Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Tarixi bir necha ming yillikka borib taqaladigan korrupsiya juda koʻp davlatlarning katta muammosi boʻlgan. Unga qarshi turli yoʻllar bilan kurashilgan va hozir ham bu davom etyapti. Mamlakatimizda ham bu illat ildizini yoʻqotish, unga qarshi kurashish doirasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar, dasturlar qabul qilindi va ular boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Korrupsiyasiz sohada adolat va rivojlanish boʻladi. Shu bois illatni yoʻqotish, kamaytirish yuzasidan koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar OAVda eʼlon qilinyapti. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maʼlumotiga koʻra, sudlar tomonidan 2020 yil davomida korrupsiya bilan bogʻliq jami 2270 nafar shaxsga nisbatan 1502 ta jinoyat ishi koʻrib chiqilgan.

Boshqa sohalarda boʻlgani kabi, ichki ishlar organlari xodimlari oʻrtasida ham korrupsiyaga qarshi kurashish immunitetini shakllantirish, bu illatni yoʻqotish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish, shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish ustuvor vazifaga aylangan. Halollikni shior qilgan koʻplab xodimlar korrupsion holatlar, pora bermoqchi boʻlayotgan shaxslar haqida xabar berib, kasbiga sodiqligini amalda namoyon etishyapti.

Amalga oshirilgan bu kabi ishlar natijasida Oʻzbekiston Respub­likasi «Transparency International» xalqaro tashkilotining reytingida oʻz oʻrnini 7 pogʻonaga yaxshilab, 2020 yil 180 ta davlat orasida 146-oʻrinni egalladi. Bu xursand boʻlishga arziydigan natijami? Afsus­ki, bunga «Ha» deb javob berish mushkul.

Hali-hanuz jamiyatimizda bu illat eng katta muammoligicha qolmoqda. Uni hamma sohada uchratyapmiz. Eng yomoni, kimgadir pul berib ishini bitirishni «Ha, endi oʻzbekchilik-da», deb oqlaydiganlar koʻpaymoqda.

Kichkina bir detal yoki murvat ishlamasa butun boshli katta mashina yaxshi yurmaydi yoki ishlamaydi. Ana shu arzimasdek tuyulgan kichik nosozlik bora-bora boshqa detallarni ham ishdan chiqaradi. Xuddi shunday, tanasining bir joyida dardi bor odam vaqtida davolanmasa, dard kuchayib boshqa aʼzolarni ham zararlaydi. Korrupsiya ham xuddi shunday. Jamiyatda bu illat bor ekan, vaqtida uning ildizi qirqilmasa, qarshi kurashilmasa, u barq urib rivojlanaveradi. Oqibatda davlat tanazzul botqogʻiga botib boraveradi.

Xoʻsh, unga qarshi qanday kurashish kerak? Yana qanday choralar koʻrish lozim?

Bu borada ziyolilar, huquqshunoslar, ulamolar fikriga quloq tutadigan boʻlsak, muammoning yechimini topgandek boʻlamiz. Baʼzilari qonunni qatʼiylashtirib, jazoni kuchaytirish kerak, desa, ayrimlari unga qarshi kurashni oiladagi tarbiyadan boshlash lozim, halol-haromning farqini bolalikdan ularning ongiga singdirish zarur, deya taʼkidlashadi. 

Aksariyat mutaxassislar esa bu illatni yoʻqotish faqat huquq-tartibot idoralarining vazifasi boʻlib qolmay, unga qarshi butun jamiyat kurashmogʻi shart, degan fikrni ilgari suradi.

Muqaddas dinimizda ham poraxoʻrlik, tamagirlikning haromligi, uning salbiy oqibatlari toʻgʻrisida koʻp gapirilgan. Xususan, Imom Ahmad va Imom Termiziylar Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilishlaricha, Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam pora beruvchini ham, pora oluvchini ham laʼnatlaganlar. Yaʼni, pora shunday ulkan gunohki, u bilan muomala qiluvchilar laʼnatlangan.

Nega biz bu illatdan qutula olmayapmiz? Chunki aksariyat odamlar halol va haromning farqiga bormay qolishgan. Rahmatli bobom bizlarga bir gapni koʻp takrorlardi: «Roʻzgʻoringga haromni aralashtirma, bolalaringga harom luqma yedirma». Afsuski, bugun bu gap koʻp oilalarda unutilgandek. Ilgari ertalab koʻchaga chiqib ketayotgan sohibini ayoli «ochdan oʻlsak ham, uyga harom narsa olib kelmang», deya kuzatgan boʻlsa, bugun aksariyat oilalarda uy bekalari «nima qilib boʻlsa-da, pul topib keling. Qanday topasiz, menga farqi yoʻq», deya jufti halolini ishga kuzatmoqda. Kam oylikka ishlaydigan er xotiniga mashina sovgʻa qilyapti, biror joyda tuzukroq ishlamay, dangʻillama uylar qurmoqda, farzandiga qimmatbaho telefon olib beryapti. Lekin biror marta mashina nimaning hisobiga olingani, uy qanday yoʻllar bilan qurilayotgani haqida soʻrab koʻrishmayapti. Nafsilamrini aytganda, odamlarda Allohdan qoʻrqish hissi kamayib ketmoqda.

