Har bir xalq, millat uchun oʻz Vatanining ramzlari muqaddas hisoblanadi. Boisi, ularda oʻsha xalqning shonli oʻtmishi va buyuk kelajagi, asriy anʼana va urf-odatlari oʻz aksini topadi. Shu maʼnoda, madhiya, gerb va bayroq bizning milliy ramzlarimizdir.
Bugun Oʻzbekiston farzandlarining sanʼat, madaniyat, fan va sport boʻyicha xalqaro miqyosda qoʻlga kiritayotgan yutuqlari va ular shaʼniga madhiyamiz yangrab, davlatimiz bayrogʻining magʻrur hilpirashi har qanday millatdoshimizning koʻzlarida faxr va quvonch yoshlariga sabab boʻlmoqda. Ajdodlariga munosib voris sifatida voyaga yetayotgan yosh avlodga qarata «Baraka top, otangga rahmat, bizning ishonchimiz, ertamiz egalarisiz», deya hayqirgimiz keladi.
Yurtimiz istiqlolga erishgach, uning davlat sifatida shakllanishida davlat ramzlari ham zarur edi. Shu bois mamlakat arboblari, siyosatchilari, olimlari oldida uning ramzlari ustida bosh qotirish kabi muhim masala koʻndalang turar edi. Izlanishlar va oʻrganishlardan soʻng bayrogʻimiz, gerbimiz va madhiyamizning loyihalari ishlanib, keng jamoatchilik eʼtiboriga havola etildi.
Shunday qilib, 1991-yil 18-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oʻtkazilgan VII sessiyasida «Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida»gi qonun qabul qilindi. Bayrogʻimiz va uning ramzi bugungi Oʻzbekiston sarhadida qadimda mavjud boʻlgan davlatlar bilan tarixan bogʻliqligini anglatadi hamda respublikaning milliy-madaniy anʼanalarini oʻzida mujassamlashtiradi.
Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obi hayot ramzi. Timsollar tilida bu yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrogʻining rangi ham moviy rangda edi. Bayroqda oq rang muqaddas tinchlik ramzi boʻlib, poklik, begʻuborlik, soflik, orzu va xayollar tozaligi, ichki goʻzallikka intilishning timsoli. Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil rang esa vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi. Navqiron yarim oy tasviri bizning tarixiy anʼanalarimiz bilan bogʻliq. Ayni paytda u qoʻlga kiritilgan mustaqilligimiz ramzi hamdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻidagi 12 yulduz tasviri ham tarixiy anʼanalarimiz, qadimgi yilnomamizga bevosita aloqador. Bizning 12 yulduzga boʻlgan eʼtiborimiz Oʻzbekiston sarhadidagi qadimgi davlatlar ilmiy tafakkurida nujum ilmi taraqqiy etganligi bilan izohlanadi.
Bayrogʻimiz jonajon oʻlkamiz dunyoda xalqaro hamjamiyatning tenglar ichra teng aʼzosi ekanligini anglatadi va oʻzida milliy-madaniy anʼanalarimizni mujassamlashtiradi. Bayrogʻimiz oʻzida butun Oʻzbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni mujassam etgan. Ayniqsa, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etadi. Shuningdek, yurt tinchligi va osoyishtaligini, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlashga bel bogʻlagan har bir Vatan himoyachisining Oʻzbekiston Respublikasi davlat bayrogʻi oldida Vatanga qasamyod qabul qilishida ham ramziy maʼno bor.
Bugun yurtimiz boʻylab deyarli barcha hududlar markazlarida eng yuksaklikda hilpirab turgan davlatimiz bayrogʻini koʻrishimiz mumkin. Bu ham boʻlsa milliy ramzimizga boʻlgan hurmat va eʼtibor belgisidir.
Toshkent shahridagi eng ulkan bayroq «Xalqlar doʻstligi» sanʼat saroyi oldidagi sayilgohda oʻrnatilgan – 65 metr. Nukus shahri markazidagi Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalarining davlat bayroqlari – 55 metr. Andijonda balandligi 64 metrlik maxsus ustun choʻqqisiga mustahkamlangan bayroq koʻhna Eski shahar hududidagi xiyobonda qad rostlagan. Buxoro shahridagi «Favvoralar maydoni» bogʻida hamda Samarqanddagi Koʻksaroy maydonida oʻrnatilgan shunday ulkan bayroq – 60 metr. Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahri uzra hilpirayotgan bayroq – 32 metr. Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahrida flagshtokka oʻrnatilgan milliy ramzimiz – 44 metr. Navoiy shahrining Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻidagi bayroq – 62,5 metr. Namangan viloyati Kosonsoy tumani markazi, Xorazm viloyatining Urganch shahri markazida joylashgan Amir Temur nomidagi istirohat bogʻi va Jizzax shahrining bosh maydonida hilpirayotgan bayrogʻimiz – 60 metr boʻlsa, Guliston shahridagi «Yurt bayrogʻi» maydonidagi milliy ramzimiz balandligi – 65 metr.
Mamlakatimizdagi eng baland bayroq Fargʻona viloyatining
Islom Karimov nomidagi teatr-konsert saroyi xiyoboni hududida oʻrnatilgan boʻlib, uning balandligi 67 metrni tashkil etadi.
Oʻzbekistonlik alpinist Sergey Denisenko 2021-yil 1-iyunda Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yilligiga tuhfa sifatida Everest (Jomolungma) choʻqqisiga Oʻzbekiston bayrogʻi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev suratini olib chiqdi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston mustaqilligi kuni munosabati bilan Birlashgan Arab Amirliklaridagi dunyoda eng baland bino «Burj Xalifa» hamda AQSH va Kanadaning asosiy diqqatga sazovor joylari, mashhur Niagara sharsharasining milliy bayrogʻimiz ranglari bilan yoritilishi odat tusiga kirdi.
Shubhasiz, bayrogʻimiz bilan bogʻliq bunday voqealar, bizga yanada gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.
Sarvar SOBIROV,
«Postda» muxbiri.
