«Buyuk sakrash»

«Menda ikkita yoʻl bor edi: bi­rinchisi – oʻgʻirlash hamda doʻstlarim va qarindoshlarimni «Forbes» roʻyxatiga kiritish, bu bilan xalqimni qup-quruq yer ustida qoldirish, ikkinchisi – xalqimga xizmat qilish va mamlakatni dunyoning eng yaxshi mamlakatlari oʻntaligiga kiritish. Men ikkinchisini tanladim». Bu soʻzlar gʻoyat qiyin va murakkab sharoitda Malayziya tarkibidan ajralib chiqqan Singapurni qisqa vaqt ichida jahonning iqtisodi baquvvat, korrupsiyadan xoli, bugun ham rivoj­lanishdan toʻxtamayotgan mamlakatga aylantirgan, barcha xalqaro reytinglarda birinchilikni saqlab kelayotgan ushbu mamlakatga uzoq yillar boshchilik qilgan mashhur davlat arbobi Li Kuan Yu­ning qimmatli soʻzlaridan bir parcha, xolos.

Xoʻsh, korrupsiyani yengish mumkinmi? 

Koʻpchilik dunyoda korrupsiya balosini yengish ancha dushvor ish, uning ildizlari shu darajada tomir otganki, uni tag-tubi bilan sugʻurish qiyin, deyishadi. Biroq singapurlik davlat arbobining korrupsiyani yengib, «yanchib» oʻz yurtida chinakam «moʻjiza», farovonlik sari «buyuk sakrash»ni amalga oshirgani yuqoridagi savol va ikkilanishga munosib javob boʻlishi mumkin.

Ushbu davlat allaqachon shiddat bilan rivojlangan mamlakatlar roʻyxatidan joy olishga ulgurdi. Endi u oʻzining yirik biznes markazlari, banklariga, osmonoʻpar binolariga, chiroyli yoʻllar, eng yaxshi taʼlim va rivojlangan sogʻliqni saqlash tizimiga ega. «Singapur tajribasi» yoki «Singapur sifati» degan atama paydo boʻlgan. 

Singapur qanday qilib qisqa vaqt ichida bunday natijalarga erishdi? 1950-yillarda Singapurda pora ochiq tarzda olingan va hatto bu illat mahalliy hokimiyatlarda anʼanaga ham aylanib ulgurgandi.

Toʻgʻri, mamlakatni modernizatsiya qilishda ustuvor yoʻnalishlar: investitsiya va innovatsiyalarni rivoj­lantirish, ijtimoiy modernizatsiya, siyo­siy barqarorlik muhim omil boʻldi. Biroq mamlakat taraqqiyoti­ning eng muhim omili sifatida korrupsiyaga qarshi kurashish ustuvorlik kasb etdi. Hukumat rahbari shaxsiy aloqalaridan qatʼi nazar, korrupsiyani yoʻq qilishni asosiy vazifa qilib belgiladi. Shu vaqtdan boshlab mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus byuro tuzilib, u Bosh vazirga shaxsan hisobot beradigan boʻldi. Mazkur Byuro xodimlariga keng vakolatlar bilan birga, korrupsiyada gumon qilinganlarni qidirish, hibsga olish, ularning qarindoshlari va kafillarini tergov qilish, korrupsiya ishini yuritish jarayonida aniqlangan har qan­day huquqbuzarliklarni tekshirish topshirigʻini berdi. Hattoki Li Kuan Yu korrupsiya bilan qoʻlga tushgan qarindoshlarini ham ayovsiz jazoladi. Shuningdek, hukumat rahbari sudya va davlat xizmatchilarining maoshlarini oshirdi. Masʼuliyatli lavozimlarda ishlaydigan davlat xizmatchilarining ish haqi xususiy korporatsiyalarning top-menejerlari bilan taqqoslanadigan darajaga koʻtarildi.

Yuqorida sanab oʻtilgan omillarning hammasi Singapurni qisqa muddatlarda korrupsiya darajasi eng past mamlakatlar roʻyxatida ilgʻor davlatlar qatoriga olib chiqdi. Shuningdek, davlat xizmatchisining axloq standartlariga rioya etishini qattiq nazorat ostiga olish ham mazkur davlatda korrupsiyaga qarshi kurashda muhim dastaklardan biri boʻlib xizmat qiladi.

Darhaqiqat, dunyo olimlari va siyosatchilari davlat arbobi Li Kuan Yu qatʼiyat va ishonch bilan oʻtkazgan islohotlarni bejiz «inqilobiy» deb atashmagan.

 

Islohot islohot uchun emas, inson qadri uchun

Korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimizda ham davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishiga aylanib ulgurdi. Buni soʻnggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan maʼmuriy islohotlar misolida ham koʻrish mumkin. Chunonchi, sohada normativ-huquqiy bazani tizimli ravishda takomillashtirib borish choralari koʻrilmoqda. Fikri­mizning isboti oʻlaroq, korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi qonunning kuchga kirgani, shuningdek, turli qonunosti hujjatlarining qabul qi­linganini keltirish mumkin. Shu­ningdek, qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, vakolatli organlar tizimi, fuqarolar­ning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, 

ommaviy axborot vositalari va fuqarolarning mazkur sohadagi ishtiroki, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, jazo muqarrarligini taʼminlash va bu borada xalqaro hamkorlikni taʼminlash kabi choralar mustahkamlab qoʻyildi.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash boʻyicha chora-tadbirlarning asosida davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda. Bundan tashqari, budjet xarajatlarini tartibga solish boʻyicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, budjet qonunchiligining buzilishi faktlari toʻgʻrisida xabardor qilish va budjet jarayonini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish tartib-taomilini tashkil etish boʻyicha «Openbudget» – «Ochiq budjet» portali ishga tushirildi. Bir soʻz bilan aytganda, islohot islohot uchun emas «inson qadri uchun» tamoyiliga asoslanib amalga oshirilmoqda.


