Mustaqillik yillarida har qanday tahdid va xatarlarga munosib zarba berishga tayyor milliy armiyamiz xalqimiz va mamlakatimizning ishonchli va mustahkam qalqoniga aylandi.
Milliy armiya qudrati harbiy xizmatchilarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligi bilan bir qatorda, ular qalbida joʻsh urayotgan vatanparvarlik, xizmat burchiga fidoyiligi bilan bogʻlanadi. Sohibqiron Amir Temur taʼkidlaganidek, “Davlat lashkarlaru fuqarolarning sadoqati va fidoiyligi ila qudratlidir”. Darhaqiqat, qalbida oʻz xalqiga sadoqati kuchli, xizmat burchiga fidokorona yondashadigan harbiy xizmatchi mamlakat dahlsizligini taʼminlay oladigan qudratli kuchga aylana oladi. Shu maʼnoda milliy ruh kuchli boʻlsa, iroda, jangovar salohiyat ham yuqori boʻladi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Samarqand akademik liseyi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislarni tayyorlash markazi oʻrtasida “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi” ijrosini taʼminlash hamda pedagog xodimlarning uslubiy malakasini oshirish boʻyicha ikkitomonlama kelishuv va hamkorlikdagi asosiy tadbirlar rejasi imzolangan, lisey oʻquvchilari uchun nafaqat harbiy xizmatchilarning xizmat sharoiti, harbiy shaharcha infratuzilmasi, qoʻshinlardagi harbiy texnika va qurol-aslahalar namunalari bilan tanishuv tadbirlari, balki Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani doirasida soha mutaxassislari rahbarligida mauassasa oʻquv-moddiy bazadan keng foydalangan holda amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilishi tashkillashtirilgan.
Armiya va xalqning faol hamkorligi natijasida Qurolli Kuchlarimiz tom maʼnoda jamiyatning ajralmas qismiga, mamlakatimiz barqarorligi hamda taraqqiyotining ishonchli kafolatiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylanib borayotir.
Bugungi kunda harbiy xizmatni oʻtash oʻsmirlar uchun hayotiy maqsad, orzu – umid, faxr – iftixorga aylandi. Har yilning 14-yanvari esa, nafaqat Vatan himoyachilarining, butun halqimizning eng muhim, quvonchli bayramlaridan biri boʻlib qoldi. Zotan, shu zaminda yashayotgan, Vataniga muhabbati joʻsh urgan, muhri qaynoq xalqimiz, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodning oʻz oldiga qoʻygan maqsad-muddaolari vatanparvarlik ruhi bilan chambarchas bogʻlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Samarqand akademik liseyi oʻqituvchisi,
rezervdagi polkovnik, dosent A.Musulmanov
