Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Korrupsiya – jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan jirkanch illatdir. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi. Xullas, korrupsiya bor joyda rivojlanish boʻlmaydi.

Oʻz vakolatini suiisteʼmol qilish turlicha boʻlgani kabi, korrupsiya ham turli koʻri­nishda yuzaga keladi. Unga faqat pora olish yoki berish emas, balki xizmat vaqtida tovlamachilik, firibgarlik, mulkni oʻzlashtirish, sovgʻa olish va berish, qarindoshchilik, mahalliychilik, lobbizm faoliyatlari ham kiradi.

Bunday holatlarning oldini olish uchun ichki nazorat – boshqaruv apparatining oʻzida nazoratni kuchaytiruvchi tu­zilmalar yaratishni taqozo etadi. Xususan, Prezidentimizning 2020-yil 29-iyundagi «Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoniga asosan 2020–2021-yillarda barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (komplayens-nazorat)ni bosqichma-bosqich joriy etish belgilab qoʻyildi. Shuningdek, korrupsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturiy taʼminotni yaratish qayd etildi.

Xorijiy amaliyot tahlili shuni koʻrsatdiki, davlat va xususiy sektor ishtirokchilarining xalqaro standartlar, qonun hujjatlari va boshqa zamonaviy usullarga muvofiq samarali faoliyat yuritishini taʼminlovchi muhim vositalardan biri oʻz tarkibida korrupsiyaga qarshi kurashish komplayens-nazorat tizimini tashkil etish hisoblanadi.

2019-yilgi maʼlumotga koʻra, bugungi kunda 150 dan ortiq mamlakatda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi joriy etilgan.

Korrupsiyaga qarshi komplayens- nazorat – davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa meʼyoriy huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etuvchi, korrupsiya xavf-xatarlari, manfaatlar toʻqnashuvini oʻz vaqtida aniqlash va chek qoʻyish, qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berishni oʻzida mujassam etgan profilaktik tizimdir. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi xodimlarning ichki etiket qoidalariga rioya qilishini nazorat qilishdir.

Xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlasak, Singapur, Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH kabi rivojlangan mamlakatlarda «Davlat xizmati toʻgʻrisida»gi, «Davlat xizmatida jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida»gi qonunlar hamda davlat xizmatchilari, man­sabdor shaxs­lar, shuningdek, sudyalarning xatti-harakat meʼyorlarini tartibga soluvchi Axloq kodekslari mavjud ekanligini koʻrishimiz mumkin.

Ilgʻor xorijiy davlatlarning korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish jarayonida qoʻllayotgan usullaridan yana biri – davlat xizmatchilarining mol-mulki, daromadlari hamda katta hajmdagi xarajatlarini deklaratsiya qilishning majburiy etib belgilanganligidir. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad mansabdor shaxslarning noqonuniy daromad olishiga yoʻl qoʻymaslik va manfaatlar toʻqnashuvini bartaraf etishdan iborat.

Masalan, Daniya hukumati vakillarini har yili oʻz mol-mulki va shaxsiy daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni nashr etishga, xorijiy kompaniyalarda aksiyalarga ega boʻlishni taqiqlashga majbur qiladi. Bu boshqaruv faoliyatining oshkoraligi va shaffofligini, korrupsion holatlar­ning oldini olishga yordam beradi.

Mamlakatimizda ham korrupsiyaga qarshi kurashish hamda mazkur turdagi jinoyatlarning oldini olish maq­sadida ichki nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish ishlari boshlab yuborildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining «Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida»gi buyrugʻi 2021-yil 8-sentabr kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Nizom bilan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari oʻz faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga (kuzatuv kengashiga) boʻysunishi belgilandi.

Korrupsiyaning oldini olishda rivojlangan mamlakatlarda davlat xizmatchilari yuqori darajadagi ijtimoiy muhofazaga egaligi ham muhim omil hi­soblanadi. Davlat xizmatchilari bepul tibbiy xizmat va taʼlim olish huquqiga ega boʻlib, ijtimoiy kafolatlarga tayanishlari mumkin. Bu esa korrupsion harakatlar ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi rahbarlari tegishli tashkilot tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda oʻtkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Mazkur tuzilmalar rahbarlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining roziligisiz lavozimdan ozod etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi va tuzilmalar mustaqilligi taʼminlanadi.

Tuzilma xodimlari tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini takomillashtirish boʻyicha ish olib boradi. Tashkilotda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish hamda mazkur illatga qarshi kurashish tizimi samarali ishlashini taʼminlash va nazorat qilishni yoʻlga qoʻyadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.

 

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun nizomda Korrupsiyaga qarshi nazorat tuzilmasiga qator huquqlar berish bilan birga, majburiyatlar ham yuklangan. Xususan, nazorat tuzilmasi xodimlari tekshiruv­lar oʻtkazishi, hujjatlarni talab qilishi, xodimlardan yozma tushuntirishlar olishi mumkin. Tashkilot tizimida jinoyat alomatlari, xususan, korrupsiya holatlari aniqlangan hollarda, zudlik bilan toʻgʻridan toʻgʻri yuqori turuvchi organ, Agentlik va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.

Bu esa, oʻz navbatida, korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash hamda ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, bu turdagi xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hujjatlar ijrosini soʻzsiz taʼminlashga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, dunyo afkor ommasi, bu illatga beeʼtibor boʻlmagan qatlam tomonidan korrupsiyani yengishning turli yechimlari taklif qilinadi. Baʼzilar, avvalo, tizimni raqamlashtirish zarurligini aytsa, boshqalar ishchilar maoshini koʻtarish, jazoni kuchaytirish va korrupsiya holatlarini aniqlash boʻyicha alohida tekshiruvlarni amalga oshirish kerakligini taʼkidlaydi. Lekin bir haqiqatni yoddan chiqarmasligimiz lozim. Odamlar dunyoqarashini oʻzgartirmay, fuqarolarda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirmay va davlat xizmati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatmay turib, bu borada ijobiy natijaga erishish juda qiyin.

Foziljon MAMASHARIPOV,

«Postda» muxbiri.