IIV Malaka oshirish instituti rahbariyati tashabbusi bilan ochilgan Institutning Bektemir tumani bazasida professor-oʻqituvchi hamda tinglovchi xodimlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, qolaversa, ularning ilmini yanada boyitish maqsadida zamonaviy qulayliklarga ega boʻlgan Axborot – resurs markazi faoliyat yuritib keladi. Institutning boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik oʻquv yigʻini ayol tinglovchi xodimlari ham ushbu kutubxonaga tez-tez tashrif buyurib turishadi.
Mazkur Axborot – resurs markazida kitobxonlar uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan boʻlib, zamonaviy kompʼyuter va jihozlar bilan taʼminlangan minglab kitob fondiga ega ushbu maskan endigina ichki ishlar organlari sohasiga qabul qilingan yosh xodimlari uchun munosib tuhfa boʻldi desak sira adashmaymiz. Zero, kutubxona fondida mavjud sohaga oid adabiyotlar ichki ishlar organlari xodimlari bilim saviyasini oshiradigan savolnomalar bilan boyitilgan.
Ayniqsa, bugungi zamon talablariga toʻliq javob beradigan mutolaa zalida elektron oʻquv jihozlarida sohaga oid maʼlumotlar qatorida Respublika Milliy axborot-kutubxona markazidan olingan 10000 dan ziyod turli mavzulardagi kitoblarning elektron shakllari, nusxalari mavjudligi kishini quvontiradi.
Oʻzbek hamda jahon adabiyotining bebaho javohirlari bilan bezatilgan ushbu ulugʻ maskan xodimlarining maʼnaviy olamini yuksaltirib, hayotini charogʻon etishi, intellektual salohiyati va tafakkurini yuksaltirib, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim oʻrin tutadi. Sohaga xodimlarning qiziqishini yanada orttiradi.
IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati.