Bunday holatda korrupsiyaga qarshi qonunlarni kuchaytirish bilan birga, uning qanday ogʻir gunohligini, salbiy oqibatlarini tushuntirishimiz kerak. Aslida harom yeyishdan, Yaratganning gʻazabidan qoʻrqqan inson nainki birovning haqqiga koʻz olaytirmaydi, tamagirlik qilmaydi, balki boshqa yomon ishlardan ham qaytadi.

Dunyoda qanday yomon kasallik borki, korrupsiya shulardan ortiq boʻlsa, ortiqki, aslo kam emas. Bu ham epidemiya. U juda yuqumlidir. Pul bermasa, ish bitmaydi, degan fikr odamlar qon-qoniga shunchalik singib ketganki, buni oddiy holdek qabul qilishadi. Bu illatning qanchalik hayotimizga chuqur kirib borganini kunda-kunora ishlatadigan naql va maqolarimizdan ham anglasak boʻladi: «Sizdan ugina, bizdan bugina», «Yo zaring boʻlsin, yo zoʻring», «Bor tovogʻim, kel tovogʻim...», «Oʻnta siz-bizdan bitta jiz-biz yaxshi», «Mushuk tekinga oftobga chiqmaydi» va hokazo.

Korrupsiyaga qarshi kurashning juda oddiy formulasi bor. Buni koʻpgina rivojlangan davlatlar oʻz jamiyatiga joriy etib, yaxshi natijaga erishib kelmoqda. Yaʼni, mamlakatda qonunlar va javobgarlik hammaga teng boʻlishi. Hech kim – amaldor ham, ishchi ham jazodan qochib ketolmasa, poraxoʻrlik uchun qonunda koʻrsatilgan jazoni olsa, muammo oʻz-oʻzidan barham topadi. Yillar davomida aziyat chekib kelayotgan illatni yoʻqotishga erishamiz.


KORRUPSIYA VA FAKT...

– Janubiy Koreyada davlat xizmatida uchrayotgan korrupsiya holati haqida xabar bergan kishi zarar miqdoriga qarab, bir million 700 ming dollargacha mukofotlanadi.

– Xitoyda davlat xizmatida ishlaydigan amaldorlar va ularning oila aʼzolari tez-tez qamoqxonalarga sayyohat qilishar ekan. Bundan koʻzlangan maqsad agar poraxoʻrlikka qoʻl ursa, oʻzlarini ham shunday jazo kutishini anglab yetish boʻlgan.

– Gerodot shunday yozadi: fors shohi Kambis qonunga muvofiq ishlamagan, adolatli hukm chiqarmagan sudyaning terisini shilish toʻgʻrisida buyruq chiqargan. Muhim jihati, oʻsha shilingan teri undan keyin shu lavozimga oʻtiradigan sudyaning kreslosiga qoplangan.

– Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, har yili pora oldi-berdisida oʻrtacha 1 trillion AQSH dollaridan oshiqroq miqdordagi mablagʻ aylanadi.

Sotsiologiya fanlari doktori Bahrom Farfiyevning fikricha, korrupsiya bilan kurashda qonunchilik omilining rolini oshirish, xususan, mansabdorlar va ularning oila aʼzolari uchun daromadlarni deklaratsiya qilish majburiyatini amaliyotga tatbiq etishning ayni vaqtidir. 

Shuningdek, bu jirkanch illatni yoʻqotishda oiladagi muhitga katta eʼtibor berish, tarbiyani kuchaytirish ham yaxshi samara beradi.

Korrupsiyasiz jamiyatni yaratishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligini taʼminlash, elektron hukumatni keng joriy etish, inson omilini kamaytirish ham yaxshi samara berishi sinalgan usullardan biridir. 

Korrupsiya darajasi eng past boʻlgan Singapur, Finlyandiya, Janubiy Koreya shu darajaga xalq ruhiyatini saqlab qolish, diniy qadriyatlarni mustahkamlash, vatanparvarlik mafkurasini ongga singdirish orqali erishgan. Hamma uchun bir xilda ishlaydigan qonunlarni joriy etish, odamlarda huquqiy madaniyatni shakllantirish, biror manfaatsiz jamoatchilik nazoratini yaratish tufayli shu maqomga sazovor boʻlgan. Biz ham shu nurli yoʻldan yurishga munosib xalqmiz. Nahot, ular qilgan ishni biz qilolmasak?!

Xullas, taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tugʻdiruvchi bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi boʻlmogʻi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etamiz, korrupsiyasiz soha, korrupsiyasiz jamiyatni yaratamiz.

Foziljon MAMASHARIPOV,

«Postda» muxbiri.