Toshkent shahar IIBB EKM eksperti, leytenant Dildora Mamadalieva ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2010-yilda Bosh boshqarmaning Moliya-iqtisod boshqarmasida boshladi. Biroq unga izquvar Sherlok Xolms kabi jinoyatlarni ochishga boʻlgan qiziqish sira tinchlik bermasdi. Shu bois IIV Akademiyasida tahsil olib, shu sohani qunt bilan oʻrgandi. Soʻngra xizmat faoliyatini Toshkent shahar IIBB EKMda davom ettirdi.
Qahramonimiz hozir barcha ekspertiza tadqiqotlari oʻtkazish huquqini beradigan guvohnomaga ega boʻlgan murabbiyi, EKM katta eksperti, mayor Hamid Rahimboevdan sohaga oid sir-asrorlarni sinchkovlik bilan oʻrganmoqda.
– Izlanuvchanligi, tirishqoqligi va ekspert-kriminalistika yoʻnalishiga qiziqishi Dildoraning har bir holatga eʼtibor bilan yondashishidan bilinib turadi, – deydi mayor H.Rahimboev. – Topshiriqlarni kam-koʻstsiz bajarishga intiladi. Bilim va salohiyatini yanada boyitishga harakat qiladi.
Leytenant D.Mamadalieva bu yoʻnalishda xizmatni boshlaganiga koʻp boʻlmasa-da, ustozi bilan birga bir nechta jinoyatlarni fosh etishda qatnashdi. Xususan, joriy yilning 13 sentyabrʼ kuni nomaʼlum shaxs Mirobod tumani Qoʻyliq-1 mavzesida qarovsiz qoldirilgan «Damas» rusumli avtoulov orqa eshik oynasini yechib, salondan
8 million soʻm pulni oʻgʻirlab ketadi. Ekspertlar voqea joyidan olingan qoʻl-barmoq izlarini «SONDA» va «PAPILON» dasturi yordamida tekshirganida iz fuqaro N.J.ning qoʻl-barmoq izlari bilan mos ekanligi aniqlandi. Hozirda ushbu shaxs qoʻlga olinib, unga nisbatan tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
18 sentyabrʼ kuni Yashnobod tumanida yana bir jinoyat «issiq izida» ochildi. Soat taxminan 21:00 larda aviasozlar koʻchasida turgan V.I. ga tegishli «Spark» avtomashinasi saloniga nomaʼlum shaxslar dab-durustdan kirib oʻtirib, haydovchiga tahdid qilib, undan pul talab qilishadi. V.I. oʻzini yoʻqotib qoʻymay, mushtumzoʻrlarga faol qarshilik koʻrsatadi. Buni kutmagan bosqinchilar avtoulovdan tushib, nomaʼlum tomonga qochib ketadi.
Ustoz va shogird hodisa joyini koʻzdan kechirish davomida «Spark» avtomashinasi oynasidan bir necha barmoq izlarini olishga muvaffaq boʻldi. Qoʻl-barmoq izlari mavjud avtomatlashtirilgan daktiloskopik taqqoslash tizimlarida tekshirib koʻrilganda, 3 ta iz fuqaro P.T.ning qoʻl barmoq izi bilan, 1 ta iz fuqaro F.M.ning qoʻl-barmoq izi bilan bir xil ekani aniqlangan. Jinoyatni sodir etgan shaxslar uzoqqa qochib qolmasdan qoʻlga olindi.
– Hozir daktiloskopiya ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi guvohnoma uchun imtihonga tayyorgarlik koʻryapman, – deydi leytenant D.Mamadalieva. – Bu borada murabbiyim katta yordam bermoqda. Kelajakda u kabi oʻz kasbining ustasi boʻlishni maqsad qilganman.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
