Yurtimizda qadimiy obidalar, asori atiqalar bisyor. Ularni tomosha qilish uchun har yili dunyoning turli davlatlaridan koʻplab sayyohlar tashrif buyurmoqda. Ana shunday muqaddas qadamjolardan biri Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli tumanidagi Mizdakxan majmuasi hisoblanadi.
Joriy yilning oktabr oyida AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan ajratilgan 80 ming dollar miqdoridagi grant hisobidan mazkur majmuada joylashgan «Yerejep xalifa» madrasasining sirtqi fasadini qayta taʼmirlash ishlari yakunlandi. Hozirda madrasa yonida uning tarixi toʻgʻrisida maʼlumot beruvchi interaktiv doska oʻrnatilgan. Sayyohlarga mobil qurilmalari yordamida ushbu doskadan zarur axborotlar olish imkoniyati yaratilgan.
Maʼlumot tariqasida aytadigan boʻlsak, Mizdakxan majmuasi Xoʻjayli tumanining gʻarbiy tomonida Koʻhna Urganchga olib boradigan yoʻl boʻyida joylashgan. Uning maydoni qariyb 200 gektardan ortiqdir. Tarixchi-olimlarning taʼkidlashicha, qadimiy Mizdakxan qalʼasining paydo boʻlishi miloddan avvalgi IV–III asrlarga toʻgʻri keladi. IX–XI asrlarga kelib qalʼa yangidan qurilib, mustahkam devor bilan oʻraladi. Bu davrga tegishli boʻlgan qabrlar aholi orasida islom dinining keng tarqalganini koʻrsatadi. XIII asrda moʻgʻullarning Xorazmga bostirib kelishi oqibatida shaharda hayot vaqtinchalik toʻxtab qolgan. Oradan muayyan vaqt oʻtgach shahar yangidan qad koʻtaradi. Albatta, qalʼaning aholi uchun qulay maydonda joylashganligi sababli bu yerda yana yangi qalʼa qurilishi amalga oshiriladi.
Xalq orasida keng tarqalgan afsonalarga koʻra, «Yerejep xalifa» madrasasi yonida Qiyomat soati joylashgan. Mazkur soat madrasa devorlaridan qulagan har bir gʻishtni hisoblab boradi. Naql qilishlaricha, eng oxirgi gʻisht qulaganidan soʻng Yer yuzida tiriklik toʻxtar ekan. Shu sababli bu yerga kelgan ziyoratchilar qulab tushgan gʻishtlardan yettitasini taxlab, shu tariqa dunyodagi tiriklikning vaqtini uzaytirishga hissa qoʻshishar ekan. Albatta, bu afsona. Lekin shunday tarixiy yodgorlikning aynan bizning yurtimizda barpo etilgani uchun barchamiz ajdodlarimiz tarixi bilan faxrlanishga haqlimiz.
Azamat PIRNIYAZOV,
oʻz muxbirimiz.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi.
