyoqarashini kengaytiradi, soʻz boyligini oshiradi, nutqini ravon qiladi. Yaxshi asar mutolaasi insonni kundalik mayda-chuyda tashvishlardan chalgʻitadi, maʼnaviyatini yuksaltirib, unga xotirjamlik bagʻishlaydi.
Turkigoʻy shoir, mutafakkir, davlat arbobi adib Yusuf Xos Hojib oʻzining «Qutatgʻu bilig» («Saodatga yoʻllovchi bilim») asarida shunday yozgan:
Oʻquv qut beradi,
bilim sharaf-shon,
Shu ikkov tufayli
ulugʻdir inson.
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari esa kitob beminnat ustoz, bilim va maʼnaviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbayi ekanligini uqtirganlar.
Sohibqiron bobomiz Amir Temur saltanatida oʻz davrining eng katta va boy kutubxonasi hisoblangan «Dor ul-kutub» («Kitoblar uyi») boʻlgan. Ushbu ziyo va maʼrifat maskanidagi noyob kitoblar va qoʻlyozmalarni saqlashga, asrab-avaylashga katta eʼtibor berilgan.
Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, Samarqanddagi saroy kutubxonasida oʻz davrining yetuk olimlari hisoblangan Abdujabbor Xorazmiy, Shamsuddin Munshiy, Abdullo Lison, Badriddin Ahmad, Noʻmoniddin Xorazmiy, Xoʻja Afzal, Alouddin Koshiy, Jalol Xokiylar Amir Temur homiyligida ilmiy-ijodiy faoliyat olib borgan.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning toʻrtinchisi aynan yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilishga qaratilgan. Ana shu tashabbus asosida «Yosh kitobxon» koʻrik-tanlovlari oʻtkazib kelinyapti. Bu tanlov orqali minglab yoshlar kitob mutolaasiga jalb qilindi va gʻoliblarga qimmatbaho sovgʻalar topshirilmoqda.
Ichki ishlar organlarida ham har yili «Eng yaxshi kitobxon» koʻrik-tanlovini oʻtkazish yaxshi anʼanaga aylangan, tez-tez kitob yarmarkalari tashkil etiladi, kutubxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 15-yanvaridagi «Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori xususida alohida toʻxtalishni istardim. Qarorga koʻra, Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi.
Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan tanlov orqali yosh yozuvchilar uchun grantlar ajratiladi va ularning asarlari nashr etiladi, bolalar adabiyoti yoʻnalishidagi loyihalar qoʻllab-quvvatlanadi. Eng sara xorijiy adabiyotlar oʻzbek tiliga va milliy adabiyotlarni xorijiy tillarga tarjima qilishda nashrga tayyorlash va chop etish xarajatlarining 50 foizi hamda mualliflik huquqi uchun xarajatlarning 80 foizi qoplanadi.
Shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha «Kitob – maʼrifat manbayi» dasturi amalga oshiriladi. Umumtaʼlim muassasalarida «Jadidlar izidan» kitobxonlik klublari tashkil etiladi. Har chorakda tuman(shahar) kesimida eng faol «Jadidlar izidan» kitobxonlik klublari aʼzolari ragʻbatlantiriladi.
Bundan buyon tegishli soha boʻyicha tavsiya etiladigan kasbiy faoliyatga oid adabiyotlar roʻyxati shakllantiriladi. Har bir tizimdagi tashkilotlarda «Kitob burchagi» tashkil etiladi. Xodimlar uchun har oyda «Kitob oʻqish soati» yoʻlga qoʻyiladi. Kitobxonlik boʻyicha ichki reyting tizimi joriy etiladi. Tanlov asosida eng koʻp kitob oʻqigan xodimga 1 oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.
Joriy yilning 24-fevralida Koʻksaroy qarorgohida davlatimiz rahbarining yoshlar bilan muloqoti chogʻida yangi oʻquv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat toʻplamni tayyorlab, barcha maktab va texnikumlarga yetkazish, eng faol kitobxon oʻquvchilarni 10 million soʻmdan mukofotlash vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, kutubxona, «book cafe» va kitob doʻkoni ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotuvini yoʻlga qoʻygan tadbirkorlarga 3 yilga 1 milliard soʻmgacha 7 foizli ssuda berish mexanizmi nazarda tutildi.
Kezi kelganda, qonunchilikka kiritilgan bir muhim oʻzgartirish toʻgʻrisida ham toʻxtalib oʻtish joiz. Unga koʻra, ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni oʻtash davrida mahkumlarda toʻgʻri maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan adabiyotlar roʻyxatidagi kitoblarni oʻqiganligi fakti tasdiqlangan taqdirda, mahkumga nisbatan tayinlangan jazoni oʻtash muddati qisqartirilishi mumkin. Bunda jazoni oʻtash muddati har bir oʻqilgan kitob uchun uch kunga, biroq bir yilda koʻpi bilan oʻttiz kungacha qisqartirilishi koʻzda tutiladi. Umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm etilganlar bundan mustasno.
Xoʻsh, har qanday kitob ham foydalimi? Yoʻq, albatta. Isteʼmol qilingan sifatsiz taom organizmni zaharlasa, sifatsiz va zararli kitob inson ongini zaharlaydi.
Kitobning zararliligi uning mazmuni, inson ruhiyatiga va ijtimoiy odob-axloq meʼyorlariga salbiy taʼsiri bilan belgilanadi. Axloqsizlikni, hayosizlikni va insoniy qadriyatlarga zid boʻlgan turmush tarzini odatiy hol sifatida tasvirlaydigan kitoblarni oʻqish ham, chop etish ham kerak emas.
Ekstremizm va adovat urugʻini sochuvchi, milliy yoki diniy nizolarni keltirib chiqaruvchi, terrorni oqlovchi, boshqa millat va elatlarga nisbatan nafrat uygʻotuvchi asarlar ham zararli kitoblar sirasiga kiradi. Ular jamiyatdagi barqarorlikka, totuvlikka, bagʻrikenglikka raxna soladi.
Insonni umidsizlikka va hatto oʻz joniga qasd qilishga boshlaydigan asarlar ruhiy salomatlikka ziyon yetkazadi. «Ommaviy madaniyat» mahsuli boʻlgan saviyasiz asarlar esa kishiga bilim ham, maʼnaviy ozuqa ham bermaydi. Ular faqat vaqtni oʻgʻirlaydi, didni oʻldiradi, fikrlashni cheklab qoʻyadi.
Kitob — qalb koʻzgusi. U orqali biz oʻzimizni, oʻzligimizni anglaymiz, ajdodlar merosini oʻrganamiz va kelajakka poydevor qoʻyamiz. Agar har bir xonadon ahli foydali kitoblarni oʻqisa, ana shu jamiyatda, albatta, taraqqiyot boʻladi, maʼnaviyat yuksaladi. Shunday ekan, keling, bu beminnat doʻst bilan aloqani uzmaylik. Mutolaa zavqi sizni hech qachon tark etmasin.
Bobomurod TOSHEV,
oʻz muxbirimiz.
