Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda parlament hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatida siyosiy partiyalarning rolini yanada kengaytirish, vakillik organlariga saylangan deputatlar va senatorlarning parlament hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatidagi masʼuliyati va faolligini oshirish borasida demokratik oʻzgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2023-yil 18-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasining «Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi asosida oʻtkazish boʻyicha yangi tizim yaratildi. U siyosiy partiyalar va deputatlar oʻrtasidagi aloqalarning mustahkamlanishi hamda siyosiy partiyalar mavqeining yanada oshishiga xizmat qiladi.
Konstitutsiyamizning 128-moddasiga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar joriy yilda oktabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilishi belgilangan. Qonunchilik palatasiga saylovlar yangi qabul qilingan qonunga koʻra, aralash saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Yaʼni, 75 nafar deputat majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (partiyalar roʻyxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar boʻyicha yagona saylov okrugidan saylanadi.
Majoritar saylov tizimi
Majoritar saylov tizimi deganda (fransuzcha «majorite» – koʻpchilik soʻzidan), vakillik organlariga saylovlarda ovoz berish natijasini aniqlash tushuniladi. Bu saylov tizimida qonun bilan belgilangan koʻp ovozni olgan nomzod mazkur okrug boʻyicha saylangan hisoblanadi. Kam ovoz olgan nomzodlar uchun berilgan saylovchilar ovozi «yoʻqolib ketadi».
Majoritar saylov tizimining uch koʻrinishi mavjud:
– malakali koʻpchilik ovozli majoritar tizim eng kam uchraydigan tizim hisoblanib, bunda nomzod gʻalaba qozonishi uchun saylovchilarning malakali koʻpchilik ovozini olishi zarur, yaʼni 2/3, 3/4 qism ovoz olishi talab etiladi;
– mutlaq koʻpchilik ovoziga asoslangan majoritar tizimda berilgan ovozlarning umumiy sonidan mutlaq koʻp ovoz, yaʼni 50 foiz +1 ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi.
– nisbiy koʻpchilikning ovoziga asoslanuvchi majoritar tizim juda qulay hamda sodda tizim boʻlib, bunda nomzodlarning nisbatan eng koʻp ovoz olgani saylangan hisoblanadi.
Majoritar saylov tizimining ijobiy jihati – saylovchilar bevosita nomzodning shaxsiga eʼtibor beradi, u bilan tanishadi, muloqotda boʻladi va faoliyati yuzasidan aniq nazorat oʻtkaza oladi.
Mazkur tizimda oʻtkazilgan saylovda gʻolib nomzodga yoki gʻolib partiyaga berilgan ovozlar miqdori asosan kamchilikni tashkil qiladi, eng achinarlisi, qolgan ovozlar hisobga olinmaydi. Bu esa majoritar saylov tizimining zaif jihatidir. Unda nomzod yoki partiya gʻalaba qozonish uchun saylovchilar koʻpchiligining ovozini olishi lozim. Kamchilik ovoz olsa, nomzod yoki partiya hech qanday mandatga ega boʻlolmaydi. Majoritar saylov tizimi AQSH, aksariyat Lotin Amerikasi mamlakatlari, Fransiya, Angliya, Hindiston kabi rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli qoʻllanmoqda.
Proporsional saylov tizimi
Proporsional saylov tizimi (lot. proportio — nisbat, mutanosiblik) majoritar saylov tizimidan bir asr keyin vujudga kelgan. Dastlab, XIX asr oxirida Shveysariyaning bir qator kantonlarida joriy qilingan, keyinchalik Belgiyada va 1906-yilda Rossiya imperiyasining bir qismi boʻlgan Finlyandiyada qabul qilingan. Bugungi kunda ushbu saylov tizimi 60 dan ortiq mamlakatlarda mavjud boʻlib, asosan Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida qoʻllaniladi.
Bu tizimda davlat yagona saylov okrugiga aylantiriladi hamda byulletenlarda nomzodlar oʻrniga saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar roʻyxati koʻrsatiladi va saylovchilar oʻzlariga maʼqul kelgan partiyalarga ovoz beradi. Qaysi partiya saylovda umumiy saylovchilarning qancha foiz ovozini qoʻlga kiritgan boʻlsa, mamlakat parlamenti quyi palatasida shuncha oʻrinni egallaydi. Yirik saylov okruglari tuzilib, ularda har bir partiya oʻz nomzodlari roʻyxatini ilgari suradi. Ovoz berish natijalarini aniqlash uchun zarur boʻlgan ovozlarning
4–5 foizlik eng kam miqdori oʻrnatiladi. Siyosiy partiyalardan qoʻyilgan nomzodlar ana shu belgilangan ovozlarni olganidan keyingina mandatlarni taqsimlashda ishtirok etadi. Saylovchilar bergan ovozlar avval deputatlik oʻrinlarining soniga boʻlinadi. Natijada bitta mandat uchun berilgan ovozlar soni maʼlum boʻladi. Soʻng har bir partiya olgan ovozlar alohida-alohida hisoblab chiqiladi. Bu qiymat deputatning bir mandati uchun zarur boʻlgan ovozlar soniga boʻlinadi. Buning natijasida mazkur partiyaga berilgan deputatlik oʻrinlarining soni kelib chiqadi. Hozirgi kunda Gʻarbiy Yevropa, Yaponiya, Lotin Amerikasi mamlakatlarida saylovlar koʻpincha proporsional tizimda oʻtkaziladi. Shuningdek, bu tizim Belgiya, Shvesiya va boshqa koʻp mamlakatlar uchun ham xosdir.
