Ichki ishlar vazirligining “Oʻzbekiston” sanatoriysida Konstitutsiya kuni munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoyishi asosida bugungi kunda barcha hududlarda aholining keng qatlamlari oʻrtasida Konstitutsiyasi kuni bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar oʻtkazilmoqda.

IIV “Oʻzbekiston” sanatoriysida boʻlgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi ekanligi taʼkidlanib, yangi tahrirdagi Bosh Qomusimizda “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili asos qilib olingani, yaʼni har bir moddada inson qadri, uning huquq va erkinliklari aks topgani alohida qayd etildi.

Unda “Oʻzbekiston” sanatoriysi boshligʻi polkovnik A.Moʻminova, Vazirlik Kasaba uyushma qoʻmitasi bosh mutaxassisi, yuridik fanlar doktori, professor, isteʼfodagi polkovnik A.Sattorov, Ichki ishlar vaziri maslahatchisi podpolkovnik X.Roʻziyev, IIV Tibbiyot boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik A.Yakubovlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

Soʻzga chiqqanlar tomonidan soʻnggi yillarda iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-maʼnaviy hayotning turli sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning oʻrni va roli haqida fikr yuritdilar.

Shuningdek, xalq manfaatlari yoʻlida xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlari ham yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi bilan boshqalarga ibrat boʻlishi, oʻzining shaxsiy va kasbiy imijini muntazam ravishda yuksaltirib borishi zarurligi taʼkidlandi.

Tadbir soʻngida xodimlar oʻzini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdilar.