Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Tafakkur mustaqilligining belgilaridan biri tashabbuskorlik boʻlib, u insonning oʻz oldiga aniq maqsad va muddaolar qoʻyish, ularni amalga oshirish yoʻlidagi muammolar yechimini topish, nihoyasiga yetkazish uchun zarur boʻlgan usul va vositalarni belgilashida namoyon boʻladi.
Mustaqil tafakkurga ega boʻlmagan kishi tayyor qarashlar asiriga aylanadi va ularda tafakkurning oʻsishi oʻzining tabiiy darajasidan orqada qoladi. Tafakkur qaramligi jamiyat rivojiga, millat taraqqiyotiga toʻsiq boʻladi. Shuning uchun ham fikrning mustaqilligi uning sermahsulligi, samaradorligini taʼminlaydi. Inson tomonidan muayyan vaqt ichida, muayyan soha uchun qimmatli va yangi fikrlar, gʻoyalar, tavsiyalar yaratgan, nazariy va amaliy vazifalarni hal qilgan kishining tafakkuri sermahsul va samarali sanaladi.
Demak, muayyan vaqt oraligʻida mustaqil ravishda bajarilgan ish koʻlami va sifati tafakkur mustaqilligining oʻlchovi boʻlib xizmat qiladi. Zero, tafakkur mustaqilligiga erishish, yaʼni mustaqil fikr sohiblarini tarbiyalash va shakllantirish bugungi milliy taraqqiyotning muhim maʼnaviy omillaridan biri hisoblanadi.
Zamonaviy dunyo bugungi kunda uchta global muammo bilan shugʻullanadi: insoniyatning sivilizatsiya sifatida saqlanib qolishi, insonni asrab-avaylash hamda uni rivojlantirish va tarbiyalash. Bashariyat yangi asrga qadam qoʻyishi bilan zamon talablari, odamlarning yashash tarzi, shart-sharoitlari, vaqt tushunchasi boʻyicha qarashlari, ularni qurshab turgan axborot hududi yangi bosqichga chiqdi. Insoniyat atrofidagi hayot omillariga yanada talabchanlik, onglilik va tafakkur bilan yondasha boshladi. Shu bilan birga, har soniyada oʻzgarib borayotgan zamon talablari insoniyatdan mobillashish, intensivlashish va integratsiyalashish, axborotni qabul qilish hamda uni yashab turgan davrimiz tendensiyalariga mos va xos tarzda qayta ishlash malakalarini taqozo etmoqda.
Ogohlik, daxldorlik, oʻzlikni anglash, gʻoyaviy kurashchanlik har bir ozod shaxs va erkin fuqaro uchun zarurdir. Bugungi yoshlar turli makonlardan taralayotgan muayyan kuchlarning manfaatlariga xizmat qiladigan har xil maʼno-mazmundagi gʻoyaviy taʼsirlar girdobida yashaydi. Axborot asri, internet asri, informatsion texnologiyalar asri deb nom olgan ayni davrda bunday taʼsirlardan xoli boʻlish dolzarb muammodir. Shunday ekan, davr har bir yoshning fikri va sobit eʼtiqodiga, mustaqil tafakkuri va mustahkam irodasiga ega boʻlishini taqozo etadi. Gʻoyaviy tahdidlar kuchaygan hozirgi sharoitda milliy ong, milliy oʻzlikni anglash, milliy maʼnaviy meros xavfsizligi masalalariga alohida eʼtibor qaratish zarur omillardandir.
Demak, hozirgi yoshlar nima yaxshi yoki nima yomon ekanligini ajrata bilishi darkor. Yaʼni, axborotni tanlash va undan unumli, toʻgʻri foydalanish insonning ong va tafakkur darajasiga bogʻliq. Hozirgi paytda yoshlarning internetdan toʻgʻri foydalanishiga erishmogʻimiz lozim.
Mamlakatimizda Internet tarmogʻini milliy maʼlumotlar bilan toʻldirish ham bugungi kunning eng dolzarb vazifasidir. Agar biz yoshlarda axborot olish madaniyatini shakllantirsak, axborot xurujiga qarshi immunitetni kuchaytirgan boʻlamiz.
