Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
MILLIY MUSTAQILLIK – YANGI OʻZBEKISTONNING MUSTAHKAM ASOSIDIR
Oradan yillar, asrlar oʻtadi. Lekin milliy davlatchiligimizni, oʻzligimiz va insoniy haq-huquqlarimizni tiklab bergan, barcha yutuq va marralarimizning zamini boʻlgan Mustaqillik kuni biz uchun, kelgusi avlodlarimiz uchun doimo eng ulugʻ, eng aziz bayram boʻlib qoladi.
Shavkat MIRZIYOYEV
Biz oʻttiz uch yillik toʻyini nishonlash arafasida turgan buyuk va bebaho neʼmat – mustaqillikning milliy taraqqiyotimiz, bugungi va kelgusi avlodlar taqdiri, kelajagi uchun beqiyos ahamiyati yillar oʻtishi bilan tobora ortib bormoqda. Yangi Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini taʼminlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori boʻlib kelmoqda.
Mustaqillik qadrini begona bir xalq qoʻlida mute boʻlib yashagan odamlardan soʻragan yaxshiroq. Hozir ham millionlab nufuzga ega xalqlar borki, oʻz davlatini qura olmaydi, boshqa bir titul xalqlar davlatida ikkinchi darajali, hatto mayda millat, deya hisoblanib yashaydi. Sport musobaqalarida oʻz bayrogʻi ostida maydonga chiqa olmaydi. Xalqaro munosabatlarda boshqa davlatlar bilan bevosita muloqot qila olmaydi. Eng achinarlisi, oʻz yeridagi yer osti va yer usti boyliklariga oʻzi egalik qila olmaydi. Oʻz ona tilida gapira olmaydi. Katta xalq tilini oʻrganishga, shu xalq madaniyatini ulugʻlashga majbur boʻladi. Oʻz tarixini unutishga yoki katta ogʻa aytgan yoʻsinda tasvirlashga majbur boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, mustaqillik bu ozodlik va erkinlik deganidir.
Maʼlumki, mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini qurishga, erkin bozor munosabatlariga va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishga, xalq osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, xalqaro maydonda Yangi Oʻzbekistonning munosib oʻrin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida qanday voqealar boʻlib turganidan barchamiz xabardormiz. Notinch vaziyat tufayli insonlar aziyat chekmoqda. Ana shunday bir sharoitda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etadi, desak, aslo yanglishmaymiz.
Bugun yurtimizning barcha goʻshalarida «Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» degan bosh gʻoya tantanasi jaranglamoqda. Joylardagi sayllarda, tadbirlarda, davra suhbatlarida bu gʻoya faxrlanib, koʻtarinki ovoz bilan zikr qilinmoqda, qalblarga ruh baxsh etmoqda. Zero, Vatandan azizroq makon yoʻq bu dunyoda. Yer yuzida Yangi Oʻzbekistonimiz – yakka-yu yagona, biz u bilan har qancha faxr-iftixor qilsak kam. Bunga uning boy oʻtmishi ham, ravnaq topayotgan buguni ham, porloq kelajagi ham toʻla asos boʻladi.
Ushbu gʻoya zamirida xalqimizning birligi, jipsligi, hamfikr va jonkuyarligi, el-u yurt shaʼni va osoyishtaligi yoʻlidagi birdamligi kabi ezgu maʼno-mazmun mujassam.
Darhaqiqat, birdamlik boʻlgan joyda yuksalish, oldinga siljish, yuksak marralar boʻy koʻrsatadi. Dono xalqimizning «Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar» degan maqoli ham aynan shu mazmunda aytilgan purhikmat topilmadir. Xuddi shu kabi birlashgan el-ulus bir xalq, bir Vatan boʻlib, koʻzlangan eng yuqori pogʻonalarga chiqishga erishadi. Dunyoning rivojlangan davlatlari qatoridan oʻrin olish, xalqning eng baxtiyor, osoyishta el sifatida yashashiga erishish, inson qadr-qimmatini yuksaltirish, intellektual salohiyati yuksak avlodni kamolga yetkazish bugungi islohotlarning asl mazmunidir.
Mustaqillik, bu yilda bir marta, faqat mustaqillik bayramida emas, har kuni, har soat fikr yuritiladigan, har dam shukr qilinadigan, qadri, sharafi, bardavomligi koʻz qorachigʻidek asrab-avaylanadigan bebaho neʼmatdir. Uning sharofati bilan ijtimoiy, maʼnaviy va diniy qadriyatlarning qaytadan tiklanishi va rivojlanishi uchun keng yoʻl ochildi. Mustaqillik bizga oʻzligimizni qaytardi. Mustaqillik bizga din-u diyonatimizni qaytardi. Mustaqillik – erkin eʼtiqod va ibodatlarimizni qaytardi.
Soʻnggi yillarda Prezidentimizning farmoni bilan tasdiqlangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan vazifalar, xususan, inson qadrini ulugʻlash, har kimning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Inson qadri degani, sodda qilib aytganda, insonni ulugʻlash va insonlar oʻrtasidagi oʻzaro mehr-muhabbatni qadrlash deganidir. «Inson qadri» tushunchasi – insonning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari har tomonlama taʼminlanishini ham oʻzida qamraydi.
Ayniqsa, Oʻzbekiston birinchi marta BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga saylangani bu sohadagi amaliy faoliyatimizning yuksak eʼtirofi boʻldi. 2021-yil 1-yanvardan buyon mamlakatimiz BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosi sifatida faol va samarali faoliyat olib bormoqda.
Dunyodagi hech bir mamlakatda soʻnggi yillarda Oʻzbekistondagi kabi keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmagan. Toshkentning yaxshi qoʻshnichilik siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari ilk bor bugungi kunda dolzarb boʻlgan mintaqaviy masalalarni ochiq va samimiy muhokama qila boshladi.
Joriy yilning 9-avgust kuni Ostona shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvi va unda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan gʻoyalar ham fikrimizning yaqqol dalilidir.
Mustaqillik tufayli mamlakatimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatga, xalqaro huquqning toʻlaqonli subyektiga aylangani rost. Buning uchun oʻtgan yillar davomida barcha sohada birdek olib borilgan amaliy saʼy-harakatlar oʻz samarasini bermoqda.
Eng muhimi, bugun istiqlolimiz sharofati bilan erishayotganlarimiz xalqaro maydonda tan olinib, eʼtirof etilmoqda. Koʻplab xalqaro reyting va indekslarda mamlakatimiz nomi yuqori oʻrinlarda qayd etilayotgani quvonarlidir.
Bundan keyin ham bir boʻlib, birdamlikda, yagona xalq sifatida harakat qilsak, albatta, eng yuksak choʻqqilarni zabt etajakmiz. Vatanimiz mustaqilligi shahdam odimlarimizga, shiddatli harakatlarimizga kuch va mayoq boʻlib qolaversin!
Oʻz muxbirimiz.
