IIV Xorazm akademik litseyida IIV Birlashgan tahririyati tomonidan nashrga tayyorlangan “Kadrlar xizmati fidoyilari” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Tadbirda viloyat ichki ishlar organlari xodimlari, faxriylar hamda litsey oʻquvchilari ishtirok etishdi. Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni IIV Xorazm akademik litseyi direktori vazifasini bajaruvchi, podpolkovnik Azamat Matyoqubov ochib, soʻnggi yillarda mamlakatimizda kitob mahsulotlarini nashr etish va kitobxonlikni keng targʻib qilishga alohida eʼtibor berilayotgani, ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ham ana shunday xayrli ishlarning uzviy davomi ekanligini taʼkidladi.
Tadbirda IIV Birlashgan tahririyati bosh muharriri, polkovnik Bernora Sadikova ishtirok etib, mazkur kitobni tayyorlash va nashr etish jarayonlariga toʻxtalib, kitob inson tafakkurini boyituvchi, maʼnaviyatini yuksaltiruvchi muhim vosita ekanligini, kitobni oʻziga doʻst deb bilgan har bir kishi hayot qiyinchiliklarini osonlik bilan yengib oʻtib, jamiyatda oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishi haqida oʻzining fikrlarini bildirdi.
Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan uchrashuvda soʻz olgan viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Dilnoza Bogʻibekova, viloyat IIB boshligʻining maslahatchisi, isteʼfodagi polkovnik Rustam Rahimov, ichki ishlar organlari faxriylari, isteʼfodagi polkovniklar Aminboy Tojiev, Shavkat Ibragimov, Gʻofirjon Davlatov, Ilʼmir Hamidulin, isteʼfodagi podpolkovniklar Shavkat Otajonov, Bahodir Rahimov hamda Madamin Ochilovlar “Kadrlar xizmati fidoyilari” kitobi oʻquvchini bir zum boʻlsa-da, oʻtmishga sayohat qilishga chorlaydigan, undagi hayotiy voqealar, xizmat jarayonlari esa har bir kishini hayotga ziyraklik bilan nazar tashlashga undaydigan asar boʻlganligini tilga olib oʻtishdi.
Mazmunli tarzda oʻtkazilgan mazkur tadbir yakunida xizmat vazifasini bajarishga masʼuliyat bilan yondoshayotgan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari hamda litseyning eng faol oʻquvchilariga faxriy yorliq, “Tashakkurnoma” va kitoblar sovgʻa qilindi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
