Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Butunjahon ziyo va maʼrifat ahli oʻz asarlarida insonlarni maʼnaviyat va maʼrifatga chorlab keladi. Chunki qaysiki jamiyatda bilimli, ziyoli, maʼrifatli va maʼnaviyatli kishilar qancha koʻp boʻlsa, oʻsha yurt taraqqiyot sari dadil odim tashlayveradi.

Qadim manbalarga muro­jaat qilsak, «Qutadgʻu bilig»ning nasriy bayonida shunday misolga duch kelamiz.

«Kuntugʻdi Elig Oʻgdul­mishdan soʻradi:

– Kishi onasidan dono boʻlib tugʻiladimi yoki muayyan bir yoshga yetganidan soʻng zakovatli boʻladimi?

Oʻgdulmish unga javob aytdi:

– Ey Elig! Bu sanʼatning nomi – bilim va uquvdir. Odamzod onasidan bilimsiz tugʻiladi. Ammo u bilib, oʻrganib toʻrga chiqadi. Uquv va zehn esa kishi tabiatida boʻladi. Bilim – koʻp oʻqish va oʻrganish mahsulidir. Uquv-idrok kishi miyasiga jo etilgan. Boshning azizligi shundan.

Bolam tutsin desang donolik yoʻlin,

Kichiklikdan tegiz bilimga qoʻlin.

 

Agar bola kichiklikdan bilim oʻrgansa, uning idroki ham yaxshi boʻladi. Zakovati ortadi. Uquv-idrok kishi uchun kishanday gap. U yomon va yaramas ishlarga yoʻlatmaydi. Uquvli tirikdir, uquvsiz – oʻlik. Kishi uyga, oddiy emas, qorongʻu uyga oʻxshaydi. Uquv-idrok esa mashʼal kabi unga nur sochadi. Tugun tutgan har bir ish u tufayli yechiladi».

Maʼnaviy yuksak kishi boʻlish uchun qadim bobola­rimiz aytganidek, inson, avvalo, muntazam oʻqib-oʻrganishi, ota-onasidan tarbiya olishi, keksalar oʻgitlarini tinglashi, yoshi kattalarning pand-nasihatlariga amal qilishi lozim. Shuningdek, buyuk mutafakkirlarimizning yaxshilik, olijanoblik, mehmondoʻstlik, poklik, himmat, shijoat, mardlik, gʻayrat, saxovat, hayo, vafo, qanoat hamda yomonlik, munofiqlik, xiyonat, hasad, gʻiybat, tanballik, tekinxoʻrlik, xasislik kabi insoniy fazilat va qusurlari toʻgʻrisidagi fikrlarini oʻqishi, anglashi va ularga amal qilishi zarur.

Maʼnaviy yuksalishga faqat oʻqish-oʻrganish, bilim olish bilangina erishib boʻlmaydi. Bu­ning uchun inson, avvalo, ongni zaiflashtiruvchi ilmsizlikdan, jismoniy mayl va ehtiroslardan hamda oʻz tabiati, yaʼni xarakteridagi qusurlardan ham xoli boʻlishi kerak. Qachonki, har bir inson bilganiga amal qilib, ehtiros va mayllarini jilovlasa, ruhiyatini yaxshi oʻzanga solib, oʻzgaruvchan kayfiyatini boshqarsa, jismida mavjud erinchoqlik va loqaydlik kabi salbiy illatlarni yenga olsagina maqsadiga erisha oladi.

Shu bilan birga, har bir inson oilada tarbiya topadi, shakllanadi. Shuning uchun oila – jamiyatning eng asosiy va tayanch boʻgʻini. Aynan muqaddas oila qoʻrgʻoni har bir ota-onaga, farzandga eng ulugʻ orzu-niyatlarini amalga oshirish imkonini beradi.

Fikrimiz tasdigʻini ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitratning «Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuv­ligiga bogʻliq. Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam boʻladi», degan soʻzlarida koʻrishimiz mumkin.

Darhaqiqat, maʼnaviy yuksalish farzandlarimiz kelajagi, ularning ertaga kim boʻlib yetishishi, eng avvalo, bugun ularga oilada qanday tar­biya beri­layotganiga, ularning qal­bi, ongi, shuuri nima bilan oziqlanayotganiga bevosita bogʻliq. Agar ular yoshligidan ilmga, hunarga, mehnatga, odob va madaniyatga oʻrgatilsa, koʻngliga ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi, yuksak insoniy tuygʻular singdirilsa, ular kelajagiga mustahkam poydevor qurilgan boʻladi. Mabodo beparvolik bilan oʻz holiga tashlab qoʻyilsa, qalbi, ongi internet tarmogʻidagi turli zararli va boʻlmagʻur «virus»larga toʻlib qolsa, afsuski, ularning kelajak hayoti barbod boʻlishi mumkin.

