Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Korrupsiya milliy xavfsizlikka tahdid qiluvchi, fuqarolarning oʻzaro ishonchiga va xalq farovonligiga rahna soluvchi illatdir. U katta va kichik, rivojlangan yoki rivojlanayotgan davlat boʻlishidan qatʼi nazar, jahonning barcha mamlakatlarida uchrab turadi. Uni bartaraf etish boʻyicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan va bu kurash hamon davom etmoqda.

Respublikamizda ham mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi muhim vazifalardan biri sifatida korrupsiyaga qarshi kurashishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish, davlat idoralari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish, normativ-huquqiy hujjatlarni xalqaro huquq normalari asosida takomillashtirish kabi masalalar dolzarblik kasb etmoqda.

Amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida insonlar hayoti, dunyoqarashi hamda turmush tarzi keskin oʻzgarmoqda. Jamiyatda «Yangi Oʻzbekistonni birgalikda barpo etamiz!», «Biz korrupsiyaga qarshimiz!» kabi muhim maqsad shakllandi va uning barcha aʼzolarini «halollik vaksinasi» bilan emlash kundalik faoliyatimizga kirib kelmoqda.

Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini taʼminlash maqsadida korrupsiyaning oldini olish va aholi orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan preventiv choralar koʻrilmoqda. Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiq eʼlon qilib boriladigan maʼlumotlarning aniq roʻyxati shakllantirildi. Davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga yetarlicha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan vazirlik va idoralarning Prezidentimizning 2021-yil 16-iyundagi farmonida belgilangan ochiqlik sohasidagi majburiyatlarga toʻliq rioya etishi hamda amaldagi qonun hujjatlarining ijro holati muntazam oʻrganilib, monitoring qilib borish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Endilikda har bir vazirlik va davlat idorasining davlat xaridlari sohasidagi faoliyati, oʻz tasarrufidagi xizmat avtomototransport vositalari, xizmat uylari va boshqa koʻchmas mulklari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtirib borilmoqda.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari xatlovdan oʻtkazilib, korrupsiyaviy omillar va huquqiy boʻshliqlarni bartaraf qilish choralari koʻrilmoqda.

 

 Xususan, qurilish, sogʻliqni saqlash, oliy taʼlim va davlat xaridlari sohalariga oid 226 ta amaldagi normativ-huquqiy hujjat korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilganida 75 ta normativ-huquqiy hujjatda jami 302 ta korrupsiyaviy omil aniqlangan.

Davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish va osh­koralikni taʼminlash boʻyicha qonunchilikka bir qator oʻzgartishlar kiritildi:

– xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi va uning affillangan shaxsi bir savdoda ishtirok etishi, xarid komissiyasi aʼzosining ishtirokchilar bilan affillanganlik holatida ovoz berishi cheklandi;

– Hisob palatasi davlat xaridlarini auditdan oʻtkazishi va natijalarini har yili Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritishi hamda ochiq axborot manbala­rida eʼlon qilib borishi belgilandi;

– Moliya vazirligi va boshqa ishtirokchilarga savdo natijalari, qonun buzilish holatlari va tahliliy maʼlumotlarni ochiq axborot manbalarida eʼlon qilib borish vazifasi yuklatildi;

– maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringini olib borish va nazorat qilish jarayonlari tizimlashtirildi;

– qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikka tortish maqsadida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli norma kiritildi;

– davlat xaridlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi shartnomaviy munosabatlarda kontragentlarni tekshirish amaliyoti bosqichma-bosqich joriy etib borilmoqda.

Bugungi kunda budjet xarajatlarini tartibga solish boʻyicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, budjet qonunchiligining buzilishi faktlari toʻgʻrisida xabardor qilish va budjet jarayonini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish tartib-taomilini tashkil etish maqsadida «Open budget» – «Ochiq budjet» portali faoliyat yuritmoqda.

 

 Yashirin iqtisodiyot hamda korrupsiyaga qarshi «komplayens-nazorat» tizimini joriy etish maqsadida korrupsiya xavfi yuqori boʻlgan 91 ta vazirlik va idorada tajriba tariqasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimlari tashkil etildi. Xodimlarning korrupsiyaga qarshi dastur doirasida malakasini oshirish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Sud-huquq sohasida korrupsiyaga barham berish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi. Sudyalar mustaqilligini taʼminlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini

olish boʻyicha davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilandi. Sudyalar oliy kengashi tarkibida sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha sud inspeksiyasi

tuzildi. «Ibratli sudya» mukofoti joriy etildi.

Ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash boʻyicha imtihon jarayonlarini internet tarmogʻi orqali onlayn tarzda yoritib borishni yoʻlga qoʻyish, sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlash tartibi hamda sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni taʼminlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish belgilandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda zamonaviy axborot texnologiya­larini joriy etishga qaratilgan «Ye-antikorrupsiya» loyihasi amalga oshirilayotganini ham alohida taʼkidlash joiz.

Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish maqsadida «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi»ni tatbiq etish orqali sohaga doir huquqiy bilim va ongni yuksaltirish boʻyicha keng qamrovli tizimni yoʻlga qoʻyish hamda Davlat xizmatchilarini korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatsiyalash tartibini amalga kiritish koʻzda tutilmoqda. Oxirgi benefitsiar mulkdorlar yagona davlat reyestri shakllantirilishi boʻyicha choralar amalga oshirilib, hozirda qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Umuman olganda, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida katta maqsad va aniq vazifalar belgilab olingan. Ammo korrupsiya shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning saʼy-harakati bilan yoʻq qilib boʻlmaydi. Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yoʻq qilishga kirishilsagina, ijobiy natijaga erishish mumkin.

 

Farhod BOYTOʻRAYEV,

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bosh inspektori.