... Yosh kelinning oilasi buzilib ketdi. Oraga koʻpni koʻrgan, kayvoni onaxonlar tushdi. Lekin er va uning ota-onasi kelinini koʻp bora aldab kelgani, yolgʻonchiligi uchun kechira olishmadi. 

Qaynota boʻlmish soʻzida qattiq turib oldi: «Boshqa aybni kechirsa boʻlar, lekin yolgʻonchi odam tuzalmaydi. Ertaga farzand koʻrib, unga taʼlim-tarbiya beradigan ona yolgʻonni kasb qilib olsa, zurriyodlarimizning ham feʼlida noqislik boʻladi, shuning uchun ham yara gazak olmay turib, hammasiga nuqta qoʻygan afzal!»

Chindan ham yolgʻon bor joyda ishonchsizlik boʻladi, hatto eng yaqin birodarlar, qavmu qarindoshlar ham bir-birlariga ishonchni yoʻqotishadi. Yolgʻon nafaqat oilalarni parokanda qiladi, balki jamiyatni ham parchalaydi, tarafkashlik, guruhbozlikka yoʻl ochiladi.

– Boshligʻimiz juda insofsiz, koʻzingga qarab yolgʻon vaʼdalar beradi. Odam ajratadi, iqtidori yoʻq boʻlsa-da, oʻziga qarashlilarni qoʻllab-quvvatlaydi. Fidoyi mutaxassislarning qadriga yetmaydi. Shuning uchun ham ishxonamizdan baraka ketgan, – deya yozgʻiradi nufuzli tashkilotda ishlaydigan ayol.

Bunday tabiatga ega rahbar qoʻl ostidagi xodimlari oldida obroʻsini ham yoʻqotganiga achinasan kishi. Bu toifadagi insonlar uzoqqa borolmasligi aniq. Chunki odamlarning bunday koʻzboʻyamachilik­larga toqati yetmaydi-da...

Chaqimchilik ham yolgʻonchilikning bir turi boʻlib, odamlar orasiga nifoq urugʻini sochadi, dushmanchilik kayfiyatini uygʻotadi. 

Muqaddas kitoblarimizda ham yomon odamlar safida, eng avvalo, yolgʻonchilar turishi zikr etilgan. Yolgʻonchilik muammolarini oʻrganuvchi psixologlar, haqiqatni aytishdan koʻra yolgʻon gapirish qiyinligini taʼkidlashadi. Yolgʻon tabiati, namoyon boʻlish shakli va maqsadiga koʻra farqlanadi. Har qanday yolgʻon xavfli: uning katta kichigi, ochiq va yashirin, sodda va ayyoronaligi ahamiyatsiz. U kimdan chiqishidan qatʼi nazar, aniqlanmagan yolgʻon alohida xavf tugʻdiradi. Jinoyat jarayonida haqiqatni aniqlashda, toʻgʻri qaror qabul qilishda, u adolatga jiddiy putur yetkazishi mumkin. 

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,

oʻz muxbirimiz.