Halollik – insoniylik belgisi

Azaldan xalqimiz halollik, poklik kabi fazilatlarga alohida eʼtibor berib, bu xislatlarga inson umri­ning xotirjam, osoyishta va farovon oʻtishiga kafolat sifatida qarab kelgan. Shu bilan birga, bunday yuksak insoniy fazilatlar kishilar maʼnaviyatini shakllantirishda asosiy omil, deya eʼtirof etilgan. 

Halollik haqida koʻp va xoʻp gapiramiz-u, ammo unga amal qilish oson emas. Halollikni shior qilgan inson bunday fazilat bilan hamisha faxrlanadi. Biroq ayrimlar egri va nopok yoʻlni tanlab, boshi berk koʻchaga kirib qolganliklarini kech anglashadi. Bunga, albatta, nafs balosi sababchi boʻladi. Oʻz manfaatini oʻzgalar manfaatidan ustun qoʻyish, ehtiyojga erk berish esa nafsni ragʻbatlantiradi. Bunday holatda nafsni jilovlab boʻlmaydi. Ulugʻ alloma Nosir Xisrav aytganlaridek: 


Gʻavvos tama qilib marvarid, 

marjon, 

Oxir fido qilur unga shirin jon.


Darhaqiqat, halollik inson tabiatidagi eng goʻzal tuygʻu boʻlib, aynan mana shu tuygʻu orqali u boshqalarning mehr-muhabbatini qozonadi. Qalbi pok va toza, halol yoʻldan yurgan insonning hamisha koʻngli ravshan, xotirjam boʻladi. 

Keyingi paytlarda ichki ishlar organlarida oʻtkazilayotgan islohotlar samarasi oʻlaroq, shaxsiy tarkib oʻrtasida ham maʼnaviy-maʼrifiy ishlar sifat jihatdan yangi pogʻo­nalarga koʻtarildi, xodimlarning bilim saviyasini yanada yuksaltirish, halol, sadoqatli va fidoyi xodimlarni shakl­lantirishga alohida eʼtibor qaratil­moqda. Natijada halollikni shior qilgan xodimlar koʻplab uchramoqda. Xodimlar fuqarolar tomonidan taklif etilayotgan poralarni olmasdan, uning huquqiy oqibatlari haqida qayta-qay­ta tushuntirishmoqda, oʻz fikridan qaytmagan taqdirda, oʻrnatilgan tartibda vakolatli organga murojaat qilishmoqda. 

Bosh prokuratura maʼlumotla­riga koʻra, oʻtgan yil davomida respublika boʻyicha jami 2965 ta jinoyat ishi boʻyicha 3116 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 110 nafari respublika, 264 nafari viloyat va 2742 nafari tuman (shahar) miqyosidagi vazirlik, idora va tashkilotlarda faoliyat yuritgan.

Mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trln. 12 mlrd. soʻm miqdorida moddiy zarar yetkazilgan boʻlib, tergov jarayonida ushbu zararning 847 mlrd. soʻmi undirilgan.


Reytingda 

yana yuqoriladik

Oʻzbekiston «Open Data Watch» tashkilotining «Open Data Inventory» (ODIN) Ochiq maʼlumotlar reytingida 66 ball yigʻib, jahon boʻyicha 40-oʻrinni, Markaziy Osi­yoda esa 1-oʻrinni egalladi. 

Mazkur reyting mamlakatning statistik takliflari qanchalik toʻliqli­gini va ulardagi maʼlumotlar xalqaro ochiqlik standartiga mos kelishini baholaydi. Uning 2022-yilgi natijalarida birinchi oʻrinni Singapur egallagan. Keyingi pogʻonalarni esa Daniya, Finlandiya band etgan. Mintaqa mamlakatlari hisoblangan, Qozogʻiston 48, Qirgʻiziston 89, Tojikiston 120, Turkmaniston 192-oʻrinlarda qayd etilgan.


Xulosa oʻrnida

Inson har bir ishda halollikni ustuvor bilsa, erishilayotgan yutuq va muvaffaqiyat ham barakali va fayzli boʻladi. Shuningdek, koʻzi toʻq, halol va pok, kishilarga ezgulik ulashuvchi insonning umri oso­yishtalikda, farovonlikda oʻtib, el-yurt orasida obroʻ-eʼtibor qozonadi. Eng muhimi, yurtda tinchlik, jamiyatda barqarorlik hukm suradi. Shunday ekan, korrupsiyaga qarshi mu­rosasiz kurashish adolatli jamiyat barpo etishdek ulugʻvor maqsadga erishishimizda muhim oʻrin tutishini hech qachon unutmasligimiz lozim.


Azizjon FAYZIYEV, 

mayor.