Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda IIV rahbariyatining topshirigʻiga muvofiq vazirlik Malaka oshirish institutida respublika ichki ishlar organlari boshliqlarining bir guruh maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari uchun qisqa muddatli seminar-trening mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.
Mashgʻulotlarda asosiy eʼtibor xodimlarning “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz” gʻoyasi asosida umumiy dunyoqarashi, siyosiy ongi, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilmoqda. Shuningdek, amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, dasturlarning mazmun-mohiyatini tizimli ravishda yetkazish, dunyoda va yon-atrofimizda sodir boʻlayotgan globallashuv jarayonlariga nisbatan faol hayotiy pozisiyasini shakllantirish, burchga sadoqat, fidoyilik tuygʻularini mustahkamlash ham diqqat markazida boʻlmoqda.
Seminar-trening mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun Vazirlikning tegishli sohaviy xizmatlaridan boy amaliy tajriba va yuqori malakaga ega xodimlari ham jalb etildi.
Trening mashgʻulotlarida oʻqitilayotgan nazariy bilimlarni mustahkamlash amaliyot bilan uzviy, uygʻunlashtirilgan holda olib borilmoqda. Shuningdek, tinglovchilar oʻz xizmat vazifalarini halol, vijdonan, yuqori professional darajada va vakolatlaridan chetga chiqmagan holda bajarishi, har qanday vaziyatda oʻz shaʼni va qadr-qimmatini saqlashi, odob-axloq, etika qoidalariga rioya qilishi, kamtar, xushmuomala boʻlishi lozimligi ham taʼkidlab oʻtilmoqda.
IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati.
