Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Soʻnggi yillarda yurtimizda taʼlimga, shu soha fidoyilari boʻlgan oʻqituvchi va murabbiylarga eʼtibor oshmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 30 sentabrda Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida taʼkidlaganidek, «darhaqiqat, millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi... Bugun har bir oʻqituvchi va tarbiyachi, oliygoh domlasi taʼlim va ilm-fan sohasidagi eng soʻnggi ijobiy yangiliklarni oʻquv jarayonlariga tatbiq eta oladigan, chuqur bilim va dunyoqarash egasi, bir soʻz bilan aytganda, zamonamiz va jamiyatimizning eng ilgʻor vakillari boʻlishlari kerak. Bunday ustozlar qoʻlida taʼlim olgan farzandlarimiz biz orzu qilgan Oʻzbekistonning yorugʻ kelajagini bunyod etishga qodir avlod boʻlib kamol topadi».
Har bir inson dastlabki taʼlim-tarbiya, kasb-hunarni oilasida oʻrganar ekan, birinchi ustozi uning ota-onasidir. Farzandni odob-axloqqa oʻrgatish, madaniyatli, maʼnaviyatli qilib voyaga yetkazish, uning kelajagiga zamin yaratish masalasi ota-ona zimmasida ekanligini azaldan faylasuf va mutafakkirlar taʼkidlab kelishgan.
Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim muassasalari tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani ham bejiz emas. Chunki ular bolalarni maktabga har jihatdan tayyorlaydigan maskanlardir. Shu maʼnoda, tarbiyachilar ham, ustozlar kabi hurmat-ehtiromga loyiq.
Har qaysi davlatning ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyoti, tamadduni yosh avlodning ustozlardan zamonaviy ilm, kasb-hunar egallashiga bogʻliq. Oʻqituvchilik, murabbiylikni kasb qilib olgan insonlar oʻz yurtining eng moʻʼtabar ziyolilari hisoblanadi. Maktabda puxta bilim olgan oʻquvchilar kelajakda oʻzlari tanlagan sohaning yetuk, malakali mutaxassislari boʻlib yetishadi. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, «Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi».
Buyuk faylasuf Aflotunning «...Farzandlaringizning ilm va adabini oʻzingizning ilm va adabingiz bilan cheklamang, ularni kelgusi zamon uchun tayyorlang, chunki ular sizning zamonangizga tegishli emas, kelgusi zamon odamlaridir», degan hikmatli oʻgiti hozirgi davrda ham ota-onalar, murabbiylar uchun qimmatli koʻrsatmadir.
Sharqda «Muallimi Soniy», yaʼni «Ikkinchi muallim» mavqeida tanilgan ulugʻ mutafakkir Abu Nasr Forobiy «Baxt-saodatga erishuv haqida risola» asarida taʼkidlaganidek, «...taʼlim faqat soʻz va oʻrganish bilangina boʻladi. Tarbiya esa amaliy ish, tajriba bilan, yaʼni shu xalq, shu millatning amaliy malakalardan iborat boʻlgan ish-harakat, kasb-hunarga berilgan boʻlishi, oʻrganishidir».
Sharqda qadimdan ustozlarga hurmat va ehtirom yuqori boʻlgan. Sohibqiron Amir Temur oʻzini ustozi va piri Mir Sayyid Barakaning oyoq tomoniga dafn etishlarini vasiyat qilgan. Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy» dostonida Iskandardan «Nima uchun ustozingizni nihoyatda ulugʻlaysiz? deb soʻrashganida, «Ota-onam dunyoga kelishim va yerga tushishimga sababchi boʻlsalar, ustozimning taʼlim-tarbiyasi tufayli shunday ulugʻlikka erishdim», deya javob qaytaradi.
Millat fidoyisi boʻlgan Mahmudxoʻja Behbudiy ilmsizlik, madaniy- maʼrifiy qoloqlik, savodsizlik, xurofot, bidʼat taʼsirida boʻlish millatning koʻzini koʻr, qulogʻini kar etib, oyoq-qoʻlini bogʻlab qoʻyuvchi kishan, ofatdir, deydi. Bunday ahvolda boʻlgan xalq va millatning baxti doimo qaro boʻladi, jahon tarixiy taraqqiyotining eng oxirgi saflarida qolib ketaveradi, deb kuyunadi. U xalqdan mablagʻ yigʻib, oʻqishga, ilmga, ragʻbati boʻlgan, ammo ota-onasining qurbi yetmaydigan Turkiston yoshlarini chet el dorilfununlarida oʻqitib, millatning rivoji va istiqboli uchun zarur boʻlgan muhandis va muallimlarga, Yevropa bozorlarida savdo-sotiq qiladigan, xorijiy tillarni biladigan mutaxassislarga ega boʻlishga daʼvat etadi.