Prezidentimiz «Maʼlumki, bugun kibermakonda xavf-xatarlar kuchayib bormoq­da. Chegaralar va qonunlarni tan olmaydigan internet tarmoqlari orqali radikal gʻoyalar ham kirib kelmoqda. Buning oqibatida aholining nisbatan zaif qatlamlari, jumladan, yoshlar turli noqo­nuniy guruhlar taʼsiriga tushib qolayotgani afsuslanarli. Butun jamoatchilik bundan ogoh boʻlishi, ulamolar va nuroniylar toʻgʻri yoʻlni koʻrsatishi ke­rak», – deya keng jamoatchilikka alohida vazifa qoʻygani bejiz emas.

Shunday ekan, har bir inson farzandlari nimalar bilan shugʻullanayotganiga, kimlar bilan doʻst boʻlib, muloqot qila­yotganiga hech qachon befarq qaramasligi kerak. Qan­chalik qiyin boʻlsa ham, ularning ijtimoiy tarmoqlarda nimalar bilan shugʻullanayotganini kuzatib borish, ushbu makon ular uchun halokat emas, saodat manbayi boʻlib xizmat qilishi uchun zarur choralarni izlab topish zarur. Lekin taqiqlash, jazolash bilan emas, taʼsirchan tarbiya usullari, aql va bilim bilan, bogʻcha, maktab, oliy­goh, mahalla jamoatchiligi, huquq-tartibot idoralari xo­dimlari, diniy ulamolar bilan birgalikda ish olib borilsa, albatta, ijobiy natija boʻladi.

Maʼnaviy yuksalish asosi nafaqat oila tarbiyasi bilan, balki bolaning bilimni qanday oli­shiga ham bevosita bogʻliq. Hadislarda insonning maʼnaviy kamolot mezoni, uning tafakkur doirasi, dunyoqarashining kengligi, bilimlarning qay darajada ekanligi koʻrsatilgan. Jamiyatga va oʻziga foyda kel­tiruvchi shaxs boʻlib yeti­shishda muhim omil – bilim egallash deb qayd qilingan.

Taraqqiyot kafolatini taʼminlaydigan maʼnaviy yuksalishning yana bir muhim jihati bu – yoshlarimiz dunyoqarashidir. Albatta bunda Prezidentimizning «Bizni hamisha oʻy­lantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlari­mizning odob-axloqi, yurish-tu­rishi, bir soʻz bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bogʻliq. Bugun zamon shiddat bilan oʻzgaryapti. Bu oʻzgarishlarni hammadan ham koʻproq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar oʻz davrining talablari bilan uygʻun boʻlsin. Lekin ayni paytda oʻzligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulugʻ zotlarning avlodimiz, degan daʼvat ularning qalbida doimo aks-sado berib, oʻzligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan» degan fikrlari barchamizga dasturilamal boʻlishi zarur.

Jamiyat taraqqiyoti­ning rivoj­lanish jarayonida xalqimizning boy tarixiy, il­miy-madaniy mero­sini, milliy-diniy qadriyatlarini oʻrgatish asosiy ustuvor masalalardan biri hisoblanadi. Shu bois «Yangi Oʻzbekis­ton taraqqiyot strategiyasi» va «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida keyingi yillarda maʼnaviy islohotlarni yanada takomillashtirish boʻyicha alohida «Maʼnaviy taraqqi­yotni taʼminlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha islohotlar» nomli maxsus qism kiritilib, uning 38–44-bandlari doirasida jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash boʻyicha qator vazifalar belgilangan.

Xususan, mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy gʻoya asosida birgalikda kurashish, maʼnaviy tar­biyaning uzviyligini taʼminlash uchun oila, maktab va mahalla hamkorligiga erishish, oʻzbek xalqi­ning milliy qadriyatlari va maʼnaviy merosini asrab-avaylash, ularni ommalashtirish boʻyicha interaktiv usullarni joriy etish, milliy maʼnaviyatni yuksaltirish maqsadida il­miy va sotsiologik tadqiqotlar oʻtkazib turish kabi dolzarb vazifalar qoʻyilgan.

 Ular ijrosini taʼminlash uchun mahallabay ishlash tizimi doirasida oilaviy qadriyatlar va yoshlar tarbiyasiga eʼtiborsizlik kabi holatlarga barham berish, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldi­ni olishga qaratilgan «Avlodlar uchrashuvi» loyihasi, «Bir zi­yoli – bir mahallaga maʼnaviy homiy», «Bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy» kabi loyihalar amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, maʼnaviyat millatni buyuk va ulugʻvor maqsadlar sari birlashtiruvchi mayoq ekan, bu yoʻlda faqat vatanparvarlik, fidoyilik muhim tushunchalar boʻlib qolaveradi.

 

Shuhrat Roʻziyev,

oʻz muxbirimiz.