Shu kunlarda davlat va jamoat arbobi, buyuk sarkarda sohibqiron Amir Temur tavalludi yurtimizda keng nishonlanmoqda.
«Ahmad Fargʻoniy” nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 689 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan badiiy sahnalashtirilgan tadbir ham unutilmas taassurotlarga boy tarzda oʻtdi.
Unda viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlar ham ishtirok etdilar.
Maʼlumki, ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy dunyoqarashini boyitish, ularning ongida milliy istiqlol gʻoyalariga sadoqat, boy tariximiz, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona Vatanga muhabbat tuygʻularini yuksaltirish, turli buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi immunitetni yanada kuchaytirish maqsadida maʼnaviyat oyligi tashkil etilmoqda.
Buyuk sarkardaning hayot yoʻli, harbiy faoliyati, davlat va jamoat ishlaridagi yutuqlari, bunyodkorlik yumushlari, yozgan asarlari haqida atroflicha soʻz yuritilgan tadbir aynan maʼnaviyat oyligida oʻtkazilgani ayni muddao boʻldi.
Bu kabi tadbirlar ichki ishlar organlari xodimlarining tarixiy bilimlarini boyitishga, ularning qalbidagi vatanga muhabbat va ajdodlarimizga hurmat tuygʻularini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.
Fargʻona viloyati.
