Har bir xalqning oʻz Afandisi bor, degan gap bejiz aytilmagan. Zero, qozoqlar Aldarkoʻsani, turkmanlar Miralini, qoraqalpoqlar Umirbek laqqini, tojiklar Mushfiqiyni, turklar Karagoʻzni, ozarbayjonlar esa Bahlulni, biz Nasriddin afandini eʼzozlaganimiz qadar sevadi, ardoqlaydi. Afandining bu birodarlari ham uning oʻzi kabi nihoyatda hozirjavob, zukko, topqir va soʻzga chechan. Har qanday vaziyatdan goh soddadillik, goh kinoya, istehzo va zukkolik bilan chiqib ketadigan bu qahramonlarni xalqlar shunchalik mehr-u muhabbat bilan yaratganki, ularni sira magʻlub holda koʻrmaysiz.
VIII asrda yashab oʻtgan mashhur alloma Bahlul ana shunday qahramonlardan biridir. Uning asl ism-sharifi Abu Vahib Umaru boʻlib, Kufada dunyoga kelgan va shu yerda unib-oʻsgan. Bahlul Horun ar-Rashid bilan yaqin aloqada boʻlgan. Uning xalifa bilan munozara va bahslari xalq orasida keng yoyilib, qimmatli hikoyalarga aylangan.
Xalifa tuhfasi
Xalifa Horun ar-Rashid Bagʻdod shahrining faqir-fuqarolari va ehtiyojmandlariga tarqatgin deb Bahlulga picha mablagʻ berdi. Bahlul uni olib, biroz oʻylab turdi-da, pulni xalifaning oʻziga qaytarib berdi. Horun ar-Rashid buning sababini soʻragan edi, Bahlul bunday javob berdi:
— Shuncha oʻylab-oʻylab shaharda xalifaning oʻzidan koʻra muhtojroq va kambagʻalroq kishini topolmadim, shuning uchun pulni oʻzingizga qaytarib berdim, chunki sizning amaldor-u gumashtalaringiz bozorlarda turib olib, qamchi va kaltak zarbi bilan oddiy xalqning choʻntagidan oxirgi chaqasini tortib olib, xazinangizga keltirib toʻkmoqda. Shu sababdan sizning pulga ehtiyojingiz xalqnikidan koʻra koʻproq deb oʻylab, uni oʻzingizga qaytardim.
Insoniylik va vahshiylik
Xalifaning bir necha soliqchisi juda kambagʻal bir dehqondan soliq toʻla deb qisti-bastiga ola boshladi. Dehqon sariq
chaqam ham yoʻq deb qasam ichar,
yalinib-yolvorar, ammo soliqchilar uning gapiga quloq solmasdi. Davlat soliqchilari oxiri uning gapiga ishonib, jahldan dehqonning kulbasiga oʻt qoʻyib yuborishdi.
Bechora dehqon dodlaganicha nuqul bir gapni qaytarar edi:
— Bu insoniylik emas, balki hayvoniylikdir.
Ittifoqo, shu yerdan Bahlul oʻtib qoldi, dehqonning gapini eshitib, unga dedi:
— Ogʻaynijon, aksincha, bu insonlarning ishi, bir hayvonning boshqa hayvon uyiga oʻt qoʻyganini qayerda koʻrgansan?
