Korrupsiya har qanday jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, maʼnaviy hayotiga xavf soladigan, mamlakat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladigan illatdir. U demokratiya va qonun ustuvorligiga putur yetkazadi, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi, jinoyatchilikning koʻpayishiga sharoit yaratib beradi. Korrupsiya oqibatida milliy iqtisodiyot izdan chiqadi, ijtimoiy tengsizlik chuqurlashadi, hokimiyatga ishonch yoʻqoladi, aholi oʻrtasida noroziliklar kelib chiqadi.
Bunday jinoyatlarning koʻplab sodir etilishi iqtisodiyotni zaiflashtirib, siyosiy boshqaruvni izdan chiqarishi hamda fuqarolarning davlat tizimi va siyosiy tizimlarga nisbatan ishonchsizligini keltirib chiqarishi mumkin. Shu maʼnoda, korrupsiyani davlatga, jamiyatga va xalqqa qarshi jinoyat sifatida taʼriflash maqsadga muvofiqdir.
Yuqorida qayd etilganidek, korrupsiya taraqqiyot uchun jiddiy gʻov va afsuski, bu illat tobora kuchayib bormoqda. Agar korrupsiya 2005-yilda dunyo iqtisodiyotiga 80 milliard AQSH dollari miqdorida zarar yetkazgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2019-yilda
2,6 trillion AQSH dollariga yetgan. Albatta, mazkur holat korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashishda yanada izchil va sobitqadam boʻlishni taqozo etadi.
Mamlakatimizda ushbu illatga qarshi kurashish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha Istanbul Harakat rejasiga qoʻshilgan.
2017-yil 3-yanvarda «Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi mazkur yoʻnalishdagi ishlarning mantiqiy davomi boʻldi, deyish mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari, bu boradagi davlat siyosatining muhim yoʻnalishlari mustahkamlangan ushbu qonun bugungi kunda davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini taʼminlash, davlat organlari, mansabdor shaxslarning oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishi yuzasidan masʼuliyatini kuchaytirishga, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadlariga xizmat qilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosati samaradorligini oshirish maqsadida 2020-yil 29-iyunda «Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonga asosan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Agentlik ayni paytda oʻz vakolatlari doirasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bilan shugʻullanib kelmoqda.
Joriy yil 27-noyabrda davlatimiz rahbarining «Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan 9 ta ustuvor yoʻnalish, 30 ta muhim chora-tadbirlardan iborat Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2023–2024-yillarga moʻljallangan davlat dasturi tasdiqlandi. Unda korrupsiyaga qarshi kurashishning qonuniy asoslarini yanada takomillashtirish, korrupsiyaga oid xabarlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, davlat xaridlarida tovar (ish va xizmatlar)ning narxlarini nazorat qilish mexanizmlarini yaratish, Maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish, soha boʻyicha milliy ekspertlar jamoasini bosqichma-bosqich shakllantirish, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2030-yilgacha moʻljallangan milliy strategiyani ishlab chiqish kabi bir qator muhim maqsadlar belgilangan.
Hozirgi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha hududiy kengashlar faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, mamlakat parlamenti – Oliy Majlisning ikkala palatasida ham Korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitalari tashkil etilgan.
Ichki ishlar vazirligi mamlakatimizdagi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlaridan biridir. Vazirlik oʻz vakolatlari doirasida «Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonunning 11-moddasiga muvofiq:
– korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
– korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar boʻyicha tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiradi;
– korrupsiyaning holati va korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari toʻgʻrisidagi axborotni yigʻadi hamda tahlil qiladi, tegishli davlat organlariga zarur axborotni taqdim etadi;
– jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini koʻradi;
– aholi oʻrtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targʻibotga doir faoliyatda ishtirok etadi;
– korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oʻz vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qoʻyilishini taʼminlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi va h.k.
Ochiqlik va oshkoralik ichki ishlar organlari faoliyatida korrupsiyaning oldini olishda muhim tamoyil hisoblanadi. Shu bois, boshqa davlat organlarida boʻlgani kabi, qaror qabul qilish jarayonlarining shaffofligini taʼminlash maqsadida elektron axborot tizimi joriy etilib, kadrlar tanlashning ochiq tizimi yaratilgan. Qolaversa, qonun hujjatlariga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar ichki ishlar organlari faoliyati toʻgʻrisida, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, qonuniy manfaatlariga bevosita daxldor boʻlgan ishonchli axborotni belgilangan tartibda olish imkoniga ega.
Korrupsiyaga qarshi kurashish – mamlakat kelajagi bilan bevosita bogʻliq masala. Shunday ekan, bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilmogʻi zarur. Ana shundagina koʻzlangan maqsadga
erishiladi.
Kamol OLLOYOROV tayyorladi.
