Maʼrifat – kishilarning ongi, bilimi va madaniyatini oshirishga qaratilgan taʼlim-tarbiya. U tabiat, jamiyat va inson mohiyati haqidagi turli bilimlar, maʼlumotlar majmua­sini ham bildiradi. Maʼrifat ilm-u urfon maʼnosida ham ishlatiladi. Maʼrifat maʼnaviy qaramlikni bartaraf qiladi, insonga kuch-qudrat ato etadi. U kishilarni jaholatdan qutqaradi, yomonliklardan qaytaradi, yaxshi xulq va odob egasi boʻlishga yordam beradi. Maʼrifatli kishilardan tashkil topgan jamiyat ravnaq topadi, kelajagi porloq boʻladi. Maʼrifatni hayotga singdirish maorif tizimi orqali amalga oshiriladi. Tasavvufda maʼrifat ruhiy kamolotga erishuvning asosiy bosqichlaridan biri sifatida talqin etiladi. 

Butun dunyoda yoshlar har bir davlatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy boyligi, sayyoramizda farovon hayot va yuksak taraqqiyot barqaror boʻlishi uchun yangi gʻoyalar va ijodiy ruhdagi saʼy-harakatlarni amalga oshiradigan beqiyos kuch hisoblanarkan, ularning maʼrifati hamisha eʼtibor markazida boʻlib qolaveradi. Hozirda mamlakatimiz yoshlarini mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan zamonaviy kasb-hunarlarga oʻrgatish, jahon yoshlariga namuna boʻlgudek goʻzal tarbiya va bilim berish, tashabbus va ilmiy intilishlarini roʻyobga chiqarish borasida ham muhim qadamlar tashlandi. Isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Prezident maktablari, Temurbeklar maktabi, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Har yili minglab bitiruvchilar maktablarni oltin, kumush medallar bilan yakunlamoqda. Oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yigit-qizlar uchun Prezident granti joriy etildi. Imtiyozli taʼlim kreditlari ajratilib, xalqaro taʼlim dasturlari boʻyicha eng yuqori ballarni toʻplagan iqtidorli yoshlarga alohida eʼtibor berilmoqda. Yosh olimlar uchun tanlovlar, grant mablagʻlar, startap loyihalar, oliy oʻquv yurtlariga oʻqishni koʻchirishdagi oʻzgarishlar, qulay test jarayonlari, bir vaqtning oʻzida 5 ta OTMda bilimini sinab koʻrish imkoniyati yaratilmoqda.  

Xoʻsh, yoshlarning bilimi, maʼnaviyati va dunyo­qarashini yuksaltiruvchi muhim manba nima? Buyuk shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy yozganidek, «Kitob – beminnat ustoz, bilim va maʼnaviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbai» hisoblanadi.

Kitob nafaqat bilim va maʼnaviy quvvat berib, insonni komillikka yetaklaydi, balki hayot qoidalari, yashash sanʼatini oʻrgatuvchi mayoqdir. Kitob oʻqigan inson oʻzining asosli mulohazasi, bilimi, yuksak tafakkuri, dunyoqarashi kengligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bundan koʻrinadiki, insonning bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli yetuk shaxs sifatida jamiyatda oʻz oʻrnini topishi va, albatta, baxtli boʻlishida kitob beminnat doʻstdir. 

Kelajak avlod taqdiri haqida qaygʻurgan maʼrifatparvar jadid bobomiz Abdurauf Fitrat «Agar dinga, Vatanga, molgʻa, jongʻa, avlodga muhabbatingiz boʻlsa, agar dinning xalos boʻlishi, shariatning rivoji, Vatan obodligi, avlodning tinchligi, yaxshi nom qoldirishning chorasini xohlasangiz, sizning ilojingiz, avvalo, kasbi maorifdir. Qobiliyatlilarni tahsil uchun oʻqishga yuboring», deya bildirgan fikrida millat va Vatan kelajagi, yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qanchalar kuyunchaklik bilan yondashganini koʻrishimiz mumkin. Va bu qarashning qiymati, oradan qancha yillar oʻtsa-da, oʻz ahamiyatini yoʻqotmay kelmoqda. 

Mustaqil fikrini baralla ifodalay oladigan, zamonaviy ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallagan, oʻz yurti, xalqiga fidoyi, ajdodlari boshlagan xayrli ishlarni davom ettirishga qodir bu avlod ong-u tafakkurini yoritgan maʼrifat nurlari, ularning kelajagi, ertasini nurafshon aylab, millat faxriga aylanishiga asos boʻlishiga shubhamiz yoʻq. Bunda ular davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, «... odamzod hayotda munosib oʻrin topishi, el-yurtning hurmati va eʼtiboriga sazovor boʻlishi uchun milliy va umuminsoniy qadriyatlarni egallab, doimo oldinga intilib yashashi, izlanish va oʻrganishdan aslo toʻxtamasligi kerak».

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,

 oʻz muxbirimiz.