Bashariyat raqamlashuv, mobillashuv, sohalarga sunʼiy intellektning joriy etilishi bilan bogʻliq muhim davrni boshdan kechirmoqda. Hozir dunyo yalpi ichki mahsulot(YIM)ning qariyb chorak qismi raqamli sektorga toʻgʻri kelishi prognoz qilinayotgan bir zamonda yashayapmiz. Biz bejiz sunʼiy intellektni tilga olmadik, sababi u inson tafakkuri, ongi bilan raqobatga kirishmoqda. Insoniyatning oʻziga xos xususiyatlaridan biri hissiy intellekt – oʻzimizdagi va boshqalardagi his-tuygʻularni tushunish va boshqarish qobiliyati. Tuygʻular inson tajribasining asosiy jihati boʻlib, bizning munosabatlarimizni, qaror qabul qilish jarayonlarini va umumiy farovonligimizni shakllantiradi. Biroq sunʼiy intellekt hissiyotlarga befarq, nozik insoniy his-tuygʻularni tushunishga qodir emas.
Sunʼiy intellekt tizimlari yanada murakkablashgani sayin avtonomiya va javobgarlik bilan bogʻliq muammolar birinchi oʻringa chiqadi. Ushbu tizimlarda hissiy tushuncha va subyektiv fikrlashning yetishmasligi kutilmagan holatlarga duchor boʻlganda, halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, javobgarlik masalasi jiddiy muammo tugʻdiradi. Agar sunʼiy intellekt tizimi zararga olib keladigan qaror qabul qilsa, javobgarlikni kim oʻz zimmasiga oladi? Odamlardan farqli oʻlaroq, mashinalar axloqiy vakolatga yoki masʼuliyat tuygʻusiga ega emas, bu ularning xatti-harakatlarining oqibatlari uchun javobgarlikni murakkablashtiradi. Zero, texnologik taraqqiyotga intilishda sunʼiy intellektning integratsiyasiga aqlli va ehtiyotkor fikrlash bilan yondashish juda muhim. Sunʼiy intellekt samaradorlikni oshirish va murakkab muammolarni hal qilish uchun ulkan salohiyatga ega boʻlsa-da, u odamlarni insonga aylantiradigan noyob fazilatlarning oʻrnini bosa olmaydi.
Sunʼiy intellektning xavf-xatarlari uning cheklovlarida, haqiqiy his-tuygʻularning yoʻqligida, inson xatti-harakatlarining murakkabligini anglay olmaslikda va mashina mulohazalarining notoʻgʻriligidadir. Rivojlanayotgan sunʼiy intellekt landshaftini kezarkanmiz, texnologiyaning afzalliklaridan foydalanish va insoniyligimizni belgilaydigan oʻzgarmas fazilatlarni asrab qolish oʻrtasidagi muvozanatni saqlash juda muhim.
Yana bir muhim masala. XXI asrda ijtimoiy tarmoqlar shu darajada ommalashdiki, bu, oʻz navbatida, hatto inson tafakkuriga oʻz taʼsirini oʻtkaza olish darajasiga chiqib ulgurdi. Hozirgi vaqtda koʻp sonli odamlarni zombiga aylantirgan ijtimoiy tarmoqlardan uzoqlasha olmaslik xastaligi yanada koʻproq zarar keltiradi. Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik yaxshilikka olib kelmasligi haqida juda koʻp tadqiqotlar olib borilgan. Amerika pediatrlar akademiyasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bolalar va oʻsmirlar sogʻligʻida salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantiradi. Biroq barcha yoshdagi katta kishilar uchun ham aynan shunday xavf mavjud. Statistik maʼlumotlarga koʻra, kuniga ikki soatdan koʻp vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazuvchi oʻsmirlar internetga 30 daqiqadan kam vaqt sarflovchi tengdoshlariga qaraganda yolgʻizlikdan ikki barobar koʻp aziyat chekishar ekan.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash lozimki, inson axborot isteʼmolchisi sifatida har qanday zararli kontentlar, buzgʻunchi, yot gʻoyalarga oʻz tafakkuri orqali qarshi tura olishi lozim.
Abror POYONOV,
oʻz muxbirimiz.