Oʻzbek maʼrifatparvarlaridan Abdulla Avloniy «Turkiy guliston yoxud axloq» asarida «...Ilm inson uchun gʻoyat oliy va muqaddas bir fazilatdur. Zeroki, ilm bizga oʻz ahvolimizni, harakotimizni oyina kabi koʻrsatur. Savobni gunohdan, halolni haromdan, tozani murdordan ayurib berur. Toʻgʻri yoʻlga rahnomolik qilub, dunyo va oxiratda maʼsud boʻlishimizga sabab boʻlur. Ilmsiz inson mevasiz daraxat kabidur... Ilmning foydasi shu qadar koʻpdurki, taʼrif qilgʻon birlan ado qilmak mumkin emasdur. Bizlarni jaholat qorongʻuligʻidan qutqarar. Madaniyat, insoniyat, maʼrifat dunyosiga chiqarur, yomon feʼllardan, buzugʻ ishlardan qaytarur yaxshi xulq va odob sohibi qilur...», deydi. Bu ilmu maʼrifatni tarqatuvchilar esa, avvalambor, ustoz-muallimlardir.
Hozirgi kunda yurtimizda taʼlim sohasida faoliyat koʻrsatayotgan xodimlar orasida «Oʻzbekiston Qahramoni» unvoniga sazovor boʻlganlar ham bor. Qanchadan-qancha soha fidoyilari «Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi», «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi», «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi», «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sport ustozi» singari faxriy unvonlar bilan taqdirlangan. Koʻplab ustoz va murabbiylarning koʻksini «El-yurt hurmati», «Fidokorona xizmatlari uchun», «Mehnat shuhrati», «Sogʻlom avlod uchun», «Doʻstlik» ordenlari, «Shuhrat» medali bezab turibdi. Bularning barchasi ularning zahmatli mehnati davlatimiz tomonidan munosib baholanayotganidan darakdir.
Globallashuv davri xalqlarning, davlatlarning, milliy madaniyat va iqtisodiyotlarning integratsiyasi, ularning rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlardan ijodiy foydalanishni taqozo etmoqda. Bunday sharoitda yurtimizning nafaqat ustoz va murabbiylari, har bir oilada ota-onalarning vazifasi – oʻz millatining raqobatbardoshligini koʻtarish yurtimiz fuqarolari, ayniqsa, yoshlar ilmli, maʼrifatli, kasb-hunarli, mustaqil fikrga ega boʻlsalar, biz hech kimdan kam boʻlmaymiz.
Buning uchun, birinchi navbatda, oʻqituvchi va murabbiylar muttasil oʻz ustlarida ishlashlari, doim oʻz bilimlarini boyitib, kasbiy mahoratlarini oshirib borishlari zarur. Bu esa yosh avlodni barkamol shaxslar sifatida shakllantirishi, mamlakat taraqqiyotini taʼminlashning eng muhim omillaridan biridir.
Aytmoqchi boʻlgan fikrlarimni umumlashtirishga chogʻlangan edimki, Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning ustozlarni madh etgan quyidagi satrlari xotiramda jonlandi:
Sizning taʼlimingiz olmagan kim bor,
Siz-ku yuraklarda ilk ziyo yoqqan.
Olimmi, shoirmi va yo sanʼatkor –
Ilk bor sizga tomon ustoz deb boqqan.
Bitta harf dardida riyozat chekib,
Oqibat koʻkka ham chiqolgan inson.
Ne ajab sizlarni baxtiyor etib,
Oʻrnidan dast turib, bosh egsa shu on.
Buyuk Alisherbek lutf etgan misol,
Savod oʻrgatdingiz qancha ranj bilan.
Qoplab boʻlarmikan bu qarzni alhol,
Uzib boʻlarmikan yuzta ganj bilan.
Akram AKMALOV,
pedagogika fanlari nomzodi, dotsent,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan
xalq taʼlimi xodimi.
