Bugun oʻzbek adabiyotining zabardast adibi Abdulla Qahhor tavallud topgan kun. 1907 yilda Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida tugʻilgan serqirra iqtidor sohibining ijod yoʻli 1924 yildan boshlangan. Uning ilk «Oy kuyganda» hajviy sheʼri «Mushtum» jurnalida bosilgan. U oʻzining «Shohi soʻzana», Ogʻriq tishlar», «Tobutdan tovush», «Ayajonlarim» komediyalari bilan oʻzbek dramaturgiyasi rivojiga salmoqli hissa qoʻshdi.
Urush yillarida yozuvchining bir qancha feleton, ocherk va hikoyalari eʼlon qilindi. «Asror bobo», «Dardaqdan chiqqan qahramon», «Kampirlar sim qoqdi», «Xotinlar» hikoyalari va «Oltin yulduz» kabi qissalarida oʻzbek jangchilarining mardligi, xalqimizning mehnatdagi jonbozligi, yuksak vatanparvarligi ifodalangan.
Oʻzbek nasrnafisligi rivojida uning “Sarob”, “Qoʻshchinor chiroqlari” romanlari, shuningdek, “Sinchalak” va “Oʻtmishdan ertaklar” qissalari alohida oʻrin tutadi. “Oʻtmishdan ertaklar”da muallif xotirasida chuqur iz qoldirgan odamlar haqida soʻzlaydi.
Oʻzbek kitobxonlari Abdulla Qahhor tarjimasida M. Gorkiyning «Mening dorilfununlarim», I. V. Gogolning «Revizor», L. N. Tolstoyning «Urush va tinchlik» romani (I — II kitoblari) va boshqa bir qator asarlarni oʻz ona tillarida oʻqishga muvaffaq boʻlganlar.
Abdulla Qahhor adabiyot sohasidagi xizmatlari uchun Oʻzbekiston xalq yozuvchisi unvoni bilan taqdirlangan. U 1968 yil 25 may kuni Moskvada 61 yoshida vafot etgan. Vafotidan soʻng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
