Bugun IIV Madaniyat saroyida “Axborot almashinuvida milliy manfaatlar ustuvorligi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktorining maslahatchisi Faxriddin Karimov soʻzga chiqdi. U davlat organlari va boshqa tashkilotlar axborot xizmatlarining salohiyati hamda ochiqlik darajasini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish orqali fuqarolik jamiyati institutlarining yangi imkoniyat va usullaridan foydalanish hamda davlatning axborot ehtiyojlarini inobatga olgan holda milliy axborot resurslaridan unumli foydalanishni takomillashtirish boʻyicha oʻzining fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, notiq axborot xavfsizligini taʼminlash va axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarning oldini olish, innovasion bilim va texnologiyalar yordamida axborotni shakllantirish, xalqaro axborot almashinuvi sohasida global axborot makoniga integratsiya qilish va unga hamohang tarzda yurtimiz mavqeini yanada oshirish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Tadbirda soʻz olgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori Karimjon Musashayxov IIVga kiritilgan taqdimnoma boʻyicha toʻxtalib, unga koʻra, oʻtgan yili davomida mamlakatimiz ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan xizmat vazifasini bajarish chogʻida sodir etilgan qonunbuzarlik holatlarini hududlar va sohaviy xizmatlar kesimida tahlil qilib, yoʻl qoʻyilayotgan kamchilik va mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalar berdi.

Mixli SAFAROV,

“Postda” muxbiri.

Ikrom HASANOV olgan suratlar.