Proporsional saylov tizimining ijobiy tomonlariga quyidagilarni kiritishimiz mumkin:
– kamchilikni tashkil etuvchi saylovchilarning ovozlari ham inobatga olinadi va unda ovoz olgan siyosiy partiyalar ham parlamentdan joy egallaydi;
– u fikrlar xilma-xilligi va koʻppartiyaviylikning rivojlanishini, shuningdek, davlat bilan fuqarolar oʻrtasidagi uzviy aloqadorlikni taʼminlaydi.
Xullas, proporsional saylov tizimining majoritar saylov tizimidan farqi – majoritar saylov tizimida saylovchilar shaxsga ovoz beradi, yaʼni oʻsha okrugdan koʻrsatilgan bir nechta deputatlikka nomzodlardan birini tanlaydi. Proporsional saylov tizimida esa saylovchilar shaxslarga emas, partiyalarga ovoz beradi. Saylovdan soʻng qaysi partiya qancha ovoz olganiga qarab, deputatlik oʻrinlari taqsimlanadi va partiyalar oʻsha oʻrinlarga deputatlar roʻyxatini oʻzlari tasdiqlaydi. Masalan, qaysidir partiya saylovda 40 foiz ovoz olsa, demak 75 ta deputatlik oʻrnining 40 foizini, yaʼni 30 nafar deputatni tasdiqlash huquqini qoʻlga kiritadi. Yoki, aksincha, qaysidir partiya, aytaylik, jami 8 foiz ovoz olsa, unda oʻsha partiyadan 6 nafar deputat tasdiqlanadi.
Aralash saylov tizimi
Aralash saylov tizimi mohiyatan ikkita tizimning birikmasi boʻlib, bunda mandatlarning bir qismi proporsional tizim boʻyicha (partiyaviy roʻyxatlar boʻyicha), ikkinchi qismi esa majoritar tizim (nomzodga ovoz berish) boʻyicha taqsimlanadi. Aralash saylov tizimida mamlakat saylovchilarining 50 foizi partiyaviy roʻyxatlarga, 50 foizi esa bir mandatli okruglarda siyosiy partiya koʻrsatgan nomzodlarga ovoz beradi. Ushbu saylov tizimlarini birlashtirib turadigan omillardan biri ularning barchasida quyi palata aʼzolarining koʻppartiyaviylik asosida umumxalq tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri saylanishidir. Hozirgi kunda Janubiy Koreya, Belgiya, Vengriya, Qozogʻiston, Germaniya va Ispaniya kabi davlatlardagi saylovlar aralash saylov tizimi asosida oʻtkaziladi.
Mamlakatimizda 2024-yilda oʻtkazilishi belgilangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovi aralash, yaʼni majoritar va proporsional saylov tizimi asosida oʻtkaziladi. Bunda 75 nafar deputat, avvalgidek, bevosita saylov orqali saylanadi, qolgan 75 nafar deputat esa saylovda olgan ovozlari soniga proporsional tarzda partiya bergan roʻyxat asosida tanlanadi.
Bundan tashqari, Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga asosan, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdori nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foizga oshirildi. Qolaversa, proporsional saylov tizimi boʻyicha ham partiya roʻyxatidagi ketma-ketlikda kamida har besh nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi boʻlishi kerakligi belgilandi. Bu esa gender tengligini taʼminlash, xotin-qizlarning oʻz salohiyatlarini roʻyobga chiqarishga imkon beradi.
Bir soʻz bilan aytganda, jahon tajribasida oʻzini oqlagan aralash saylov tizimi – fuqarolarimizning siyosiy faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bu esa milliy parlamentimiz faoliyatining rivojlanishida va siyosiy partiyalarning yanada taraqqiy etishida asosiy omil boʻlib xizmat qiladi.
Sirojiddin ABDUVOITOV,
Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati
Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar
boʻyicha oʻquv markazi yetakchi maslahatchisi.
