Yaqinda Qoʻshkoʻpir tumanining eng chekka hududida joylashgan 27-sonli maktabining 11-sinf oʻquvchilari Xorazm viloyati IIBga tashrif buyurdi.
Ular viloyat ichki ishlar boshqarmasi masʼul xodimlari tomonidan kutib olindi. Dastlab, ular yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash vaqtida mardlarcha halok boʻlgan ichki ishlar organlari xodimlari xotirasi uchun oʻrnatilgan yodgorlik monumenti poyiga gullar qoʻyishdi hamda u yerda nomlari bitilgan qahramonlarning jasorati bilan ham yaqindan tanishdilar.
Shundan soʻng oʻquvchilar viloyat IIB “Mehnat va jangovar shon-shuhrat” muzeyiga taklif etildi. Undagi tarixiy eksponatlar, fotosuratlar, xodimlarning xizmat faoliyatiga oid maʼlumotlar, sohada qoʻllanilgan qurol-yarogʻ, kiyim-bosh va maxsus texnikalar oʻquvchilarda katta qiziqish uygʻotdi.
– Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining Qoʻshkoʻpir tumani yoshlari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida ichki ishlar sohasiga qiziqishim bois, uning tarixi bilan tanishish istagim borligini aytgandim, – deydi tumandagi 27-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Mirjalol Otamurodov. – Koʻp oʻtmay, bu istagim amalga oshdi. Chunki, muzeyiga sayohatimiz davomida ichki ishlar organlari tarixi va buguniga oid koʻplab qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻlib, ichki ishlar organlariga boʻlgan qiziqishimiz yanada ortdi.
Shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etuvchi bu kabi tadbirlarga viloyat hududidagi barcha taʼlim muassasalari oʻquvchilarini reja asosida taklif etish belgilab olindi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
Saʼdulla ABDULLAEV olgan suratlar.
