Jonajon diyorimizda mahallalar juda koʻp boʻlib, ularning oʻziga xos nomlari bizga tarixdan soʻzlaydi. Chunki ularda xalqimizning uzoq va shonli tarixi, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayoti, madaniy merosi aks etadi. Sharqqa xos madaniyatni oʻzida jamlagan mahallalarimiz nufuzini oshirish, mahalla orqali yurtimiz rivoji uchun xizmat qilish eng oliy burchlarimizdan biridir. Prezidentimiz oʻz nutqlarida «Biz faoliyatimizning birinchi kunlaridan hamma ishni mahallada, xalqimiz bilan birgalikda tashkil qilib kelyapmiz. Bu tizimni bosqichma-bosqich rivojlantirdik. Endi yana qoʻshimcha kuch, imkoniyatlar berilyapti. Bu ham vakolat, ham masʼuliyat degani. Mahallalar – davlatimizning eng katta zamini» deb taʼkidlaganlari ham bejiz emas.
Keyingi yillarda oʻzini oʻzi boshqarishning noyob tizimini chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Xususan, mahallalarda maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar bilan bir qatorda, aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli yordam koʻrsatish, ishsizlarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, kambagʻallikni qisqartirish bilan bogʻliq keng qamrovli chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mahalla instituti maqomi mustahkamlandi. Barcha soha va yoʻnalishlar boʻyicha «mahallabay» ishlash tizimi joriy qilinib, «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili amaliyotga tatbiq etildi. Oxirgi yetti yilda tizimni takomillashtirishga doir yuzga yaqin meʼyoriy-huquqiy hujjat qabul qilinib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektoridan iborat taʼsirchan tuzilma faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ijobiy samara beryapti. Jumladan, mahallalarda tadbirkorlik faoliyati rivojlanib bormoqda. Bu esa yangi ish oʻrinlari, doimiy daromad manbalari yaratilishi orqali oilalar farovonligini oshirish, ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Prezidentimizning 2023-yil 21-dekabrdagi «Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni hamda «Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori mazkur tuzilmaning jamiyatimizdagi nufuzini yanada oshirishda muhim dasturilamal boʻlmoqda. Ushbu hujjatlar asosida respublika, viloyat, tuman va shahar mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi.
Har bir fuqarolar yigʻinida mahalla yettiligi shakllantirilib, aniq vazifalari, birgalikda qiladigan ishlari belgilab berildi. Barcha mahallalarda «mahalla budjeti» tizimi yoʻlga qoʻyildi. Eng muhimi, mahallaning aholiga ijtimoiy koʻmak berish borasidagi vakolatlari kuchaytirildi. Endilikda «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari» orqali ijtimoiy yordam koʻrsatish va subsidiya ajratish «mahalla yettiligi»ning birgalikdagi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Mahalla, avvalo, maʼnaviyat, tarbiya beshigi. Bugungi yangilanishlar jarayonida uning ushbu tarixiy xususiyatini asl holicha saqlash va boyitish ham eʼtiborda. Bu yoʻnalishda «mahalla – maktab» konsepsiyasi asosida koʻplab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, targʻibot ishlari yuritilyapti. «Ota-onalar universiteti» jamoatchilik tuzilmasi faol ishlamoqda. Tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda «Bir nuroniy oʻn yoshga masʼul» loyihasi amalga oshirilyapti.
Bugungi kunda mahallaga murojaat qilish orqali koʻpgina masalalarga ijobiy yechim topilyapti. Ayniqsa, kundalik hayotimizda muhim oʻrin tutadigan, hayot kechirish uchun zarur boʻlgan yoʻl, suv, elektr energiyasi, gaz va boshqa masalalar boʻyicha mahallalar tizimli ish olib bormoqda.
Shu bilan birga, barcha rahbarlar mahallalarga borib, oʻz sohasi boʻyicha aholini qiynayotgan muammolarni oʻrganishi va uni joyida hal etishi ham yoʻlga qoʻyildi. 2024-yilning 1-choragi davomida 3768 ta sayyor qabul oʻtkazilib, 59 mingdan ortiq masalalar ijobiy hal etilgan.
Mahalla raislari va «yettilik» vakillari ehtiyojmand, kam taʼminlangan, oilaviy sharoiti ogʻir xonadonlardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni muntazam ravishda xonadonbay oʻrganmoqda va aniqlangan muammolarning yechimini topish choralari koʻrilyapti.
Mahallalarda ijtimoiy daftarlar yuritish orqali aholi muammolarini hal qilish borasidagi ishlar ham kambagʻallikni bartaraf etish, oilalarning daromadini oshirishda samara bermoqda.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 9 ming 452 ta mahalla faoliyat yuritmoqda. Ularning koʻpchiligida mahalla tarixi aks etgan burchaklar tashkil qilingan. 2020-yildan buyon yurtimizda 22-mart Mahalla tizimi xodimlari kuni sifatida nishonlanadi.
Prezidentimizning 2022-yil 18-martdagi «2022–2026-yillarda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi natijasida oʻtgan yili 1 ming 297 ta qishloq va mahallada qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari bajarilgan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida hududlarda minglab kilometr elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilindi. Joylarda yangi bozorlar va boshqa infratuzilma inshootlari qad rostladi. Koʻchalarga tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi, sugʻorish tizimlari yaxshilandi. Bu imkoniyatlar chekka qishloqlarda ham shahardan kam boʻlmagan sharoit yaratishga, oilalar farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Mahallalar obodligini taʼminlashda «Yashil makon» umummilliy loyihasining oʻrnini alohida qayd etish joiz. Bu boradagi ishlar tufayli hududlarda bogʻ-rogʻlar, yashil hududlar kengaymoqda. Aholi yashash manzillari kundan-kun chiroy ochib, goʻzallikka burkanyapti.
Mahallalarni obod qilish, infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi bunday ishlar mamlakatimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirib, xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga zamin yaratmoqda. «Mahallabay» tizimi joriy etilgan oxirgi ikki yilda mahallalarda 176 mingta yuridik va 194 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyasi bilan qariyb 900 mingta loyihaga 20 trillion soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Hokim yordamchilari tomonidan shakllantirilgan 92 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, 380 mingta ish oʻrni yaratildi. Bu raqamlar ortida qanchadan-qancha odamlar, oilalar taqdiri yotibdi. Ana shu ishlar natijasida boqimandalik kayfiyati kamayib, tadbirkorlik muhiti yaratish zavqi kuchayib boryapti. Shu oʻrinda mahalla yettiligi tarkibida boʻlgan profilaktika inspektorlari faoliyatini ham alohida eʼtirof etish oʻrinli boʻladi. Sababi, ular kecha-yu kunduz olib borayotgan oʻz xizmatlari davomida mahallalar osoyishtaligini taʼminlab, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurashib kelmoqda. Buning natijasida juda koʻp mahallalarimiz tom maʼnoda jinoyatchilikdan xoli hududga aylanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mahalla tizimi obroʻyini qancha koʻtarsak, xalq muammolarini dastlabki bosqichdayoq yechish imkoniyati oshib, fuqarolar sarsongarchiliklariga barham beriladi.
Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.
