Navoiy viloyati Karmana tumanida ham “Maʼnaviyat marshrutlari” loyihasi doirasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Loyiha boshlangandan buyon tuman IIB xodimlari sayohat qilish barobarida madaniy hordiq chiqarishdi. Shuningdek, kitobxonlik tadbirlari va intellektual oʻyinlar davomida bilimlarini mustahkamladilar, zakovatlari charxlandi.  

Karmana tumani qadimiy tarixga ega. Mazkur tumanda Qosim shayx, Xoja Orif Deggaroniy, mir Sayid Bahrom hamda Raboti Malik meʼmoriy majmualari mavjud. Osoyishtalik posbonlari marshrut yoʻnalishi boʻyicha Xoja Orif Deggaroniy manzilida boʻlishdi. Masjid imomi mashhur avliyoning hayoti haqida soʻzlab berdi. Soʻng Qurʼon tilovat qilindi. 

Yana bir guruh xodimlar esa Sardoba tomon yoʻl olishdi. Bu yerda yillar davomida suvning toza va tiniq saqlanishidan hayratga tushishdi, meʼmor ustalar mahorati va Buyuk ipak yoʻli tarixi bilan tanishdilar.

– Mamlakatimiz kundan-kunga chiroy ochib, obod boʻlayotgani zamirida ajdodlarimizning zakovati mujassamligini mana shu yerda ham koʻrishimiz mumkin. Ularga munosib boʻlish, xalqimiz tinchligi va farovonligini taʼminlash uchun bor kuchimizni safarbar qilsak arziydi, – deydi tuman IIB boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, mayor Sherzod Abdullaev.

Shuningdek, xodimlar Karmana tumani kutubxonasida ham boʻlib, otashin shoir va mohir tarjimon Usmon Nosir hayoti hamda ijodiga bagʻishlangan badiiy kechada ishtirok etishdi. Tadbir bahonasida tumanning yosh ijodkorlari va koʻzga koʻringan shoirlari bilan yaqindan tanishishdi. 

Albatta, bu kabi maʼrifiy tadbirlar hali yakuniga yetmagan. Chunki “Maʼnaviyat marshruti”da koʻhna va navqiron Samarqand shahriga hamda Nurota ziyoratgohiga tashriflar, shuningdek, aqlni charxlovchi koʻrik-tanlovlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. 

Mahliyo XOLOVA,

“Postda” muxbiri.

Navoiy viloyati.