Oilada hamisha oʻzaro hurmat va mehr ustuvor boʻlishi kerak. Ayniqsa, kattalar kichiklarga mehribon boʻlishi, kichiklar esa kattalarga hurmat koʻrsatishi, onalar muloyimlik, sabr-toqat bilan qalblarga yaxshilik urugʻini sepishi, ota esa halollik, adolat va mehnatsevarlik singari insoniy fazilatlarni singdirishi lozim.
Xoʻsh, maʼnaviyatli inson qanday boʻladi oʻzi? U doimo oʻqish, oʻrganish, oʻz dunyoqarashini kengaytirish harakatida boʻladi. Adolatli boʻlishga intiladi, muhtojlarga mehr-muruvvat bilan yordam qoʻlini choʻzadi. Unga loqaydlik begonadir. Bunday inson jamiyatda ham hurmat qozonadi. Bu fazilatlar, eng avvalo, oilada shakllanadi.
Afsuski, bugungi axborot texnologiyalari shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan zamonda insoniyatga, ayniqsa, yoshlarga nisbatan turli tashqi yot taʼsirlar juda koʻp. Xususan, internet, ijtimoiy tarmoqlardagi, turli zararli axborotlar oqimi ularning fikriga har jihatdan salbiy taʼsir oʻtkazayotgani hech birimizga sir emas. Bunday sharoitda esa oilaning oʻrni yanada muhimligi ayni haqiqatdir.
Shu oʻrinda ota-onaning shaxsiy namunasi eng kuchli tarbiya vositasi ekanligini taʼkidlash joizdir. Ular oʻz soʻziga amal qilsa, halol va tarbiyali boʻlsa, farzand ham shunday boʻlishga intiladi. Aks holda, faqat gap bilan berilgan tarbiya samara bermaydi. Shunday ekan, har bir ota-ona, avvalo, oʻzini tarbiyalashi, farzandiga yaxshi namuna boʻlishi kerak.
Aytgancha, oilada faqat axloqiy tarbiya emas, balki maʼrifiy tarbiya ham muhim. Kitob oʻqishga boʻlgan muhabbat, bilimga intilish, yangiliklarni oʻrganish kabi fazilatlar ham aynan ana shu maskanda shakllanadi. Ota-ona farzandiga kitob oʻqib bersa yoki uni kitob oʻqishga undasa, bu bolaning kelajagiga kuchli ijobiy taʼsir koʻrsatadi, albatta.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oila jamiyatning eng muhim boʻgʻini sifatida davlatimiz tomonidan muhofaza qilinyapti, uni mustahkamlash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Bosh qomusimizning XIV bobi «Oila, bolalar va yoshlar» deb nomlanadi. Uning 76–80-moddalarida oila munosabatlariga oid ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy jihatlar belgilab qoʻyilgan.
Xususan, 76-moddada, «Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir. Nikoh Oʻzbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi. Davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi», deb belgilab qoʻyilgan.
Bu esa oʻz navbatida mamlakatimizda oilani mustahkamlashga, undagi munosabatlarni oʻzaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berishga hamda barcha aʼzolarining masʼulligi asosida qaror toptirishga xizmat qiladi. Qonunchilikka koʻra, biror-bir shaxsning oila masalalariga oʻzboshimchalik bilan aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Ushbu huquqiy hujjat jamiyat va oilada sogʻlom hamda barqaror ijtimoiy maʼnaviy muhit hamda tinchlik, totuvlik va osoyishtalikni taʼminlashning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tubdan isloh qilish, notinch va muammoli oilalarga manzilli koʻmaklashishni tashkil etish, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini taʼminlash kabi qator muhim vazifalarni amalga oshirishda huquqiy asos boʻladi.
Ushbu qoidalarning hayotga tatbiq etilishida esa mahalla yettiligi koʻprik boʻlib xizmat qilmoqda. Xususan, ilgari oilaviy muammo va nizolar sudga yetib borganda maʼlum boʻlardi. Hozir mahallalardagi xotin-qizlar faoli ayollarning ijtimoiy ahvolini, ijtimoiy xodim muhtoj oilalarning ehtiyojlarini, profilaktika inspektori oiladagi muhitni xonadonbay oʻrganmoqda. Bu oʻrganishlar ijobiy maʼnoda oʻzgarishlar asosiga aylanib ulgurdi. Jumladan, yuz minglab ayollarning kasb-hunarga oʻqitilishi, ularga imtiyozli kreditlar ajratilishi va bandligi taʼminlanishi orqali oilalarning daromad manbayini kengaymoqda. Bu esa oʻz navbatida, moliyaviy qiyinchiliklar ortidan kelib chiqadigan oilaviy nizolarning oldini olishda muhim omil boʻlmoqda. Zero, oila mustahkamligi uning iqtisodiy farovonligi bilan chambarchas bogʻliqdir.
Yurtimizda oila institutini mustahkamlash yoʻlidagi islohotlar shunchaki kampaniyabozlik emas, bu millat genofondini asrash va kelajak sohiblarini sogʻlom muhitda kamolga yetkazish yoʻlidagi muhim harakatdir. Bugungi oʻzbek oilasi – zamonaviy bilim va milliy tarbiya uygʻunlashgan maskandir. Quvonarlisi, davlat tomonidan berilayotgan eʼtibor va imtiyozlar oilalarning mustahkamligini oshirmoqda. Zero, oila qoʻrgʻoni mustahkam boʻlsa, insonlar baxtli, bunday jamiyat esa farovon va obod boʻladi. Oilada berilgan tarbiya har bir insonning butun hayotida yoʻl koʻrsatishini unutmasligimiz kerak. Shuning uchun har birimiz oʻz oilamizda mehr-oqibat, hurmat va ezgulikka yoʻgʻrilgan qadriyatlarni saqlashimiz darkor. Chunki bugungi tarbiya – ertangi kelajak demakdir.
Shunday ekan, har bir oila maʼnaviyat maskaniga aylanishi lozim. Zero, maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat taʼkidlaganidek, «Har bir millatning saodati va izzati, albatta, shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bogʻliq. Tinchlik va totuvlik esa shu millat oilalarining intizomiga tayanadi. Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muntazam boʻladi».
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
oʻz muxbirimiz.
