Iqtisodga mamlakat salohiyatini belgilovchi omil, deb qaralishi toʻgʻri. Mamlakat mudofaasi­ning mustahkamligi, xalq dastur­xonining toʻkinligi, xalqning yashash daraja­sining yuqoriligiga nima yetsin?

Ammo mana shu darajani saqlab turish uchun ham xalqning maʼnaviyati yuqori boʻlishi kerak. Osmonoʻpar, naqshinkor saroylar tanazzulga uchrashi, ganju-gavharlarning ohori ketishi, boyliklar toʻzishi mumkin.

Koʻngildagi gavharlar-chi, yaraqlaganicha turavermaydimi? Eslab koʻring, ulugʻ ustoz 

Alisher Navoiyning «Kecha kelgumdir debon» satri bilan boshlanuvchi gʻazalini necha yoshingizda yod olgandingiz? Hanuz bir satriga putur yetdimi? Nega hanuz gʻazalni aytib boshla­ganingiz bilan koʻzingiz charaqlab ketadi? Bu maʼnaviyat, bu qon biz­ga ota-bobolarimizdan oʻtgan. Zamona ming oʻzgarsin, tomirdagi merosiy qon oʻzgarmaydi. Shuning uchun ham «Yoshlar unday boʻlib ketdi» kabi nolishlarga men uncha qoʻshilmayman. Chunki yoshlar osmondan tushgani yoʻq. Ular oʻzimizning bolalarimiz.

Naqshband hazratlari shunday deydilar: «Bizni tavof etmoqni istaganlar avval oʻz anolarini tavof etsinlar, keyin bizning anomizni tavof etsinlar. Andin soʻnggina biz taraflarga oʻtmoqlari joiz boʻlur».

Bizning bobolarimiz hech qachon «men» deb koʻkraklariga urmaganlar, boshqalarni bosib oʻtib oldinga yurmaganlar.

Bu — sharq. Ota-ona­larini «Qiblagohim» deb izini koʻzga suradigan, oʻgʻli, qizini «otam, onam», deb boshiga koʻtaradigan Sharq.

Bu — Sharq. Goho bundayroq farzandi, shogirdi, doʻstiniyam, «Sen mendan aqlliroq, botirroq, mardroqsan», deb keng feʼllik bilan oldinga oʻtkazadigan va bu feʼl bilan faqat oʻzi-da yutadigan, oʻzida oldinga ketadigan — Sharq!

«Elni kuch bilan itoatga koʻndirsang ham kuch bilan ilm otiga mindirolmaysan», — deydi yapon faylasufi Konfusiy.

Bular zanjir halqalariday bir-biri bilan bogʻliq hodisadir. Biz mustahkam maʼnaviy omillar bilangina iqtisodiy omillarimizni yaratamiz. Saqlaymiz.

Halima XUDOYBERDIYEVA,

Oʻzbekiston xalq shoiri.